Takrorlash uchun savollar. 1. Muntazam xatoliklarni kamaytirishda qanday usullardan foydalanamiz?
2. Nima sababdan faqat tasodifiy xatoliklarni baholanadi?
3. Matematik kutilish va dispersiya nima?
4. Ehtimoliy xatolik nima va u qanday topiladi?
5. Styudent koeffitsienti qanday tanlanadi?
7-ma’ruza. O‘lchashlar noaniqligi.
Reja.
7.1. O‘lchash noaniqligi bo‘yicha atamalar va ta’riflar.
7.2. O‘lchash noaniqligini baholash.
7.3. O‘lchanayotgan kattalikning tasvirlanishi. Noaniqlik manbalarining namoyon bo‘lishi.
7.4. Noaniqlikni taqdim etish.
7.5. Standart namunalar noaniqligi.
7.1. O‘lchash noaniqligi bo‘yicha atamalar va ta’riflar
Atamalar va ta’riflar. O'z Dst 8.010.1, O'z DSt 8.010.2, O’z DSt 8.010.3, O'zDSt 8.010.4 ga muvofiq o‘lchashlar noaniqligi bo‘yicha quyidagi atamalar va tushunchalar qo‘llaniladi:
o‘lchashlar noaniqligi: o‘lchash natijalari bilan bog‘liq bo‘lgan va o‘lchanayotgan kattalikka yetarli asos bilan qo‘shib yozilishi mumkin bo‘lgan qiymatlar tarqoqligini (sochilishini) tavsiflovchi parametr.
Izohlar 1. Parametr, masalan, standart og‘ish (yoki unga karrali son) yoki ishonch intervali (oralig‘i) kengligi bo‘lishi mumkin.
2. O‘lchash noaniqligi odatda ko‘plab tashkil etuvchilarni o‘z ichiga oladi. Bu tashkil etuvchilarning ba’zilari qator o‘lchashlar natijalarining statistik taqsimlanishidan baholanishi mumkin va eksperimental standart og‘ishlar bilan tavsiflanishi mumkin. Standart og‘ishlar bilan tavsiflanishi mumkin bo‘lgan boshqa tashkil etuvchilar ham tajribaga yoki boshqa axborotlarga asoslangan ehtimolliklarning taxmin qilingan taqsimlanishidan baholanadi.
3. Shubhasiz, o‘lchash natijasi o‘lchanayotgan kattalik qiymatining eng yaxshi bahosi bo‘lib hisoblanadi va tuzatishlar va taqqoslash etalonlari bilan bog‘liq bo‘lgan, tartibli (sistematik) ta’sirlardan yuzaga keladigan tashkil etuvchilarni o‘z ichiga olgan holda noaniqlikning tashkil etuvchilari dispersiyaga hissa qo‘shadi.