Olamning paydo bo‘lishi va evolyusiyasi. Notirik tabiat o‘z shakllari va holatlarining son-sanoqsizligi va rang-barangligi bilan aqlni lol qoldiradi. U turli jismlar, predmetlar, zarralar, gazlar, maydonlar, xossalar, hodisalar ko‘rinishida amal qilar ekan, muttasil harakat va o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechiradi.
Dunyoning paydo bo‘lishi va evolyusiyasi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar so‘nggi 400 yil ichida vujudga keldi, galaktikalar va ularning to‘dalari, makro va mikrodunyoning hayratomuz rang-barangligi haqida odamlar XX asrdagina xabar topdilar. Olamning cheksiz bo‘shlig‘i qarshisida bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimiz hozir ham dengizdan bir tomchi bo‘lib tuyuladi. Lekin, shunga qaramay, bugungi kunda biz bilgan va tushungan narsalar butun Olam va uning ayrim qismlari evolyusiyasi va muttasil o‘zgaruvchanligi haqida ancha asosli xulosa chiqarish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, dunyo u yoki bu bosqichda ma’lum narsalar vujudga kelib, o‘z borlig‘ini kasb etadigan va qachondir yo‘q bo‘ladigan, ya’ni o‘zining avvalgi borlig‘ini yo‘qotib, modda va energiyaning saqlanish qonuniga binoan boshqa narsaga aylanadigan muttasil davom etuvchi jarayondir.
Notirik tabiatning hozirda mavjud bo‘lgan butun rang-barangligi o‘z asosiga ega, ya’ni u qachondir vujudga kelgan. Bu fikrni kengayib borayotgan Olam haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar ham tasdiqlaydi. Biroq, olimlar fikriga ko‘ra, biz yashayotgan Olam tarixi boshlanishiga asos bo‘lgan Katta portlash nazariyasi dunyoning mohiyati va uning tuzilishi xususida yangi va yangi masalalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Tabiiy fanlarning ma’lumotlari taxminan 15 milliard yil muqaddam ayrim osmon jismlari mavjud bo‘lmagani, bizning Olam deyarli bir jinsli kengayib borayotgan plazmadan tashkil topganidan dalolat beradi.
Endilikda bir-biridan uzoqlashayotgan galaktikalar tarkibiga kiruvchi yulduzlar, sayyoralar, asteroidlar va boshqa ko‘plab kosmik jismlar mavjud bo‘lib, bu galaktikalarning to‘dalarida vaqti-vaqti bilan fanga ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ulkan tadrijiy va inqilobiy o‘zgarishlar yuz beradi.
Yer tarixi. Ilmiy tasavvurlarga ko‘ra biz yashayotgan sayyora taxminan 4,5 milliard yil muqaddam ilk quyosh sistemasida sochilib yotgan gazsimon-changsimon moddadan paydo bo‘lgan, muayyan moddiy jism sifatida o‘z borlig‘ini kasb etgan, oradan yana bir milliard yilcha vaqt o‘tgach, Yerning geologik tarixi boshlangan. Hozirgi zamon fani aniqlagan eng qadimgi tog‘ jinslarining yoshi shundan dalolat beradi. Shunday qilib, Yer jonsiz tabiatining moddiy dunyosi o‘zining aniq geologik yil hisobiga ega va uning borlig‘i sayyoramizning umumiy evolyusion jarayonlari bilan bog‘liq. Yerning tabiiy kosmik jism sifatidagi evolyusiyasini esa nafaqat tog‘ jinslari yoki qit’alar tarixi, balki minerallar, foydali qazilmalar, keyinroq esa – oliy shakllar darajasigacha rivojlangan jonli mavjudodlarning paydo bo‘lishi ham tasdiqlaydi.
Tabiat notirik (noorganik) va tirik (organik) tabiatga bo‘linadi. Taraqqiyot ularning har ikkalasida ham biroz boshqacharoq shaklda amalga oshadi. Notirik tabiatdagi to‘xtovsiz o‘zgarishlar va taraqqiyot qonuniyatlari tarzida tirik tabiatning, ya’ni sodda va murakkab organizmlarning, o‘simlik va hayvon turlarining vujudga kelishi uchun, organik tabiat esa insonning paydo bo‘lishi uchun barcha zarur shart- sharoitlarni hozirladi. Shunga ko‘ra , hayot - tabiat taraqqiyotining ma’lum bosqichdagi ko‘rinishidir. Jonli tabiat moddiy olamning kichik bir qismini tashkil etgani uchun unga xos bo‘lgan xususiyatlarni jonsiz olamga mexanik ravishda yoyib bo‘lmaydi.
Jonsiz va jonli tabiat sohalari bir-biridan sifat jihatidan farq qilsada bir-biri bilan bog‘liq hamdir. Jonli tabiat azaliy mavjud bo‘lgan emas, balki jonsiz tabiat taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida, ma’lum ob’ektiv sharoitlar asosida vujudga kelgan. Jonli tabiat bilan jonsiz tabiat asosida ham yagona moddiy substansiya - materiya yotadi. Demak, jonli va jonsiz tabiat o‘rtasidagi asosiy bog‘lanish ularning moddiy birligida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Jonli va jonsiz tabiat o‘rtasidagi moddiy birlik ularning kimyoviy tarkibida ham aniq ko‘rinadi. Odam organizmidagi kislorod, uglerod, oltingugurt, azot, kalsiy, fosfor, magnit, natriy, kaliy, xlor, temir singari elementlar notirik tabiatda ham mavjud. Organizmlarni tashkil etuvchi oqsil tarkibida ham shunday elementlar bor.
Jonli tabiat bilan jonsiz tabiat o‘rtasida umumiy tomonlar bilan birga ularning har biriga xos bo‘lgan farqli tomonlari ham mavjud.
Jonli organizmlarning ya’ni Hayotning eng muhim xususiyati - muhit bilan moddalar almashinuvidan, jonli tuzilishlarning buzilishi va yangilarining paydo bo‘lishidan, assimilyatsiya va dissimilyatsiya jarayonlaridan iborat. Ana shular organik jismlar yashashining asosiy shartidir. Hayot – oqsil jismlarining yashash usulidir, bu yashash usuli esa o‘z mohiyati bilan mazkur jismlarning kimyoviy tarkibining doimo o‘z – o‘zini yangilab turishidan iborat. « Hayot, - degan edi V.I. Vernadskiy, - sayyoramiz sirtidagi kimyoviy turg‘unlikning doimo va uzluksiz ravishda o‘zgarib turishining buyuk sababchisidir. U Yer kobig‘ining tuzilishi bilan chambarchas bog‘liq, usiz Yer kobig‘ining o‘zi ham paydo bo‘lmagan bo‘lur edi.»
Demak, hayot, avvalo, Yer qobig‘ining faoliyati bilan bog‘liq ekan. Yer qobig‘i esa uning qa’rida kechayotgan fizik-kimyoviy jarayonlarning mahsulidir. Bundan, hayot – Yer farzandi, degan ma’no chiqadi. Ammo bu yetarli emas. Hayot paydo bo‘lmog‘i uchun Quyosh nuri ham zarur edi. Bu nur tufayli jonli mavjudot o‘ziga zarur energiya bilan ta’minlanadi. Mazkur energiyani o‘simliklar fotosintez jarayonida o‘ziga g‘amlab oladi, hayvonot dunyosi esa ana shu tayyor energiyadan foydalanadi. Demak, hayot - Quyosh farzandi ham ekan.
Xulosa shuki, hayot paydo bo‘lmog‘i uchun Yer va Quyosh bamisoli Ona va Otadek bab-baravar zarur ekan.
Yer taraqqiyotining geologik bosqichida uning satxidagi notekisliklarni geologik jarayonlar bunyod yetgan bo‘lsa, undan so‘ng litosfera, gidrosfera va atmosferalarning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy-geografik jarayonlar o‘z faoliyatini boshlaydi. Yerimizda bundan 3,8 -3 milliard yillar muqaddam geosferalar: atmosfera (havo qobig‘i), litosfera ( tosh-tuproq qobig‘i) va gidrosferalar( suv qobig‘i) birin-ketin tarkib topgan. Atmosferadagi meteorolik va iqlimiy hodisalar, ya’ni Yer yuzasi bo‘ylab havo bosimining o‘zgarib turishi, shamollar, yog‘in-sochinlar va hokazolar ta’sirida ona Sayyoramizning qon tomirlari bo‘lgan daryolar, yer osti suvlari, ko‘l, dengiz va okeanlar vujudga keladi.
