Ijtimoiy eksperimentlar tobora rivojlanmoqda, ular ijtimoiy tashkil etish va jamiyatni boshqarishni oqilonalashtirishning yangi shakllarini amalga tatbiq etishga ko‘maklashmoqda. Ijtimoiy eksperiment ob’ekti odamlarning ma’lum guruhi eksperimentning bevosita ishtirokchilaridan biri bo‘lib, ularning manfaatlari bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi, tadqiqotchi esa o‘zi o‘rganayotgan vaziyatga bevosita qo‘shiladi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda falsafiy va umumilmiy vositalar, metod va amallardan tashqari, mazkur fanlarning predmeti bilan bog‘liq maxsus vositalar, metod va amallardan ham foydalaniladi. Ularning jumlasiga quyidagilar kiradi:
Ideografik metod–alohida tarixiy faktlar va hodisalarning o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflash.
Dialog(«savol-javob metodi»).
Tushunish va oqilona (intensional) tushuntirish (bu haqda ushbu bobning keyingi paragrafida batafsil so‘z yuritiladi).
Hujjatlarni tahlil qilish–son va sifat jihatidan tahlil qilish (kontent-analiz).
So‘rovlar o‘tkazish–«yuzma-yuz» so‘rov (intervyu) yoki sirtdan (so‘rovnoma yordamida, pochta, telefon orqali va sh.k.) sыrov o‘tkazish. Ommaviy va maxsus so‘rovlar farqlanadi. Maxsus so‘rovlarda professional ekspertlar axborot olishning bosh manbai hisoblanadi.
Proektiv metodlar (psixologiyaga xos)–insonning produktiv faoliyati natijalariga qarab, uning shaxsiy xususiyatlarini bilvosita o‘rganish usuli.
Testlash (psixologiya va pedagogikada)–standartlashtirilgan topshiriqlar bo‘lib, ularni bajarish natijalari ayrim shaxsiy xususiyatlar (bilim, ko‘nikma, xotira, zehn va sh.k.)ni o‘lchash imkonini beradi. Testlarning ikki asosiy guruhi farqlanadi–intellekt testlari (mashhur Q koeffitsienti) va erishilgan (kasbda, sportda va h.k.) natijalar testlari. Testlar bilan ishlashda axloqiy jihat muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, layoqatsiz yoki g‘irrom tadqiqotchining qo‘lida testlar jiddiy zarar keltirishi mumkin.
Sotsiometriya metodi–ijtimoiy hodisalarni o‘rganishda matematika vositalaridan foydalanish. Undan ko‘pincha «kichik guruhlar»ni va ulardagi shaxslararo munosabatlarni o‘rganishda foydalaniladi.