2. Markazlashgan Temur davlatining ma’muriy va harbiy tuzilishi. Temur tuzuklari. Davlatning ichki va tashqi siyosati.
Amir Tеmurning mamlakatni birlashtirish va markazlashgan kuchli davlat tuzishdagi tarixiy xizmati. Amir Temurning Movarounnahrdagi birlashtirish siyosati boshlangan edi. U Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida turgan yerlarni o‘ziga bo‘ysundirib, o‘ziga itoat ettirdi. Farg‘ona, Shosh viloyatlarini o‘z tasarrufiga kiritish unga qiyin bo‘lmadi. Sirdaryoning quyi oqimidagi Oltin O‘rdaga qarashli yerlarni egallashda u bu yerlardagi ichki sulolaviy urushlardan foydalandi.
Amir Temur Xorazmni ham qaytadan Movaraunnahrga kiritishga intildi. 1372-yilda Husayn So‘fi Amir Temurga boj to‘lamasdan, buning ustiga Sohibqiron tomonidan yuborilgan elchiga shunday javob berdi: “Men mamlakatni qilich bilan fath etganman, shuning uchun ham uni faqat qilich bilan olish mumkin”.
O‘sha yili Amir Temur Xorazmga qo‘shin tortib keladi. Urganchga borish uchun Qiyot shahri orqali o‘tish kerak edi, bu shahar bir oz qarshilik ko‘rsatgandan keyin Temur qo‘shini tomonidan ishg‘ol qilinadi. Qiyotning qo‘ldan ketishi Xusayn So‘figa kuchli ta’sir ko‘rsatadi. U Amir Temur bilan yarashishga, uni talablarini bajarishga rozi bo‘ladi. Lekin ayrim hokimlar Amir Temurning tez baland martabaga erishishini ko‘rolmay Husaynni unga qarshi gij-gijlay boshladilar. Husayn ularning yordamiga ishonib Amir Temurga qarshi chiqadi, ammo uning tomonidan tor-mor etiladi. Shundan so‘ng Husayn Urganch qal’asiga berkinadi va tezda vafot etadi. Uning o‘rniga akasi Yusuf So‘fi (1372) hokimiyatga keladi va Amir Temur bilan yarash shartnomasi tuzadi. Lekin u yarash shartlarini xiyonatkorona buzib, Amir Temur qaytib ketgandan keyin Qiyot shahrini bosib oladi va unga qarshi ochiqdan-ochiq dushmanlik harakatlariga o‘tadi. Shundan so‘ng Amir Temur Xorazmga ikkinchi marotaba yurish qilishga majbur bo‘ladi. (1373-1374). Ammo bu harbiy to‘qnashuvgacha bormaydi, chunki Yusuf Amir Temurga tavba qilib yarash shartlarini so‘zsiz bajarishga va’da beradi. Bu ikkinchi yurish natijasidan Janubiy Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga kiradi.
1374-yildan keyin Amir Temur Xorazmga uch marotaba yurish qildi. Buning sababi Oltin O‘rda xoni To‘xtamishning Xorazmga da’vosi tufayli edi.
1387-1388-yillarda To‘xtamish, Amir Temurning Movaraunnahrda yo‘qligidan foydalanib, Xorazmga hujum qildi. Xorazm hokimi bo‘lgan Sulaymon So‘fini Amir Temurga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga undadi. Sulaymon So‘fi bunga rozi bo‘ldi. Bu voqealar Amir Temurni 1388-yili Xorazmga yana yurishga majbur etdi. Temur Urganchni ishg‘ol qildi va sufiylar sulolasini tugatdi.
Shu vaqtdan buyon Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga, keyin esa Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Shunday qilib, Yettisuvdagi va Sirdaryo etaklaridagi yerlardan tashqari, Turkiston yerlarining hammasi Amir Temur qo‘liga o‘tdi.
