2.BOB Kichik maktab yoshidagi psixologik Korreksiyaning o’ziga xos xususiyati. 2.1. Bolani maktabga moslashishining o’ziga xos xususiyati. Maktabgacha yosh davrda ijodkorlik jarayoni boshlanadi. Ijodkorlik layoqati, asosan, bolalarning konstruktorlik o’yinlarida, texnik va badiiy ijodlarida namoyon bo’ladi. Bu davrda maxsus layoqatlar kurtaklarining birlamchi rivojlanishi ko’zga tashlana boshlaydi. Maktabgacha davrda tasavvur, tafakkur va nutq umumlashadi. Bu esa bu yoshdagi bolalarda tafakkur qilish omili sifatida ichki nutq yuzaga kelayotganligidan dalolat beradi. Bilish jarayonlarining sintezi bolaning o’z ona tilini to’liq egallashi asosida yotadi. Bu davrda nutqning shakllanish jarayoni yakunlana boshlaydi. Nutq asosidagi tarbiya jarayonida bolada sodda axloq me’yorlari va qoidalar egallaniladi. Bu me’yor va qoidalar bola axloqini boshqaradi.
Kichik maktab davri 6-7 yoshdan 9-10 yoshgacha davom etadi. Bu davrda bola, fan asoslarini o’rganish uchun biologik va psixologik jihatdan tayyor bo’ladi. Uning psixikasi bilim olishga yetadigan darajada rivojlanadi. SHu yoshdagi bola idrokining o’tkirligi, ravshanligi, sofligi, aniqligi, xayolining yorqinligi, xotirasining kuchliligi, tafakkurining yaqqolligi o’zining qiziquvchanligi, ishonuvchanligi bilan boshqa yoshdagi bolalardan ajralib turadi. Maktab ta’limiga tayyorlanayotgan bolada diqqat nisbatan uzoq muddatli va shartli barqaror bo’ladi. Kichik maktab yoshidagi bolalarning asosiy faoliyati o’qish xisoblanadi.
Bolaning maktabga borishi, uning psixologik rivojlanishi va shaxsning shakllanishidagi o’rni nihoyatda katta. Bola o’quv faoliyatida o’qituvchi rahbarligida inson ongining turli funksiyalari mazmunini egallaydi, insoniy an’analar asosida harakat qilishni o’rganadi, o’z irodasini o’quv maqsadlariga erishish uchun mashq qildiradi. O’quv faoliyati boladan nutq, diqqat, xotira, tasavvur va tafakkurini kerakli darajada rivojlanishini talab etgan holda, bola shaxsi rivojlanishi uchun yangi sharoitlarni yaratadi.
Birinchi bor maktabga kelgan bola o’z atrofdagilari bilan psixologik jihatdan yangi munosabat tizimiga o’tadi. U xayotining tubdan o’zgarganini, unga yangi majburiyatlar, nafaqat, har kuni maktabga borish, balki o’quv faoliyati talablariga bo’ysunish ham yuklatilganligini his eta boshlaydi. Oila a’zolarining bola o’quv faoliyati, yutuqlari bilan qiziqayotganligi, shuningdek, uni nazorat qilayotganligi, unga qilinayotgan yangi muomala, munosabat uning ijtimoiy mavqei o’zgarganligini to’la his etishiga, o’ziga nisbatan munosabatining o’zgarishiga asos bo’ladi. Kattalar bolalarni amaliy jihatdan o’z vaqtlarini to’g’ri taqsimlash borasida yaxshi o’qish, o’ynash, sayr qilish va boshqa narsalar bilan shug’ullanishga o’rgatadilar. Demak, oilada bola u bilan hisoblashadigan, maslahatlashadigan yangi bir o’rinni egallaydi.
O’quvchining maktabdagi muvaffaqiyati uning keyingi psixik rivoji va shaxsining shakllanishida to’liq ijobiy asos bo’ladi.
Bola insoniy munosabatlar tizimida ham alohida o’rin egallayotganini, ota-onasi, yaqinlari, atrofdagilari unga yosh boladek emas, balki o’z vazifalari, majburiyatlari bor bo’lgan, o’z faoliyat natijasiga ko’ra hurmatga sazovor bo’lishi mumkin bo’lgan alohida shaxs sifatida munosabatda bo’ladilar.
Buning natijasida bolaning o’z-o’zidan oilasi, sinfi va boshqa jamoalardagi o’z o’rnini anglay boshlaganini ko’rish mumkin. Bu davrda bolaning "Men shuni xohlayman" motividan "Men shuni bajarishim kerak" motivi ustunlik qila boshlaydi. Maktabda birinchi sinfga kelgan har bir o’quvchida psixik zo’riqish kuchayadi. Bu nafaqat uning jismoniy salomatligida, balki xatti-harakatida ham, ya’ni ma’lum darajada qo’rquʻvni kuchayishi, irodaviy faollikning susayishida namoyon bo’ladi.
Bu davrga kelib bola atrofidagilar bilan o’zaro munosabatda ma’lum bir natijalarga erishgan, o’zi xohlayotgan narsalarni hamda o’z oilasida o’zi egallagan o’rnini aniq biladigan bo’ladi. SHuningdek, u o’zini-o’zi boshqarish malakasiga ega bo’ladi, vaziyat va holatga qarab ish yurita oladi. Bu yoshdagi bolalar xatti-harakatlari va motivlari ularning o’zlariga beradigan baholariga qarab ‘‘Men yaxshi bolaman" emas, balki bu xatti-harakatlar o’zgalar ko’z o’ngida qanday namoyon bo’lishiga qarab baholanishini tushuna boshlaydilar.