Buxgalteriya hisobini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar: O’zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to’g’risida” gi qonuni.
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari.
Hisob haqida tushuncha Mamlakatimizdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliya va xo‘jalik faoliyatini to’liq aks ettirish uchun bir nechta hisob turlaridan foydalaniladi. Shulardan asosiylari:
Operativ hisob
Statistik hisob
Buxgalteriya hisobi
Operativ hisob rejalarning bajarilishini nazorat qilish va ishlab chiqarishga tezkor rahbarlikni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kundalik ma’lumotlarni olish va umumlashtirishga xizmat qiladi. U tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga egadir. Operativ hisob yordamida korxona resurslari va ular miqdorining o‘zgarishini joriy tartibda kuzatish, buxgalterlik va statistik hisobda aks ettirilmaydigan qator ma’lumotlarni ko‘rsatish mumkin. Masalan, ishlab chiqarish me’yorlarining bajarilishi, shartnoma majburiyatlarning bajarilishi, mashina va qurilmalardan foydalanish darajasi va hokazolar hisobga olinadi.
Statistik hisob miqdor ko‘rsatkichlarida ifodalanadigan ijtimoiy-ommaviy hodisalarni sifat jihatdan tavsiflab, kuzatish va aks ettirish hamda jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarini o‘rganish tizimidir.
Statistik hisob ishlab chiqaruvchi kuchlar, ishlab chiqarish munosabatlari va ijtimoiy turmushdagi siyosiy va madaniy jarayonlar rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini ochib beradi. Iqtisodiyotni boshqarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish, statistik tahlil qilish va axborotdan foydalanuvchilarga o‘z vaqtida taqdim etish statistik hisobning asosiy vazifasidir. Bu maqsadda statistik hisob buxgalteriya va operativ hisob ma’lumotlaridan foydalanib, shu bilan birga ularning tuzilishiga ham ta’sir etadi.