Amir Tеmurning harbiy yurishlari. Eron va Kavkazorti o‘lkalarining zabt etilishi. Amir Temurning harbiy yurishlari tarixda “uch yillik” (1386-1388), “besh yillik” (1392-1396), “yetti yillik” (1399-1405) urushlar deb nom olgan. Temur 1381-yilda Hirotga yurish qiladi. Bu davrda Hirotni kurdlar sulolasi boshqarar edi. Ularning hukmdori G‘iyosiddin Pir Ali Temurga qattiq qarshilik ko‘rsatmadi. Lekin 1383-yilda Hirotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olon bostirildi va kurdlar sulolasi qulashi bilan sarbadorlarning so‘nggi hokimi bo‘lgan Ali Muayyod ixtiyoriy suratda o‘z yerlari va hokimiyatini Temurga topshirdi. XIV asrning 80-yillari o‘rtasiga kelib butun Xuroson Amir Temur ixtiyoriga o‘tdi. “Uch yillik” urush davrida Amir Temur Ozarbayjon, Tabriz, Mozandaron, G‘ilonni bo‘ysundiradi. Shundan keyin u Kavkazga yurish boshlab, Tiflis, Arzirum va Van qal’asini egalladi.
Tеmurning Oltin O‘rdaga yurishi. To‘xtamishning tormor etilishi. Shunday qulay payt kelganidan, ya’ni Amir Temurning Erondaligidan foydalangan To‘xtamish Movaraunnahrga Qamariddin yetakchiligida qo‘shin yubordi. 1388-yil yanvarida Amir Temurning qaytishini kutgan dushman orqaga qayta boshladi. Amir Temur amirlari Husayn, Shayx Ali Bahodir va boshqalarga dushmanni daf qilishni topshirdi. Ular Sirdaryo bo‘yidagi Sarisuv degan joyda dushmanni quvib yetib unga katta talofat yetkazdilar. To‘xtamish 1388-yil oxirida Amir Temurga qarshi qayta hujum boshladi. Amir Temur esa urushga tayyorlanish uchun Sagoron (Kattaqo‘rg‘on) da qarorgohini tikib, qo‘shinlarini jangovar holatga keltirdi. Amir Temur dushmanning orqa tarafidan hujum qilish uchun Qo‘ng‘i o‘g‘lon, Temur Qutlug‘ o‘g‘lon, Shayx Ali Bahodir qo‘mondonligidagi qo‘shinlarni yuboradi. Hujum muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dushman tor-mor etilib, To‘xtamish zo‘rg‘a qochib qutuldi.
1393-1394-yili Amir Temur Sheki (Ozarbayjonning shimoliy qismi) da turgan paytda To‘xtamish Kavkazorti viloyatlariga hujum qildi. Amir Temur Shekidan chiqib Qura daryosi bo‘ylab yurdi. Oltin O‘rdaliklar Amir Temur qo‘shinlari kelayotganini eshitib chekinishga majbur bo‘ldilar. 1395-yil aprelida Amir Temur va To‘xtamish o‘rtasida urush harakatlari yana boshlanib ketdi. Jangning asosiy qismi o‘ng qanotda bo‘ldi. Ushbu qanotda mushkul vaziyat paydo bo‘lgan. Amir Temur zahira qo‘shin bilan jangga kirdi va dushmanni chekinishga majbur qildi. To‘xtamish uchinchi jangdan keyin hokimiyatdan ajraldi.
To‘xtamish qo‘shinining Terek daryosi bo‘yida tor-mor etilishi va 1395-yilda Saroy Berkaning xaroba qilinishi Oltin O‘rdaga juda kuchli zarba bo‘ldi. Shundan keyin u o‘zini o‘nglay olmadi.
Tеmurning Hindistonga yurishi. Temurbekning Hindga yurish qilib, Dehliga yaqinlashib qolganligidan tahlikaga tushgan hindlar shahzoda Sulton Mahmud, Malluxon va o‘zga nomdor hind sarkardalari rahnamoligidagi o‘n ming suvoriylar, yigirma ming sara piyodalar va bir yuz yigirma jangovar fillardan iborat qo‘shin bilan unga ro‘baro‘ bo‘ladi. Sohibqiron birinchi galda jangchilarning kapalagini uchirib, ularni dahshatga solgan fillarni daf qilish borasida bosh qotiradi. Zudlikda fillarga ofat keltiruvchi o‘tkir tig‘li uchburchak shakldagi sanchiq-mo‘ndulardan minglab yasaladi va fillar kelishi kutilayotgan yerlarga joylashtiriladi. Ikkala qo‘shin jang harakatlarini boshlagach, Temurbek o‘z askariy qismlarini chekinishga buyuradi. Temuriy jangchilarning tisarilganini ko‘rib, dushman qochdi deb xayol qilgan hindlar olg‘a tashlanadi.
