Reja
1. Etiket va uning xususiyatlari
2. Muloqot etiketi
3.
Etiket axloqiy madaniyatning yaqqol ko‘zga tashlanadigan munosabatlar ko‘rinishlaridan biri sifatida ko‘proq insonning tashqi madaniyatini, o‘zaro munosabatlardagi o‘zini tutish qonun-qoidalarning bajarilishini boshqaradi. Aslida,, “etiket” tushunchasi miloddan avvalgi 2,5 - 3 ming yillikda qadimgi Misrda paydo bo‘lgan. Etiket (étiquette) atamasi esa XVII asrning oxirida vujudga kelgan. Ammo qadimgi manbalar etiket qoidalari ta’b, rasm-rusm hamda odatlar shaklida azaldan ibtidoiy davrdayoq qabilalarda mavjud bo‘lganligini asoslaydi. Bunday qoidalarni to‘liq bajarmaslik o‘zi yashayotgan jamoat yoki qabilaga xiyonat qilish bilan barobar bo‘lgan. Avvalida bunday qoidalar nafaqat axloqiy, balki huquqiy, iqtisodiy, diniy hamda qon-qarindoshlik munosabatlarini ham qamrab olgan edi. Jamoatning har bir a’zosi unga so‘zsiz bo‘ysunar edi. Shu tariqa etiket bu davrda mustaqil qoidalariga ega bo‘lmagan, asosan jamoatning ijtimoiy muammolariga bog‘liq holda tatbiq etilgan. Ya’ni, bu qoidalar tabiiy jamoatning talabi bilan vujudga kelgan. Bunday talablarning bajarilishi qabila yoki jamoatning kattalari tomonidan nazorat qilinar edi. Keyinchalik esa ushbu qoidalar mustaqil ravishda ajralib chiqib, faqatgina axloqiy me’yorlar darajasida ko‘rila boshladi. Qadimgi Sharqda, jumladan, Somir alqovlarida inson xatti-harakatlarini tartibga soluvchi yozma yodgorliklarda – giltaxtalarda o‘z aksini topgan. Qadimgi Misrda esa bu tartib qoidalar qonunlar majmui sifatida emas, balki badiiy adabiyotlar orqali namoyon bo‘lgan.
Bunday qoidalar, ayniqsa, Somirda ilohiylik bilan yo‘g‘rilgan. Ularni bajarmaslik xudoning qahri bilan qaytarilishi ta’kidlangan. Qadimgi skandinaviya adabiy yodgorligi “Edda” eposi nafaqat dasturxon atrofida o‘tirish qoidalari, balki mezbon sharafiga tilak aytish me’yorlarni ham o‘zida mujassam etgan. Bu kabi xatti-harakat me’yorlari jamiyat taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab berar edi – yashash tarzi, odamlar dunyoqarashi, jamiyatdagi darajalarni farqlardi. Bu esa keyinchalik turmush etiketi, siyosiy etiketning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. U butun bir jamiyat bilan birga, o‘zaro davlatlarning tashqi munosabatlarini ham belgilar edi. Siyosiy etiketning vujudga kelishiga 1278 – yilda qadimgi Misr Firavni bilan Xett qiroli Xattush III o‘rtasidagi kumushga bitilgan yozma kelishuv asos bo‘la oladi. Garchi Misr bunda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa – da, qirol uchun Misr kabi davlat bilan hamkorlik qo‘l kelar edi. Shu tarzda kelishuvning imzolanishi diplomatik etiketning (siyosiy etiket) boshqa etiket turlaridan ancha avvalroq paydo bo‘lgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Zotan, davlatlararo munosabatlardagi qabullar qadimgi Misr uchun katta ahamiyat kasb etgan. Zero bunday qabullar juda katta dabdaba va haddan ziyod qoidalar va rasm-rusmlar bilan amalga oshirilar edi. Keyinchalik bunday qabullar boshqa davlatlarda ham amalga oshirila boshlandi. Qadimgi Yunonistonda esa elchilar maxsus “Germes nishonlari” deb nomlangan vakillik nishonlarini o‘zlari bilan olib yurganlar. Elchilar xalqaro 5 etiketning bilimdonlari sifatida ushbu yurtda qabul qilingan siyosiy qonunqoidalarni qay darajada bilishlari kelishuv bitimining taqdirini hal qilgan. Qadimgi Rimda esa siyosiy etiket yanada ustunlikka ega bo‘lgan. Misol uchun, elchilar qabulining avvali ziyofatlar bilan boshlanib, tashrifning tugallanishida esa ikki tomonlama sovg‘a hadya qilish bilan yakunlangan. Shu tarzda oqsuyaklarni oddiy fuqaro va ulardan pastroq darajada bo‘lgan insonlardan farqlay bilish uchun alohida odamlarning o‘zini a’lo jamoatda tutishning tartib – qoidalari paydo bo‘ldi. 1207 – yilda ispaniyalik Petrous Alfonsi muallifligida ilk bor “O‘zini tutish qoidalari” deb nomlangan kitob paydo bo‘ldi. Albatta, bu izlanishlar qadimgi Turon hamda Eron zaminida bunday yodgorliklar bo‘lmagan, degan fikrni bildirmaydi. Zotan, bunda pandnomalarning o‘rni beqiyos. Ammo