Noklassik dialektika. So‘nggi yillarda ayrim tadqiqotchilar Gegel dialektikasi va materialistik dialektikani klassik dialektika sifatida tavsiflab, dialektikaning to‘rtinchi, noklassik shaklini ham farqlamoqdalar. Hozirgi zamon G‘arb falsafasida dialektikaning ko‘rsatilgan shaklining eng muhim elementlari falsafiy mushohada yuritishning unga xos bo‘lgan germenevtik usulida namoyon bo‘lmoqda. Ammo bu yerda dialektik metod avvalo mazmunni talqin qilish vositasida aniqlash uchun (P.Riker), shuningdek anglab yetilayotgan ob’ektni vaziyat nqtai nazaridan tahlil qilish uchun qo‘llaniladi. Ammo XX asrda dialektikaning bir qancha noklassik konsepsiyalari vujudga keldi. Ularning qatoriga quyidagilar kiradi:
a) «fojeiy dialektika». Uning muallifi fransuz faylasufi Raymon Aron (1905-1983) hozirgi zamon dialektikasini tahlil qilib, hozirgi davrda jamiyat taraqqiyotdan insoniyat manfaatlarida foydalanishga qodir emas, degan xulosaga keladi; b) «dialektik teologiya» yoki «inqiroz teologiyasi». (shveytsariyalik protestant teologi va faylasufi Karl Bart 1886-1968 va nemis-amerika xristian teologi Maul Tillix 1886-1965) kreatsionistik ta’limot bo‘lib, dunyoning rivojlanishi zamirida bu dunyoni qandaydir g‘ayritabiiy qurilish materiali – materiyadan yaratgan ilohiy substansiya yotadi, degan g‘oyaga asoslanadi. Shu sababli dunyo «Xudo kabi boqiy» emas, uning boshi va oxiri bor. Ammo bu yaratilgan dunyo Xudo bilan biron-bir umumiy jihatga ega emas, degan ma’noni anglatmaydi. Ularning o‘rtasida muayyan o‘xshashlik mavjud bo‘lib, u pirovard, yaratilgan narsalarning rivojlanish yo‘llarini tushunib yetish imkonini beradi;
v) «salbiy dialektika». Teodor Adorno 1903-1969 – nemis faylasufi, sotsiologi, Frankfurt maktabining vakili, ko‘p sonli falsafiy asarlar, shu jumladan «Salbiy dialektika» (1966) kitobining muallifi. Jan Pol Sartr 1905-1980 - fransuz faylasufi va yozuvchisi, ateistik ekzistensializm vakili. U falsafa muammolariga bag‘ishlangan bir qancha asarlar, shu jumladan «Dialektik aql tanqidi» (1960) kitobining muallifi. Sartr talqinida dialektika ikki – «tanqidiy» va «dogmatik» shakllarda mavjud bo‘lishi mumkin. Birinchisi «salbiy dialektika»dir.
«Salbiy dialektika» bir yoqlama, sub’ektiv konsepsiya bo‘lib, u inkorni mutlaqlashtirishdan, butun borliqning umumiy buzilishidan, yalpi tanqidiylikdan, har qanday ijobiylikni rad etishdan, o‘zini o‘zi inkor qilishdan kelib chiqadi va shu bois metafizika chegarasidan chetga chiqmaydi. «Salbiy dialektika» - bu, mohiyat e’tibori bilan, aksildialektikadir.