Fillar, ularning ketidan otliq va piyodalar junbushga keladi. Mo‘ndu tiqilgan yerga yetgan fillarning oyoqlariga o‘tkir sanchiqlar tikon yanglig‘ qadaladi. Og‘riq zo‘rligidan qutirgan fillar jon achchig‘ida filbonlarni uloqtirib, orqaga tum-taraqay qocha boshlaydi. Ular ortda kelayotgan hind suvoriy va piyodalarini poymol qilib, yanchib o‘tadi.
Amir Tеmurning Kichik Osiyoga yurishi. Usmoniylar sultoni Yildirim Boyazidning tor-mor qilinishi. Sohibqiron qo‘shinining Turkiya sultoni Boyazid kuchlari bilan 1402-yilda Anqara yaqinida bo‘lib o‘tgan hayot-mamot urushi ham, avvalo, turk sultonining qaysarligi, manmanligi, murosasizligi, adolat talabiga qo‘l siltaganligi orqasida yuz bergan. Bu beomon jangni o‘z foydasiga hal etgan Amir Temur esa ayni paytda o‘z qudratini nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham namoyish etishga musharraf bo‘ldi. Shu buyuk g‘alabadan so‘ng G‘arbiy Yevropaning Angliya, Fransiya, Ispaniya singari nufuzli davlatlari va ularning hukmdorlari Amir Temur bilan yaqindan aloqa bog‘lash, hamkorlik qilish, ayniqsa savdo-sotiq munosabatlarini o‘rnatishga faol yo‘l tutganliklari shundan yaqqol dalolatdir. Darhaqiqat, Amir Temurning naqadar uzoqni ko‘ra bilish salohiyatini uning Yevropa hukmdorlari – Fransiya qiroli Karl VI (1380-1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413), Kastiliya va Leon qiroli Genrix III (1390-1407) bilan diplomatik aloqalari va yozishmalaridan ham bilsa bo‘ladi. U jumladan, Fransiya qiroli Karl VI ga yo‘llagan maktubida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilib «Dunyo savdo ahli bilan obod bo‘lajak», degan fikrni bildirgan edi. Fransiya qiroli 1403-yil 15-iyunda yozgan javob xatida taklifni mamnuniyat bilan qabul qilganini bildiradi. Bu davrga kelib Buyuk ipak yo‘li shuhratining yanada ortishi davomida Movarounnahr va Xuroson dunyoning turli mamlakatlari bilan har jihatdan yaqindan bog‘lanib, xalqaro karvon savdosining eng muhim markaziga aylandiki, bu esa Vatanimizning iqtisodiy, madaniy va ma’naviy yuksalishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Amir Tеmur - buyuk davlat arbobi, mashhur sarkarda. Uning harbiy va siyosiy faoliyati tahlili. Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan 1404-yilning oxirida Xitoyga qarab yo‘lga chiqqandi. O‘sha yili qish O‘rta Osiyo tarixida eng qahraton qish bo‘lgan. Sirdaryoning suvi 1 metga muzlagan, askarlardan ko‘pini quloq-burunlarini, qo‘l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o‘zi ham ko‘p o‘tmay shamollab qoladi. 1405-yil yanvar oyining o‘rtalarida O‘trorda to‘xtashga qaror qilishadi va bu yerda 18-fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi.
Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qiladi. Bu yurishlar natijasida u buyuk davlat tashkil qilishga erishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari kiradi. Amir Temurning muvaffaqiyatiga avvalo uning nodir harbiy iste’dodi sabab bo‘ldi. Amir Temur qo‘shinida qat’iy tartib va intizom o‘rnatilgan edi. Har bir jang rejasini va barcha qismlar uchun yo‘l-yo‘riqlarni o‘zi ishlab chiqardi. Uning harbiy iste’dodi Anqara yaqinida Sulton Boyazidga qarshi jangda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi. Armiyaning yuragini va qo‘mondonlik o‘zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etardi. Shu davr voqealarining shohidi bo‘lganlarning guvohlik berishicha barloslar harbiy qo‘nimsizlikka nihoyatda chidamli, yoydan o‘q uzishga juda usta, o‘z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo‘lganlar.
Amir Tеmurning O‘rta Osiyo va jahon tarixida tutgan o‘rni. Sohibqiron Amir Tеmur millatimiz g‘ururi va faxri. Amir Temur Vatanimiz tarixida, o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotida beqiyos xizmat ko‘rsatgan shaxs. Amir Temur jahon xalqlari tarixida buyuk davlat arbobi, mashhur sarkarda sifatida e’tirof topgan yorqin siymodir. Afsuski, Amir Temur nomi sobiq mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida qoralanib, avlodlar nazaridan chetga surilib kelindi. Biroq o‘zbek davlatchiligini qayta tiklagan, buyuk davlat darajasiga ko‘targan, jahonga shuhrat taratgan Amir Temurning tarixiy xizmatini jahon afkor ommasi nazaridan yashirish, uni qatag‘onlik zanjirida ushlab turish vaqti o‘tdi. Milliy istiqlol tufayli o‘z ona tariximizni xolisona yoritish, tarixiy haqiqatni qaror toptirish barobarida Amir Temur bobomizning nomini, nuroniy qiyofasini tiklash baxtiga muyassar bo‘ldik. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1996-yilning Amir Temur yili deb e’lon qilinishi va shu yili buyuk bobokalonimiz tavalludining 660 yilligini mamlakatimizda hamda YUNESKO tashabbusi bilan butun dunyo miqyosida keng nishonlanishi - bu hozirgi minnatdor avlodlarning, qolaversa, jahon ahlining bu buyuk zotga, uning ulug‘vor ishlariga bildirgan cheksiz hurmati va e’zozi ramzidir.
O‘zbеkiston Rеspublikasi birinchi Prеzidеnti Islom Karimov Amir Tеmurning O‘zbеkiston tarixida tutgan o‘rni to‘g`risida. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Amir Temur davri ma’naviyati, sohibqiron shaxsiyati va u qoldirgan ulkan meros nima uchun zarurligi masalalariga to‘xtalib, buni quyidagicha sharhlab berdilar: «Amir Temur avvalo qudratli davlat qurgan. Davlat qudratli bo‘lmasa, betakror ma’naviy meros ham, obidalar ham, tarixiy yodgorliklar ham bo‘lmasdi. O‘zbekistonning bugungi ozodligini mustahkamlash davrida Amir Temur biz uchun buyuk davlat asoschisi sifatida qadrlidir. U davlat poydevorini qurgan, davlatning huquqiy asoslarini barpo etgan. Uning davlatchilik borasidagi fikrlari nafaqat o‘z davri, balki kelgusi avlodlar uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Amir Temur o‘z davlatini aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning «Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim» degan so‘zlari buning yorqin dalilidir».
Shuningdek «Amir Temur shaxsini idrok etish - tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash - o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temuni ulug‘lash - tarix qariga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatmizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir», deya ta’kidlaydi.
Saltanatni boshqarish tizimi. Qo‘shinning tuzilishi va harbiy intizom. Soliq siyosati. Amir Temur qo‘shinlari asosan piyoda va otliq askarlardan iborat edi. Ular «o‘nliklar» («ayl»), «yuzliklar» («xo‘shun»), «mingliklar» («xazora») va «o‘n mingliklar» («tuman») ga bo‘lingan. Ularga o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi hamda amirlar boshchilik qilganlar. Tumanlarda askarlar soni o‘n ming, qo‘shinda esa 100 mingdan bo‘lgan. O‘n minglik lashkarni boshqarish uchun «tumon og‘asi», minglik bo‘limni «mirixazora», yuzlikni «xo‘shunboshi» va o‘nlikni boshqarish uchun «aylboshi» kabi harbiy mansablar tashkil qilingan.
Bo‘linma boshliqlari amirlar Temurga tobe bo‘lgan qirq aymoq (qabila) dan o‘n ikkitasi: barlos, arg‘in, jaloyir, tulkichi, duldoy, mo‘g‘ul, sulduz, to‘g‘oy, qipchoq, arlot, tatar va tarxonlar orasidan tanlab olingan. Eng ulug‘ martaba amirlik bo‘lib, Temur faoliyatining dastlabki yillaridan boshlab uni tark etmasdan sodiqlik bilan xizmat ko‘rsatgan 313 kishiga berilgan: bittasi amir ul-umaro, to‘rttasi beklar begi, yuztadan mingboshi, yuzboshi va o‘nboshi bo‘lgan. Bulardan tashqari, yana o‘n ikki nafar kishiga birinchidan to o‘n ikkinchi darajali amirlik unvoni berilgan. Ikkinchi darajali amir odatda amir ul-umaroning noibi hisoblangan. Ikki amirning har biriga bittadan bayroq va bittadan nog‘ora, o‘n minglik qo‘shin, tug‘ va chortug‘, to‘rt nafar beklar begining har biriga bittadan bayroq, nog‘ora, chortug‘ va burg‘u (karnay) berilgan. Temurbek armiyasida ayollardan tuzilgan bo‘linmalar bo‘lib, ular jang chog‘i erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalari ko‘rsatgan.