Ko‘rinib turibdiki, materiya harakati geologik shaklining hosilasi bo‘lgan gidrosfera bilan atmosfera tufayligina materiya harakatining yangi – geografik shakli yuzaga keldi. Ba’zi olimlarning fikricha, materiya harakatining geologik shaklidan geografik shakliga o‘tishda suv, ya’ni gidrosfera muhim rol o‘ynagan. Demak, deyarli kislorodsiz atmosfera sharoitida hayotning paydo bo‘lishi uchun, albatta, suv muhiti bo‘lishi muqarrar edi. Shu davrdan boshlab geosferalarning dialektik birligi va ziddiyatli o‘zaro ta’siri materiya harakatining geografik shaklini keltirib chiqardi.
Endilikda mavjud bo‘lgan Yer pusti – litosfera ( tosh qobig‘i), gidrosfera (suv qobig‘i) va atmosferalar ( havo qobig‘i) bir- birlari bilan uzviy aloqada rivojlanib boradi. Ularni haqli ravishda ona tabiatga «jon» ato etishga zarur bo‘lgan hayot zaminlari, hayotning paydo bo‘lishiga olib kelgan imkoniyatlar, deb atasak bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, geosferalarning o‘zaro kirishib uyg‘unlashuvi tabiiy-geografik qobiqning bir butunligini ta’minlay boshlagan edi. Shunday kilib, bundan 3,5 - 3 milliard yil muqaddam suv muhitida dastlabki tirik organizm paydo bo‘ladi va Sayyoramizga yangi hayot sferasi – biosfera qo‘shiladi. Tirik tabiatning «dunyoga kelish» davri barcha sferalarning ma’lum nisbatdagi mutanosibligi mavjud bo‘lgan ayni ana shu paytga to‘g‘ri keladi. Shu daqiqadan boshlab notirik geografik qobiq tirik olam bilan to‘ldirila bordi va materiya harakatining biologik shakli tarkib topdi.
Tabiat taraqqiyotining yuksak cho‘qqisi jonli organizmlarning kelib chiqishidan iborat. Bir xujayrali organizmlar o‘zining tuzilishi va xususiyati jihatidan hozirgi o‘simlik va hayvonlarning eng soddalari bo‘lgan. Organik birikmalarning bir necha million yil davom etgan taraqqiyoti natijasida hayvonlarning hozirgi turlari vujudga kelgan.
Ma’lumki, materiya harakatining har bir shakli o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lib, ular taraqqiyot jarayonida biridan ikkinchisiga o‘tib boradi. Biologik harakatning ya’ni jonli organizmlardagi evolyusion rivojlanishning o‘ziga xos xususiyati – tug‘ilishi, avlod qoldirish va o‘lishidir. Ammo hayot mohiyati faqat shulardangina iborat emas. Tirik tabiatdagi tabiiy tanlanish, yashash uchun kurash, irsiyat qonunlariga ko‘ra avlod qoldirish jarayonida har bir tur aynan o‘zining aksini paydo qilish bilan chegaralanmaydi. Balki har bir yangi avlod, ma’lum miqdorda bo‘lsa ham, bir muncha o‘zgarishga uchraydi. Ana shu yangi xususiyat organizm yashayotgan muhit sinovidan o‘tadi. Agar u yashash uchun kurashda foydali bo‘lsa, tobora saqlanib va rivojlanib boradi. Natijada yangi turlar kelib chiqishi mumkin. Agar muayyan tur doimo o‘zgarib turuvchi muhit sharoitiga moslasha olmasa, tobora inqirozga yuz tutib talofatga uchraydi. Shunday qilib, Yer tarixida turlar doimo paydo bo‘lib, rivojlanib, o‘zgarishga uchrab va nihoyat halokatga yuz tutib turgan. Ushbu xulosani hozirda mavjud o‘simlik va hayvon turlariga nisbatan ilgari yashab, bizgacha yetib kelmaganlar soni bir necha marta ko‘p ekanligi isbotlashi mumkin. Hatto shu kunlarda ham har yili o‘simlik va hayvonot dunyosining ko‘plab turlari kamayib ketayotganligi qayd qilinmoqda.
