89-modda. Kasbiy standartlar va ularning loyihalarini ishlab chiqish tartibi
Kasbiy standartlar kadrlar malakasini, ularning bilim va ko‘nikmalarini baholash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish, tayyorlash va qayta tayyorlash uchun asos sifatida ishlab chiqiladi.
Kasbiy standartlar loyihalari:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy tashkilotlar tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan reja-jadvalga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tanlagan tashkilotlar tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan buyurtmasiga muvofiq;
tashabbus tartibida — ish beruvchilarning birlashmalari, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, kasbiy assotsiatsiyalar, ilmiy tashkilotlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi.
Kasbiy standartlar mazmuni va uni rasmiylashtirishga doir talablar Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kasbiy standartlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |