73-modda. Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida stipendiyalar to‘lash
Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida ishsiz shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan, qoida tariqasida, yigirma olti kalendar haftagacha bo‘lgan muddatga stipendiya to‘lanadi.
Stipendiya ishsiz shaxslarga quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) oxirgi o‘n ikki oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida;
birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yetmish besh foizi miqdorida.
Stipendiyalarni to‘lash soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Stipendiyalar to‘lash to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Bandlik xizmati” axborot tizimida va so‘rovnomada ko‘rsatiladi.
Stipendiya ish qidirayotgan, mahalliy mehnat organlari tomonidan qisqa muddatli o‘qitishga yuborilgan shaxslarga to‘lanmaydi.
Dostları ilə paylaş: |