Amir Temur milliy davlatchilik asoslarini rivojlantirishda, jamiyat rivojida barcha ijtimoiy tabaqalar faoliyatini nazarda tutish va ularning manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor berdi. Shundan kelib chiqib Amir Temur dunyo tarixida birinchi bo‘lib jamiyat ijtimoiy tarkibini 12 tabaqaga ajratib, ularning har birining alohida mavqei, manfaatlarini, shunga muvofiq keladigan davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab bergan. Uning davrida boshqaruv ikki idoradan, ya’ni dargoh va vazirliklardan iborat bo‘lgan. Dargoh tepasida oliy hukmdorning o‘zi turgan. Mamlakat va davlat ahamiyatiga molik masalalar uning ko‘rsatmasi bilan hal etilgan. Davlatning siyosiy boshqaruv tizimi Dargoh Harbiy vazir Mulkchilik va soliq ishlari vaziri Moliya vaziri Bosh vazir Xolisa (askarlar maoshi va oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi) Saroy vaziri Jibachi, Xazinachi, Bitikchi, Sozanda, Choparlar, Dorichi, Tabiblar, Munshilar, Bakovul, Qushchi, Bosh xojib, Dargoh faoliyatini boshqarish, uning vazirliklari, mahalliy hokimiyat idoralari va umuman saltanatda kechayotgan jarayonlar bilan bog‘liq ishlar oliy devon zimmasida bo‘lgan. Oliy devonda har kuni 4 vazir, ya’ni ijroiya idoralari nomidan bosh vazir, harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri hozir bo‘lib, o‘ziga xos ravishda hukmdorga hisob berib turgan.
Mamlakatda diniy hokimiyat tizimi quyidagi tarzda boshqarilgan
Shayxulislom
A’lam
Qozikalon
Sadri a’zam
Muhtasib
Qoziyi ahdos
Qozi askar
Mudarris
Mutavalli
Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruviga xos eng muhim xususiyatlaridan biri unda adolat me’zoniga alohida ahamiyat berilganligidir. U har doim «Kuch-adolatda» deb ta’kidlar va unga amal qilardi. Uning davlat boshqaruvi tizimi masalalariga bag‘ishlangan mashhur tuzuklarida ham har bir ishda adolat me’zoniga amal qilishlik, nohaqlik, adolatsizlikka nisbatan murosasizlik g‘oyasi chuqur ifodalanganligi bejiz emasdir. Zero, xoh moliya-soliq tizimida, xoh savdo-tijorat sohasida yohud mulkiy masalalarda bo‘lsin, hamma narsada adolat ko‘zi bilan, qonunchilik qoidalari, talablariga asoslanib ish yuritish Amir Temurning qat’iyat va izchillik bilan o‘tkazgan davlatchilik siyosatining asosiy me’zoni bo‘lgan. O‘z amali, mansabini suiste’mol qilishlik, poraxo‘rlik, maishiy buzuqlik kabilar og‘ir jinoyatlar sanalib, ularni sodir etuvchilar qattiq jazolangan. Amir Temur tuzuklariga asos qilib olingan davlatchilik siyosatining muhim jihati yana shundan iboratki, uning davrida har bir sohaga kadrlar tanlash, lavozimlarga tayinlashda ularning iqtidoru qobiliyatiga, bilimu iste’dodiga, nasl-nasabiga alohida e’tibor berilgan. Davlatga sadoqat bilan xizmat qilgan xodimlar doimo rag‘batlantirilib, martabalari oshirib borilgan.
“Tеmur tuzuklari” – davlat boshqaruv ishidagi muhim manba sifatida. Amir Temur davrida diniy ilmlar va dunyoviy fanlar barqaror bo‘lgan. Temur davridagi ilm-fan, me’morchilik, san’at sohalari o‘z davriga nisbatan o‘ta darajada rivojlanib, yuksak ma’naviy boylik boylik darajasiga ko‘tarildi.
Amir Temur va temuriylar davrida yozilgan tarixiy asarlar anchagina bo‘lib, ular orasida Temur tuzuklari buyuk jahongir hayotiga va faoliyatiga bag‘ishlangan asarlar ichida shuhbasiz, alohida ahamiyat kasb etadi.