shuni aniqlash zarurki, milliy o‘zligimizni anglash bilan bog‘liq bunday ilmiy atamalar juda ko‘p chalkash tushunilishi yoki targ‘ib qilinishi natijasida ko‘pgina noaniqliklar vujudga keladi. Aytaylik, axloq bilan xulq va odobni, odob bilan etiketni bir ma’noda tushunish hollari uchraydi. Aslida,, ushbu tushunchalar bir-biridan ham nazariy, ham amaliy, ham qo‘llanish jihatidan farqlanadi. Etiketga keladigan bo‘lsak, odob qoidalari etiket qoidalaridan ustun hisoblangan. Zero odob rasm-rusmlari – asosan, tashqi ta’sirga emas, balki ichki jihatlarga – insoniylik, xulq va axloqiylik uchun asos sifatida qaratilgan. Ya’ni etiket “ muhimi qandayligi emas, balki boshqalar uchun qanday ko‘rinishda” shiori ostida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik, aslzodalikning mavjudligini ko‘rsatishga intilish va shu bilan jamoatchilikda ijobiy taassurot qoldirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Odob insonlararo munosabatlarni axloqiylashtirish hamda uni axloqiy anglash orqali takomillashadigan tashqi va ichki go‘zallik uyg‘unligi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, “Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida burilish yasaydigan darajada muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi” Bundan tashqari, odob insonlarni ranjitmaslik, Jan Pol Sartr aytganidek, erkin jamiyatda erkin bo‘lish, ya’ni boshqalar erkini ta’minlashga, odamlarni axloqiylikka, ular orasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu atamalarning ilmiy asosiga murojaat qilsak, ularning mazmun-mohiyati yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda etiket birinchidan, inson va jamiyat o‘rtasida munosabatlarning qaysi axloqiy mezonlarga asoslanishini belgilasa, ikkinchidan, siyosat va ijtimoiy voqelikni bir–biri bilan “murosa-yu – madora” qilishga chaqiruvchi tarbiya vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Garchi bu ikki soha insoniy munosabatlarni go‘zallashtirishga qaratilgan bo‘lsa-da, ularning rivojlanishi individual xarakterga ega. Chunonchi, insonlararo munosabatlarda Sharq e’tiborni odob va axloqqa qaratib, uni pandnomalar orqali rivojlantirgan bo‘lsa, G‘arbda esa etiket qoidalari diplomatik munosabatlardagi xatti-harakatlarga asoslanadi. Bu borada 1716 – yilda Gamburgda nashr etilgan Montesning “Yuqori tabaqali insonlar va ayollar bilan qanday mulozamat qilish hamda ayollarning bizga nisbatan o‘zini qanday tutishi haqidagi kitob” deb nomlangan asari misol bo‘ladi. Unda turli tantanali qabullarning etiket bilan bog‘liq barcha murakkabliklari tasnif qilingan.
Avvalo, etiket mumtoz etika fanining axloqiy madaniyat ruknidagi sohasi sifatida o‘tib kelinadi. Ammo axloqiy tafakkur rivoji axloqiy muammolarning zamonaviy masalarini tadqiq qilishi natijasida kengaya boshladi. Bunday holat natijasida etiketni etika fanining alohida qismi tadqiq etishni taqozo qilmoqda. Qolaversa, o‘tgan asrning oxiriga kelib, dunyo ijtimoiy-ma’naviy manzarasining o‘zgarishi va axloqiy qadriyatlarga munosabatdagi “zamonaviylik” ba’zi axloqiy qadriyatlarni noto‘g‘ri tushunilishi yoki ularga mensimaslik bilan munosabatda bo‘lish kabi salbiy holatlarni vujudga keltirmoqda. Ayniqsa, insonlararo muomala va muloqotdagi qo‘pollikni – to‘g‘rilik, kibr va riyoni – qadr-qimmat, odobsizlikni – erkinlik, nomardlik, hiyla va haromni – uddaburonlik, kattalarga nisbatan hurmatsizlikni – mustaqil fikrga egalik, madaniyatsizlikni – dangallik deya qabul qilish achinarli holdir. Bundan tashqari, yuqoridagi salbiy holatlar har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish, iqtisodiy jihatdan barqarorlikka ega bo‘lish, axloqiy munosabatlarni tartibga solish, o‘z sohasining ustasi sifatida jahon mutaxassislari bilan bemalol raqobatlasha oladigan kadr bo‘lib yetishish yo‘lida olib boriladigan ishlarga ham monelik qiladi. Shuni ta’kidlash zarurki, axloqiy tafakkur etiketni o‘z-o‘zicha axloqiy anglashning muhim xususiyatlariga hamda axloqiy tamoyillar, me’yorlar, 8 tushunchalarsiz qabul qilib, uni ijtimoiy hayotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash bilan kutilgan natijani bermaydi. Chunki hozirgi zamon etiket mezonlari, qoidalari va talablari barcha ijtimoiy hayot sohalarini qamrab olmoqda. Bugungi etiket inson axloqiy munosabatlarini himoyalaydi. Biroq, etiketning axloqiy talabi hisoblangan nazokat, takalluf, iltifotda samimiylik, ya’ni botiniy axloqning bo‘lmasligi yoki sustligi amalga oshirilgan harakatlarni oqlamaydi. Shu ma’noda, bu yo‘lda yuksak axloqiy bilim va dunyoqarashga ega bo‘lmay turib, kutilgan natijaga erishish qiyin. Zero, ulug‘lar aytganidek, “Vaqtiki ma’lum bo‘ldi, har kishiga ul ilmni bilmak vojibdurkim, qilur amalida ul ilmga hojatmand bo‘lg‘ay. Bas, bilgilki, omi(lar) hamisha xatardadurlarkim, agar bir amalni qilmoqni xohish qilsalar, ul amal ilmini bilmagay...” Etiketning qoidalari – odobga, odob – xushxulqqa, xushhulq - axloqiylikka olib boradi. Binobarin, axloq – jamiyat, zamon, ba’zan umumbashariy ahamiyatga ega, insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisi, insoniy kamolot darajasini belgilovchi ma’naviy hodisa sifatida nafaqat shaxsni, balki butun bir jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois etiketni bugungi kunga kelib, texnika asri kishisining zamon talablariga javob beradigan madaniy-maishiy turmush tarzini go‘zallashtirishga, o‘zaro munosabatlar tizimini madaniylashtirishga xizmat qiluvchi fanning yangi tarmog‘i deyish mumkin.
MULOQOT ETIKETI Donishmandlarning “Yuziga boqma, so‘ziga boq”, degan hikmatlari ayni haqiqatdir. Til – inson tafakkuri mahsuli. U inson madaniyati fikriy go‘zalligini yaxshi, ibratli, havas qilsa arziydigan fazilatlarini yuzaga chiqaruvchi vositadir. Muomala esa insonlarni bir-biriga bog‘lovchi, yaqinlashtiruvchi, katta-kichik xayrli ishlarga undovchi fazilatdir. Insonning go‘zal hayot kechirishida, jamiyat orasida o‘z o‘rnini topa olishida, boshqalarning hurmat ehtiromiga erishishida muomalaning o‘rni kattadir. Insonning shirinso‘zligi kishining tarbiyalanganligidan guvohlik bersa, so‘zga boyligi, chechanligi, ma’nodorligi uning o‘qimishli, bilimdonligini ko‘rsatadi. Go‘zal muomala inson dilini qanchalik xushnud etsa, aksincha,, achchiq so‘z, qo‘pol muomala inson qalbini larzaga soladi. Shirin muomalada bo‘lish ham katta san’at. Shirin so‘z bilan kishining ishonchi va qalbini egallash mumkin. So‘z, yuz va ko‘z tilning ko‘rki hisoblanadi. Insonning boshqa inson bilan muloqotiga qarab, uning axloqiga ham baho beriladi. So‘z orqali insonlarning tafakkuri, fikri anglashiladi, muomala madaniyati orqali u kishining odobi, kelib chiqishi, nasl-u nasabi, ota-onasi va ustozining bergan ta’lim tarbiyasi namoyon bo‘ladi. Insonnning ichki dunyosi, shaxsi, aqli va his-tuyg‘ulari uning tashqi qiyofasi – ko‘zlari, chehrasi, shuningdek, qaddi-qomati va yurish-turishida to‘la aks etadi. Insonning ichki dunyosi qanchalik mukammal bo‘lsa, yurish-turishi ham shunchalik madaniyatli bo‘ladi. Muomala madaniyatida so‘z aqldan kuch, tildan ixtiyor oladi. Til shunday kuchga egaki, suyaksiz bo‘lsa ham suyakni tebratadi. Muomala odobi boshqa kishilar qadr-qimmatini, izzatini joyiga qo‘yishni, an’anaviy axloqiy-me’yoriy talablarini bajarishni taqozo etadi. Shuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko‘zga ko‘rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo‘lishi so‘z, nutq vositasida ro‘y beradi. So‘zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Shu bois muomala odobi o‘zini, eng avvalo, shirinsuxanlik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe’llilik singari axloqiy me’yorlarda namoyon qiladi. Ayniqsa, bu axloqiy madaniyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uni ko‘proq namoyon qiladigan eng muhim unsurlaridan biri – muomala odobi. Bu borada mutasavvuf olimlarimizdan Imom G‘azzoliy bir qancha o‘rinli fikrlarni bildiradilar: “Hazrati Rasul alayhissalom aytibdurlar: “Haq subhonahu va taolo ochiq yuzlilarni do‘st tutar”. Va yana aytibdurlar: “Hech bir yaxshi amal yo‘qki, mahfiratga sabab bo‘lmoqg‘a ochiq chehralik va shirinzabonliqdan ziyoda
Dostları ilə paylaş: |