Jonli tabiat insonning paydo bo‘lishi uchun hamma zarur shart- sharoitni hozirlaydi. Tabiat insonni yaratgunga qadar yerdagi hayotni qariyb 3,5 milliard yil asrab-avaylab parvarish qildi. Tabiatning tarkibiy qismi bo‘lgan odam jonli organizmlarning uzoq vaqt davomida ro‘y bergan taraqqiyotining qonuniy mahsulidir. Unda 10 mln. yillar burun odamsimon jonzot paydo bo‘ldi va nixoyat, taxminan 2-1 mln. yil muqaddam dastlab qadimgi ajdodlarimizning kelib chiqishiga imkoniyat paydo bo‘ldi.
Mehnat – inson hayotining birinchi va asosiy shartidir. U insonga zarur tirikchilik vositalarini beribgina qolmaydi. Insonning o‘zini ham mehnat yaratgan. Mehnat tufayli inson hayvonot olamidan ajralib chiqqan. Insonning hayvondan muhim farqlaridan biri shuki, hayvon tabiatning tayyor mahsulotlaridan foydalanadi xolos. Inson esa mehnat tufayli tabiatni o‘z maqsadlariga xizmat qildiradi, uni o‘zgartiradi, o‘z ehtiyojlariga bo‘ysundiradi. Ijtimoiy taraqqiyotning turli bosqichlarida mehnat turlicha shakllarda yuz beradi. Bu shakllar davrning ijtimoiy munosabatlari qay darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi.
Inson taraqqiyotining ilk bosqichlarida, odam tabiatdan endigina ajralib chiqqan kezlarda juda nochor hayot kechirgan, u tabiat kuchlariga qaram bo‘lgan, tabiatning tayyor mahsulotlarini iste’mol qilib kun kechirgan. Keyinchalik mehnat tufayli, mehnat qurollari yasash, moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratish asosida kishilik jamiyati paydo bo‘ladi va rivojlanadi.
Borliqning mavjudligi undagi o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Agar o‘zgarish bo‘lmasa, borliqning bor yoki yo‘qligi noma’lumligicha qolardi. Har qanday o‘zgarish - harakatdir. O‘zgarishlar na faqat moddiy ob’ektlarga, balki ma’naviy, g‘oyaviy ob’ektlarga ham xosdir. Har qanday (moddiy yoki g‘oyaviy) ob’ektning mavjudligi undagi harakat va o‘zgarishlar tufayli namoyon bo‘ladi. Shu sababli harakat borliqning asosiy mavjudlik usulidir. Materiyaning mavjudligi qanday namoyon bo‘ladi? Bu masalada materiyaning ajralmas xususiyatlari falsafada atribut tushunchasi bilan ifodalanadi. Atribut (lot.atributhum –ato etmoq) har qanday narsaning aynan o‘sha narsa ekanligini ifodalovchi xususiyatlarini aks ettiradi. Materiyaning atributlari, ya’ni uning asosiy xususiyatlari, mavjudlik shakllari – harakat, fazo va vaqtdir.
Barcha moddiy narsalar doimo harakatda, bir holatdan boshqa holatga o‘tish jarayonida mavjuddir. Zero, materiyasiz harakat yo‘q, harakat bor joyda materiya mavjuddir. Mutloq osoyishtalik (tinch holat) yo‘q, osoyishtalik harakatning muayyan bir holatidir. Falsafiy ma’noda harakat dunyoda sodir bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarni umumiy tarzda ifodalaydi. Biz atrofimizdagi narsalarni harakat tufayli, ya’ni ularga yorug‘lik nurlari urilib, bizning ko‘zimizga tushganligi uchun ko‘ramiz. Harakat tufayli havo tebranishlari quloqlarimizga tovush to‘lqinlarini tashib keladi va biz eshitamiz. Harakat tufayli atomlar va molekulalarda o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, o‘simliklarda moddalar almashinadi, energiya va axborot uzatiladi, harakat tufayli hayvonot olami va inson muhit bilan aloqada bo‘ladi, jamiyat rivojlanadi. Harakat tufayli Quyosh nurlari Yerga yetib keladi, daryolar oqadi, o‘simliklar o‘sadi, fasllar almashinadi, Quyosh sistemasi, galaktikamiz va butun Koinotdagi hayotiy jarayonlar davom etadi.