Ijtimoiy-psixologik eksperiment. Ijtimoiy psixologik eksperiment—bu ijtimoiy hodisalarni o’rganish maqsadida tekshiruvchi bilan tekshiriluvchi o’rtasidagi maqsadga qaratilgan muloqotdir. Bunday muloqotning bo’lishi uchun eksperimentator, ya’ni tekshiruvchi maxsus sharoit yaratadi va ana shu sharoitda aniq reja asosida faktlar to’playdi. Umumiy psixologiyada bo’lgani kabi, ijtimoiy psixologiyada ham tabiiy va laboratoriya eksperimenti turlari farqlanadi. Tabiiy eksperimentga misol qilib, rus pedagogi A. Makarenkoning jamoaning shakllanishi va uni uyushtirish borasida olib borgan tadqiqotlarini olish mumkin. Amerikalik psixolog M. SHerif esa guruhlararo munosabatlarga taalluqli fenomenlarni tabiiy sharoitlarda maxsus reja asosida tekshirib o’rgangan. Uning asosiy maqsadi vaqtinchalik tuzilgan jamoa — yozgi ta’til lagerlarida kooperatsiya hamda turli ziddiyatlarning paydo bo’lishidagi psixologik sabablarni o’rganishdan iborat edi.
Laboratoriya eksperimenti odatda maxsus sharoitlarda, maxsus xonalarda, kerakli asbob-uskunalar yordamida o’tkaziladi. Birinchi marta laboratoriya sharoitida ijtimoiy psixologik tadqiqotni rus olimi Bexterev o’tkazgan edi. U maxsus asboblar yordamida idrokning aniqligini, xotiraning sifatini, kuzatuvchanlik xususiyatlarini yakka holda va guruh sharoitida solishtirib o’rgandi va guruhning borligi har bir guruh a’zosi psixik jarayonlariga bevosita ta’sir etishini isbot qildi.
Bundan tashqari, maxsus asbob-uskunalar yordamida guruh a’zolaridagi ishonuvchanlik—konformizm hodisalarini ham eksperimental tarzda o’rganish mumkin. Guruhdagi bunday xodisalarni o’rganish uchun maxsus moslamalardan foydalaniladi.
Modellashtirish metodi kuzatish, so’roq, eksperiment yoki boshqa usullar yordamida o’rganilayotgan hodisaning tub mohiyati ochilmagan sharoitlarda qo’llaniladi. Bunda o’sha hodisaning umumiy xossasi yoki asosiy parametrlari modellashtirilib, o’sha modelь asosida tadqiqotchini qiziqtirgan jihat o’rganiladi va xulosalar chiqariladi.
Shunday qilib, ijtimoiy psixologiya hozirgi kunda juda ko’p metodlarga ega, biz tanishib chiqqan metodlar ularning asosiylari, bir qismi, xolos. Har bir xolatda o’z tadqiqot ob’ektining xususiyatlari, tadqiqot maqsadi va mavzuiga qarab kerakli uslubni tanlash mumkin. Shuning uchun ham metodlar to’plami bilan to’lig’icha tanishish uchun maxsus adabiyotlarni ko’rib chiqish kerak bo’ladi.
Mavzu yuzasidan qisqacha xulosa: Ijtimoiy psixologiyada shunday metodlar mavjudki, ular orqali shaxs va jamiyat munosabataridan yuzaga keladigan turli jarayonlarni o’rganish, kuzatish, tadqiq etish imkoniyati yuzaga keladi. SHunday metodlar sirasiga: kuzatish, so’rov, anketa, kontent-analiz, xujjatlarni o’rganish, ijtimoiy-psixologik eksperiment, ijtimoiy-psixologik testlar kiradi. Mazkur mavzuda shu metodlr, ularning afzalliklari, qo’llash shartlari bayon etib berilgan.
Glossariy: Ijtimoiy psixologik eksperiment – asosiy metodlardan biri bo’lib, o’zgaruvchan mustaqil turli xolat va jarayonlarning boshqa nomustaqil xolat va jarayonlarga ta’sir etishdagi aniq ma’lumotlariga tayanadi.
So’rov – asosiy metodlardan biri bo’lib, nutq muloqoti yordamida bevosita yoki bavosita ma’lumot olinadi.
Anketa – metodlardan biri bo’lib, respondent to’g’risida aniq ko’zlangan ma’lumotlarni yig’ish maqsadida qo’llaniladi.
Kontent-analiz – tekshirilayotgan matnda so’z, ibora, abzatslarni ma’no-mohiyatini takrorlanish darajasiga qarab tahlil etish usuli.
Kuzatish – sinaluvchini aniq maqsad, faoliyat, vaqt, guruh bilan bog’liq ravishda tekshirish, o’rganish, ma’lumotlar to’plash metodi.
Test – sinaluvchini tekshirish jarayonida maxus qo’llaniladigan metodlardan biri bo’lib, bu metod orqali aniq bir psixologik xususiyat aniqlanadi.