Temur tuzuklarining Sharq yulduzi jurnali 1989-yilda chop etgan forschadan tarjimosiga yozib bergan o‘z muqaddimisida prof. Bo‘riboy Ahmedov bunday deb qayd etadi Mutaxassis olimlarning so‘zlariga qaraganda, Temur tuzuklari boshda turkiy tilda yozilgan va uning bir nusxasi Yaman hokimi Ja’far poshoning kutubxonasida saqlangan (Sharq yulduzi, 1989, 8-son, 128-bet).
Temur tuzuklari ikki qism, 56 ta banddan iborat tarixiy va huquqiy asar bo‘lib, unda sohibqironning davlat tuzilish va mamlakatlarni boshqarish xususidagi nuqtai nazari bayon qilindi. Bu asardan ko‘plab sharq hukmdorlari o‘zlarining faoliyatlari davomida foydalanganlar va unga yuqori baho berganlar.
Tuzuklarning birinchi qismida Amir Temurning bolalik davridan to vafotiga qadar (1342-1405-yil 18-fevral) kechgan hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movaraunnahrda markaziy hokimyatni qo‘lga kiritishi, ijtimoiy tarqoqlikka barham berishi va markazlashgan davlat tuzishi, Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon ustidan g‘alabasi, nihoyat, buyuk jahongirning Ozarbayjon, Turkiya va Hindistonga qilgan harbiy yurishlari bayon etilgan.
Ikkinchi qismi Sohibqironning nomidan aytilgan va uning toju-taxt vorislariga atalgan o‘ziga xos vasiyat va pandu nasixatlaridan iboratdir. Unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toju-idora egalarining burchi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar va boshqa mansabdorlarning toju-taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi va hokazolar xususida gap boradi.
Xo‘jalik va madaniy hayot. Soliq siyosati va majburiyatlar. Tijorat ishlari. Temur turk-mo‘g‘ul an’analariga amal qilgan holda o‘z davlati hududlarini suyurg‘ol (ulus) tariqasida in’om qilish yo‘li bilan boshqargan va Movaraunnahrdan tashqaridagi yerlarini to‘rt ulusiga bo‘lib, farzandlariga in’om etdi. Uluslar o‘rtasida o‘zaro nizolar kelib chiqmasligi uchun ularning faoliyatini doimo o‘zi nazorat qilib turadi. Amir Temur hukmronlik qilgan davrida davlatning markaziy ma’muriyat boshida devonbegi, arkbegi va to‘rt vazir turgan.
Yerga egalik shakllari-suyurg‘ol yerlar, vaqf yerlar, jamoa yerlari edi. Amir Temur davrida asosiy soliq daromad solig‘i-xiroj bo‘lib, u olinadigan daromadning uchdan bir qismiga teng bo‘lgan.
Fan va madaniyatga homiylik. Shaharlarning obod qilinishi. Samarqanddagi mе’morchilik ishlari, bog‘ va saylgohlarning yaratilishi. Temur va Temuriylar davrida qurilish ishlari, me’morchilik taraqqiyoti tez o‘sdi. Bu haqda V. V. Bartoldning quyidagi so‘zlarini o‘qish mumkin: “Temur tashabbuskor quruvchi edi: U buyuk imoratlar barpo etdi va ularni ulkan bog‘u-rog‘lar bilan o‘radi, shahar va qishloqlarni tikladi, suv inshootlari barpo etildi va buzilganlari tuzatildi. Madaniyat barpo etish mumkin bo‘lgan yer maydonlarini bo‘sh qoldirmas edi. Temurning ijodkorlik faoliyati ham uning qilgan vayronagarchiliklari kabi kishini hayratda qoldiradi. Musulmon me’morchiligidagi eng yaxshi davr Temur va uning avlodlari nomi bilan bog‘liq”1.
Temur va uning avlodlari davrida Samarqandda, Toshkentda (Zangiota qabri), Buxoro, Shahrisabz, Qarshi, Turkistonda, Xurosonning markazi Hirot, Mashhad, Nishopur, Qobul va boshqa shaharlarda katta yaratuvchilik ishlari olib borildi. Sohibqironning buyrug‘iga asosan 1365-yilda Qarshi, 1370-yilda Samarqand, 1380-yilda Kesh shaharlari atrofida mudofaa devorlari barpo etilgan. Temurning o‘z ona yurti Keshda, buyuk alloma Ahmad Yassaviyga atab Turkistonda qurdirgan madrasalari Temur davlati qudratini jahonga ko‘z-ko‘z qilgan. 1380-yilda esa Kesh qo‘rg‘oni va 1404-yilda onasi sharafiga mashhur Oqsaroy qurilgan. Oqsaroy qurilishining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shu ediki, saroy tomi tepasida hovuz bo‘lib, unga suv Taxtaqaracha dovonidan-tog‘dan quvurlar orqali olib kelingan.
