Uchinchi funksiyasi, xo‘jalik sub’ektlari pul hisob – kitoblarini amalga oshirish
hisoblanadi. Iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari kun davomida bir
necha yuz minglab turli darajadagi pul aylanmalarini (asosan naqdsiz pul
ko‘rinishida) amalga oshiradi. Banklarning bevosita ishtiroki natijasida ushbu
o‘tkazmalar jo‘natuvchidan oluvchiga etib boradi. SHuningdek, banklar pul
o‘tkazmalari orqali iqtisodiyotning turli tarmoqlariga kapitalni joylashtiradi va kredit
liniyalari ochadi. Bularning barchasi banklarning pul hisob – kitoblarni amalga
oshirish funksiyasi orqali bajariladi va tartibga solinadi.
Banklarning pul aylanmasini tartibga solish funksiyasi orqali Markaziy bank
iqtisodiyotdagi tovar massasi va pul massasi o‘rtasidagi o‘zaro muvozanatlikni
ta’minlaydi. Ma’lumki, ushbu muvozanatning buzilishi iqtisodiyotda inflyasiya
darjasini ortib ketishi yoki pul taqchilligini vujudga kelishiga olib keladi. SHu bois
ham Markaziy bank o‘zining pul – kredit instrumentlari orqali pul aylanmasi uchun
zarur bo‘lgan to‘lov vositasining miqdorini tartibga solib turadi.
To‘lovni amalga oshirishda vositachilik qilishi banklarning to‘rtinchi funksiyasi
hisoblanadi. Banklar iqtisodiy munosabatlarga kirishuvchi tomonlar o‘rtasida
to‘lovlarni amalga oshirish orqali vositachilik ishlarini amalga oshiradi. Banklar
orqali bank mijozlarining, aholining, davlatning moliyaviy mablag‘lari o‘tadi, bank
ular o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshiruvchi moliyaviy muassasa sifatida vositachilik
vazifasini amalga oshiradi. Banklar vositachilik funksiyasi orqali nafaqat pullarni bir
xo‘jalik yurituvchi sub’ektdan ikkinchisiga o‘tkazadi, balki iqtisodiyotdagi moliyaviy
kapitalni bir tarmoqdan ikkinchisiga o‘tishini nazorat qilib boradi va ushbu
tarmoqlarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Kredit mablag‘larni muomalaga chiqarish banklarning beshinchi funksiyasi
hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, ushbu funksiyani barcha banklar bajarish huquqiga
9
ega emas. Bozor iqtisodiyoti sharoitida muomalaga kredit pullarni chiqarish
Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan. Markaziy bank muomalaga chiqarayotgan pul
massasini
mamlakatda
yaratilayotgan
tovar
massasiga
nisbatan
muvozanatligini ta’minlashga e’tibor qaratadi. Markaziy bankning ushbu funksiyani
samarali bajarayotganligi milliy valyutaning sotib olish qobiliyatini mustahkamligi
va inflyasiya darajasining pastligi belgilaydi.
Demak, tijorat banklari kredit pullarini muomalaga emissiya qilish huquqiga ega
emas, ular muomaladagi mavjud pul hajmi doirasida faoliyat yuritadi. Muomaladagi
pul massasining hajmini o‘zgarishiga tijorat banklari bevosita ta’sir qila olmaydilar,
bunga faqat Markaziy bankning huquqi mavjuddir.
Iqtisodiy va moliyaviy maslahatlarni berish banklarning oltinchi funksiyasi
hisoblanadi. Banklar iqtisodiyotdagi moliyaviy muassasa sifatida mulkiy shaklidan
qa’tiy nazar mamlakatdagi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘zlarining
huquqiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, turli darajadagi iqtisodiy va moliyaviy
maslahatlarni beradi. Albatta, ushbu maslahatlar mijoz va bank o‘rtasida tuzilgan
tegishli shartnomalar yoki o‘zaro kelishuvlar asosida amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, banklarning funksiyalari ularning mohiyatini va bajaradigan
operatsiyalarining mazmunini anglashga xizmat qiladi. Banklarning funksiyalari turli
iqtisodiy adabiyotlarda turlicha talqin etilishining asosiy sababi ijtimoiy – iqtisodiy
hayotda yuz berayotgan va rivojlanib borayotgan munosabatlarning doimiy ravishda
yangi qirralarining vujudga kelayotganligi bilan izohlanadi.
Dostları ilə paylaş: |