4-ma’ruza. O‘lchash usullari va vositalari.
Reja.
4.1. O‘lchashlarning usullari va turlari.
4.2. O‘lchash vositalari va ularning turlari.
Tayanch so‘zlar: o‘lchash ob’ekti, o‘lchash usuli, o‘lchash vositasi, o‘lchov, o‘lchash asbobi.
4.1. O‘lchashlarning usullari va turlari
Kattalikning sonli qiymatini odatda o‘lchash amali bilangina topish mumkin, ya’ni bunda ushbu kattalik miqdori birga teng deb qabul qilingan shu turdagi kattalikdan necha marta katta yoki kichik ekanligi aniqlanadi.
O‘lchash deb, shunday solishtirish, anglash, aniqlash jarayoniga aytiladiki, unda o‘lchanadigan kattalik fizik eksperiment yordamida, xuddi shu turdagi, birlik sifatida qabul qilingan miqdori bilan o‘zaro solishtiriladi.
Bu ta’rifdan shunday xulosaga kelish mumkinki: birinchidan, o‘lchash bu har xil kattaliklar to‘g‘risida informatsiya hosil qilishdir; ikkinchidan, bu fizik eksperimentdir; uchinchidan - o‘lchash jarayonida o‘lchanadigan kattalikning o‘lchov birligining ishlatilishidir. Demak, o‘lchashdan maqsad, o‘lchanadigan kattalik bilan uning o‘lchov birligi sifatida qabul qilingan miqdori orasidagi (tafovutni) nisbatni topishdir. Ya’ni, o‘lchash jarayonida o‘lchashdan ko‘zda tutiladigan maqsad, ya’ni izlanuvchi kattalik (bu shunday asosiy kattalikki uni aniqlash butun izlanishni, tekshirishni vazifasi, maqsadi hisoblanadi) va o‘lchash ob’ekti ishtirok etadi. O‘lchash ob’ekti (o‘lchanadigan kattalik) shunday yordamchi kattalikki, uning yordamida asosiy izlanuvchi kattalik aniqlanadi, yoki bu shunday qurilmaki, uning yordamida o‘lchanadigan kattalik solishtiriladi.
Shunday qilib, uchta tushunchani bir-biridan ajrata bilish kerak; o‘lchash, o‘lchash jarayoni va o‘lchash usuli.
O‘lchash - bu umuman har xil kattaliklar to‘g‘risida informatsiya qabul qilish, o‘zgartirish demakdir. Bundan maqsad izlanayotgan kattalikni son qiymatini qo‘llash, ishlatish uchun qulay formada aniqlashdir.
O‘lchash jarayoni - bu solishtirish eksperimentini o‘tkazish jarayonidir (solishtirish qanday usulda bo‘lmasin).
O‘lchash usuli esa - bu fizik eksperimentning aniq ma’lum struktura yordamida, o‘lchash vositalari yordamida va eksperiment o‘tkazishning aniq yo‘li, algoritmi yordamida bajarilishi, amalga oshirilishi usulidir.
O‘lchash odatda o‘lchashdan ko‘zlangan maqsadni (izlanayotgan kattalikni) aniqlashdan boshlanadi, keyin esa shu kattalikning xarakterini analiz qilish asosida bevosita o‘lchash ob’ekti (o‘lchanadigan kattalik) aniqlanadi. O‘lchash jaraeni yordamida esa shu o‘lchash ob’ekti to‘g‘risida informatsiya hosil qilinadi va nihoyat ba’zi matematik qayta ishlash yo‘li bilan o‘lchash maqsadi haqida yoki izlanayotgan kattalik haqida informatsiya (o‘lchash natijasi) olinadi.
O‘lchash natijasi - o‘lchanayotgan kattalikning son qiymatini o‘lchash birligiga ko‘paytmasi tariqasida ifodalanadi.
Dostları ilə paylaş: |