1- Mavzu: ”O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv kursining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodik tamoyillari
Reja:
1. Kirish. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi"kursini o`qitishnig dolzarbligi. 2."Eng yangi tarix" tushunchasining ta'rifi, mazmun –mohiyati.
3. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursining predmeti, uning maqsadi, vazifalari va nazariy-uslubiy asoslari.
Kirish. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi"kursini o`qitishnig dolzarbligi.
O‘zbekiston tarixi,
shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixi jahon tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib, u bizning zamonamizdagi global jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Eng yangi tarixni o‘rganishning muhimligi va dolzarbligi shundaki, u mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-ma'naviy jihatdan barqaror rivojlanishiga ta'sir qiluvchi voqea-xodisalarni tushunishga hamda teran idrok etishga yordam berishi bilan belgilanadi.
Bundan tashqari, u bizga tarixiy taraqqiyot tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish va bashorat etish imkoniyatini beradi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish jarayoni sobiq sovet hududidagi boshqa mamlakatlar singari murakkab siyosiy o‘zgarishlar sharoitida yuz berdi. Davlat mustaqilligining e'lon qilinishi mamlakatning barcha siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimini tubdan o‘zgartirishga yo‘l ochdi.
Demokratik prinsiplarga ko‘ra milliy davlatchilik va siyosiy tizimning asoslari shakllantirildi, ularda hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari funksiyalari va vakolatlari taqsimlandi. Respublikaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotini erkinlashtirish bosqichma-bosqich, keskin inqilobiy larzalarsiz amalga oshirildi. Tashqi siyosatning milliy strategiyasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimiga munosib ravishda kira oldi. O‘zbekiston tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimizning milliy xususiyatlari, urf-odatlari va madaniyatini har tomonlama hisobga olgan holda, to‘plangan xalqaro tajribadan ijodiy foydalanishga asoslangandir.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu tarix fanining nisbatan yangi yo‘nalishi bo‘lib, u 2020 yilda mustaqil ilmiy fan sifatida o‘ziga xos metodologiyasi, tadqiqot yo‘nalishlari va o‘quv-uslubiy ishlanmalari bilan ajralib chiqdi. Shu munosabat bilan, zamonaviy tarix mamlakatimizning mustaqillik arafasidagi va mustaqillik taraqqiyot davri tarixini, uning o‘ziga xos tendensiyalari, tarixiy shart-sharoitlari va rivojlanish jarayonlarini ilmiy asoslangan holda yoritishni taqozo etmoqda.
Binobarin, tarixshunoslar va, shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-gumanitar fanlarining boshqa vakillari oldida jahon amaliyotini bu boradagi tarixiy tajribasini hisobga olgan holda, mazkur ta'limni yangi nazariy va metodologik darajaga ko‘tarish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish vazifasi turibdi.