29-modda. Ish qidirayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi
Ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish:
qishloq joylarda — mahalliy mehnat organining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor hududiga, ish qidirayotgan shaxsning yashash joyidagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi hududiga biriktirilgan xodimi tomonidan;
agar ish qidirayotgan shaxs mahalliy mehnat organi joylashgan aholi punkti hududida yashayotgan bo‘lsa — ishsiz shaxslarni hisobga olish, ishga joylashtirish va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash sektori xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Ish qidirayotgan shaxslar mahalliy mehnat organi xodimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasportini yoki uning o‘rnini bosuvchi va shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni;
mehnat daftarchasini yoki mehnat stajini tasdiqlovchi boshqa hujjatni, bundan birinchi marta ish qidirayotgan shaxslar mustasno;
ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatning aslini yoki uning ko‘chirma nusxasini (ma’lumot mavjud bo‘lgan taqdirda);
kasbi yoki kasbiy malakasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatni yoki uning ko‘chirma nusxasini (kasbi yoki kasbiy malakasi mavjud bo‘lgan taqdirda);
ish joyidan oxirgi o‘n ikki oy uchun ish haqi (mehnat daromadi, pul ta’minoti) to‘g‘risidagi ma’lumotnomani — ilgari ishlagan shaxslar, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun.
Zarur bo‘lganda, mahalliy mehnat organi ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda so‘rovnoma yuborishi, shu jumladan elektron hujjat aylanishidan foydalangan holda yuborishi mumkin:
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga — tavsiya etilayotgan mehnatning xususiyati va sharoitlari to‘g‘risida xulosa olish uchun (nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan);
sog‘liqni saqlash muassasalariga — tibbiy xulosalar va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat faoliyatida cheklovlar mavjud bo‘lgan shaxslarga nisbatan);
jazoni ijro etish muassasalariga — shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun (jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nisbatan);
fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga — bolalarining tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning ko‘chirma nusxalarini olish uchun (qaramog‘ida bolalari bo‘lgan shaxslarga nisbatan);
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga — boqimandalar mavjudligi hamda qonunchilikda belgilangan nafaqa va pensiyalarni olmayotganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun (bolalaridan tashqari boshqa boqimandalari bo‘lgan shaxslarga nisbatan).
(29-modda uchinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Zarur bo‘lganda, mahalliy mehnat organi murojaat etgan shaxs haqiqatan fermer (dehqon) xo‘jaligi a’zosi ekanligi to‘g‘risida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan axborot so‘rab olishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |