12.Testlarning turlari Test deb, bir xil shaklda tuzilgan, qisqa, vaqt bo‘yicha chegaralangan, miqdoriy kattalik bilan ifodalangan individual tafovutlarni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan psixologik tashhislash sinoviga aytiladi. Testlar yordamida odamlarni o‘zaro bir-biri bilan solishtirgan holda o‘rganish, ular psixologiyasi va hulq-atvoriga baho berish mumkin. Test sinaluvchining o‘zini tutishini belgilovchi qat’iy qoida bo‘yicha sinaluvchilar bajarishi zarur bo‘lgan vazifalar to‘plamidan iborat. Testlarning bajarilishi javoblarning to‘g‘riligi mezoni bo‘yicha baholanadi. To‘g‘ri bajarilgan vazifalar uchun ballar belgilab qo‘yilgan. Testning rag‘bat materiali barcha sinaluvchilar tomonidan bir xilda qabul qilinishi kerak.
Testlarga berilgan javoblarni ishlab chiqishning ma’nosi shundan iboratki, olingan ma’lumotlar kalit yordamida baholashning ma’lum ko‘rsatkichlari, masalan, shaxsning xususiyatlari bilan solishtiriladi. Aniqlashning so‘nggi natijalari test ko‘rsatkichlarida o‘z ifodasini topadi. Ularning tashhislashdagi ahamiyati, odatda, ko‘p sonli sinaluvchilarda statistik hisoblash yo‘li bilan olingan ko‘rsatkichlar bilan qiyoslash orqali aniqlanadi.
Testlar bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflanadi. Maqsadga ko‘ra, tanlash, ajratish, tasniflash testlariga bo‘linadi.
Mazmuniga ko‘ra,: a) umumiy qobiliyatlar uchun (intellektual va kreativ); b) maxsus qobiliyatlar: shaxs testlari, yutuqlarga erishish testlari, mezonli-yo‘naltirilgan testlarga ajratiladi.
SHakliga ko‘ra testlar individual va guruhli bo‘lib, quyidagi turlarga bo‘linadi:
- verbal va noverbal (taqdim etilgan vazifalarning shakliga ko‘ra);
- blankli testlar («qalam va qog‘ozli») – sinaluvchiga taqdim etilish shakliga ko‘ra;
- asbobli testlar (maxsus asboblar yordamida);
- kompyuter testlari.
Texnika usullari nuqtai nazaridan testlar to‘rt turga bo‘linadi: 1) ob’ektiv, ko‘pchilik hollarda asbobli, psixofiziologik sinovlar, masalan, emotsional holatni belgilab beruvchi teri-galvanik refleksini o‘lchash; 2) so‘rov metodikalari yoki sub’ektiv testlar, masalan, G. Ayzenk va R. Kettelning umumshaxsiy testlari; 3) «qalam va qog‘ozli» testlar, masalan, diqqatni tashhislash uchun – matndagi ma’lum harflarni o‘chirish yoki labirintdan eng yaqin chiqish yo‘lini chizish va boshqalar; 4) sinaluvchilar hulq-atvori ifodalanishini baholashga asoslangan testlar, masalan, shaxsning guruh tomonidan baholanishi metodikasi (SHGB).