Albatta Amir Temur birinchi navbatda poytaxti Samarqandni dunyoning eng go‘zal va obod, ko‘rkam betimsol shaharlaridan biriga aylantirishni o‘zining bosh vazifasi deb bildi. U ishni eng avvalo mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng 150 yil mobaynida vayron va qarovsiz yotgan shaharlarning mudofaa devorlarini tiklashdan boshladi. Osma suv yo‘lining yakson etilishi tufayli suvsiz qolgan Samarqand mahallalariga Zarafshondan suv keltiradi.
Amir Temur o‘z saltanatining qo‘rg‘oni - Ark Qal’a, undagi betakror va go‘zal binolarni qurdirdi. Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy deb elda mashhur bo‘lgan bu binolar shaharning ko‘rki hisoblangan. Shahar arki ichida bu binolardan tashqari masjid, ulkan kutubxona, shohona uy-joylar, Amir Temurning xazinasi va taxti, pul zarblanadigan qo‘ra, aslahasozlik ustaxonalari, soz hammomlar hamda zindon bo‘lib, atrofi qalin va baland devorlar bilan o‘ralgan.
Sohibqiron Hindiston safaridan qaytgach, uning farmoni bilan jome’ masjidi (Bibixonim nomi bilan ataluvchi masjid madrasa) qurilishi boshlanadi. Jome’ masjidi qurilishiga Temurning shaxsan o‘zi qiziqqan va jangu-jadallar bilan band bo‘lsada, uni e’tiboridan qochirmagan. Jome’ masjidi byelgilangan muddatda bitkaziladi. Biroq Sohibqiron bu paytda safarda edi. Ayni paytda Temurning sevimli va katta xotini Saroymulkxonim ("Bibixonim") bunyod etilgan jome’ masjidi yonida jozibali va ulug‘vor muhtasham madrasa qurilishini boshlab yuborgan edi.
Amir Temur mashhur Shoxizinda qabristonini ham o‘zining o‘tkir zehni va ziyrak e’tiboridan chetda qoldirmadi. ("Shohizinda" - "tirik shox" ma’nosini beradi). Undagi maqbaralarning eng qadimiysi - Qusam ibn Abbos maqbarasidir. Qusam ibn Abbos islom dinining asoschisi, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning amakivachchasi bo‘lgan Abbosning zurriyodi edi. Qusam ibn Abbos islomni targ‘ib va tashviq qilishda ishtirok etgan buyuk shaxslardan bo‘lgan. U shu maqsadda 676-yilda arab istilochilari bilan birgalikda Samarqandga kelgan. Shu yerda afsonalarda aytilishicha, namoz o‘qib turgan paytlarida kofirlar hujum qilib uni o‘ldirgan ekanlar. Amir Temur Qusam ibn Abbos qabri ustiga yangi daxma o‘rnatgan. Bu daxma Markaziy Osiyo qadimgi kulollari ishlarining eng yaxshi namunalaridan biridir.
Chingizxon to‘dalari tomonidan batamom kuli ko‘kka sovurilib, vayronaga aylantirilgan Afrosiyob Temur va Temuriylar davriga kelibgina haqiqiy ikkinchi hayotga yuz o‘girdi. Amir Temurdan so‘ng uning iste’dodli va ma’rifatparvar nabirasi Ulug‘bek davrida Samarqand o‘z boshidan gullash davrini kechirdi. Ajoyib va muhtasham binolar qad ko‘tardi. "Bibixonim" madrasasi, Afrosiyob atroflari husniga husn qo‘shildi. "Bibixonim" masjidi hovlisining o‘rtasida marmar toshdan yasalgan Lavx bor (Lavx - qur’on qiroat qilinadigan maxsus kursidir). Ushbu Lavxni Mirzo Ulug‘bek XV asrning o‘rtalarida yasatgan. Unda quyidagi so‘zlar bitilgan: "Sultoni azizim, oliy himmatli hoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton, Ibn Sulton Amiri Mo‘min Ulug‘bek Ko‘ragon". Shohizinda ansamblining asosiy bosh darvozasini Ulug‘bek o‘g‘li Abdulazizga atab, milodiy 1434-1435 (hijriy 838) yillari qurdirgan. Unga quyidagi so‘zlar bitilgan: "Abdulaziz Bahodir Ibn Ulug‘bek, Ibn Shoxruh, Ibn Temur".
Shoxizinda ansamblida Temur va Temuriylar qurdirgan maktablarning soni 20 dan oshdi. Maqbaraning ichi juda baland va bezaklarning jilosi bilan har qanday kishini hayratlantiradi. Maqbaraning o‘rtasiga o‘rnatilgan sag‘ana toshlarida temuriylarga bag‘ishlangan yozuvlar bor. Shular orasida Amir Temur qabri ustiga qo‘yilgan to‘q yashil rangli mohtobdan yasalgan qabr tosh diqqatga sazovordir. 1425-yilda Ulug‘bek Qarshi (Naxshab) shahrini mo‘g‘ullardan tozalagach, shahardagi mo‘g‘ul xoni saroyidan yana shu to‘q yashil mohtobni Samarqandga olib kelib bobosi Sohibqiron sag‘anasi ustiga qo‘ydiradi.
Amir Temur Samarqandni dunyoning eng ko‘rkam va go‘zal shaharlaridan biriga-yer yuzining sayqaliga aylantirishni o‘zining vazifasi deb bildi. Uning tushunchasi bo‘yicha Samarqand Temurning kuch va qudratini jahonga ko‘z-ko‘z qilib ko‘rsatish kerak edi. Ko‘rkam va go‘zal Samarqand oldida dunyoning boshqa davlatlari poytaxtlari bamisoli kichik-kichik qishloqlarga o‘xshab ko‘rimsiz bo‘lib turishi lozim, deb hisoblanardi. Ulug‘ bobomiz ana shu mantiq asosida Samarqand atrofida bir qancha manzilgohlar to‘zib, ularga jahondagi yirik davlatlarning poytaxtlari nomlarini berdi: Bag‘dod, Damashq, Qohira, Sheroz, Sultoniya, Parij va hokazo. Parij keyinchalik xalq talaffuzida Forish deb yuritiladigan bo‘ldi. Amir Temur davrida Samarqandning dovrug‘i doston bo‘ldi. Uning to‘rt tomonida to‘rtta darvozasi bo‘lgan. Shahar atrofi qazilgan handaqlardagi zilol suvlar bilan o‘ralgan edi. SHaharning toza va ozodaligi juda ko‘p manbalarda madh etilgan. Jumladan, tarixchi Al G‘azzoliyning yozishicha, "muxtasiblar ko‘chaga tarvuz qovun po‘choqlarini, hamda boshqa chiqindilarni tashlab, yo‘lovchilar uchun sirg‘anish xavfini tug‘dirmaslikni, oqova suvlar sachrab odamlarning kiyimlarini iflos qilmasligini, qassoblar ko‘chalarda yoki do‘konlarning oldida mol so‘yib atrofni ifloslantirmasliklarini, har kim o‘z tomonidan qurgan qorni o‘zi tozalashini va boshqa obodonchilik ishlarini qattiq nazorat kilganlar".
220 gektarni egallagan birgina Afrosiyobning o‘zida Amir Temur hukmronligi davrida 80 ga yaqin hammom, qulay va gavjum 5 ta bozor bo‘lgan. Tarixchi sayyoh Ibn Haqqulning hikoya qilishicha, "Samarqandda oqar suv kirmagan biror ko‘cha, biror hovli deyarli yo‘q edi, faqat ba’zi uylargina bog‘siz edi". Odamlar ko‘chalarda ariqlarda oqib o‘tadigan toza zilol suvlardan ekinlik suvi o‘rnida foydalanganlar. Amir Temur poytaxti Samarqand atrofini bog‘u-rog‘lar bilan o‘rab olgan va bevosita Sohibqironning buyrug‘i bilan bir-biridan go‘zal o‘ndan ortiq bog‘ barpo etilgan2. Bular: Bog‘i Naqshi Jahon, Bog‘i Behisht, Amirzoda Shoxrux bog‘i, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Zog‘on, Bog‘i Baland, Davlatobod, Bog‘i Chinor, Bog‘i Nav, Bog‘i Jahonnamodir
Dostları ilə paylaş: |