2.2.Ekologiya huquqining ob'yekti — amaldagi huquq normalari bilan tartibga solish imkoniyati bor bo'lgan atrof tabiiy muhit unsurlari, resurslari va ularning majmualari. Tabiiy ob'yekt yoki majmua ekologiya huquqining ob'yekti bo'lishi uchun quyidagi 4 ta talabga javob berishi lozim:
1.qonunlar, ya'ni ekologiya huquqi manbalari bilan tartibga solish imkoniyatiga
ega bo'la olishi;
2. tabiiy kelib chiqqanligi;
3. yaxlit bir ekologik tizimda bo'lishi;
4. inson uchun havotiv zarur omil hisoblanishi
Mazkur talablarning birortasiga ham javob bera olmagan moddiy boylik yoki tabiiy unsur ekologiya huquqining ob'yekti bo'la olmaydi. Masalan, tuproq Yer sharining eng ustki unumdor qatlami bo'lib, odamzoddan ancha oldin, uzoq geologik davrlar mobaynida paydo bo'lgan. Yer, suv, yer osti boyliklari, o'simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi va boshqa tabiiy unsurlar bilan birga yaxlit ekologik zanjirda turadi. Ushbu zanjirning tarkibiy qismlari biri-ikkinchisi bilan uzviy bog'langan ekologik tizimdadir. Ularsiz hech bir tirik organizm yashay olmaydi. Xalqaro shartnoma, muayyan davlat konstitutsiyasi, yer qonunchiligi asosida tuproqdan oqilona foydalaniladi va uning muhofazasi ta'minlaniladi. O'zbekistonda yerga oid munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan maxsus qonunlar majmui — «Yer kodeksi» amalda. Shunday qilib, yer (tuproq) atrof-muhitning ajralmas bir tabiiy bo'lagi sifatida ekologiya huquqining to'laqonli ob'yekti hisoblanadi. Xuddi shunday ko'rsatkichlarga yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, o'simlik va hayvonot dunyosi, o'rmon va tabiat komplekslari ham egadir.
Ekologiya huquqi ob'yektlarining o'ziga xos xususiyati va ularni mulk sifatida o'zlash-tirish imkoniyatlariga qarab milliy va xalqaro ekologiya huquqi ob'yektlariga ajratiladi.
Milliy ekologiya huquqi ob'yekti, o'z navbatida, quyidagi 4 qismga ajratiladi:
1.tabiiy ob'yektlar;
2. tabiiy resurslar;
3. tabiiy komplekslar;
4. antropogen, ya'ni kishilar faoliyati natijasida o'zgargan hududlar.
Tabiiyunsurlar— kishilar faoliyati aytarli darajada kuchli ta'sir ko'rsatmagan, ob'yektiv mavjud va ma'lum huquqiy normalar asosida foydalaniladigan yer usti va yer osti manbalari. Ularga barcha qidirib topilgan yoki hali topilmagan qazilma boyliklar, o'simlik va hayvonot dunyosi, suv havzalari, yer (tuproq) va atmosfera havosi kiradi. Bularning hammasi yagona ekologik tizimlarda turuvchi, insonga bevosita yoki bilvosita xizmat qiluvchi va qonun me'yorlari orqali muhofazaga muhtoj tabiiy unsurlar hisoblanadi.
Tabiiy resurslar — kishilarning hayotiy faoliyatlarida islilatilayotgan yoki ishlatish arafasida (zahirada) turgan tabiiy ob'yektlar. Ular, nafaqat oqilona foydalanish, shuningdek, muhofaza qilish qoida va me'yorlarini o'rnatilishiga ham muhtojdir.
Tabiiy komplekslar — muayyan hududda yagona ekologik tizimda turuvchi tabiiy komponentlar (yer,suv, yer osti boyliklari, atmosfera havosi, o'simlik va hayvonot dunyosi)ni bir paytning o'zida muhofaza qilish va ulardan birgalikda foydalanish ob'yekti.
Antropogen omil tufayli o'zgargan hududlar — alohida huquqiy chora va tadbirlarni ishlab chiqishga muhtoj bo'lgan, kishilar faoliyati natijasida o'zgargan tabiat komponentlarini o'zida mujassamlashtiruvchi ob'yektlar. Ular, shartli ravishda, kishilarning xo'jalik faoliyati toifalariga qarab quyidagilarga ajratiladi:
1.aholi punktlari tegra(zona)lari;
2. sanoat tegralari;
3. qishloq xo'jalik tegralari yoki agrar tegralar.
Atrof-muhit va organizmlar o'rtasidagi tabiiy munosabatlarga buzilishi yoki o'zgarishi sabablarini o'rganish hamda barqarorlashtirish yuzasidan huquqiy qonun hujjatlarni tatbiq etish.