Eng maqbul shakl tabiatda mavjud Bionik kashfiyotga eng oddiy misol bu kiyim, narsalardagi qismlarni bir-biriga ulaydigan ilgak yoki tugmadir. Ikkita yopishqoq qism bittasida o‘ta kichik ilmoqlar, boshqasida esa mayda xalqachalar borligi sabab bir-biriga mustahkam birlashtiriladi. Aslida bu «yopishqoq» ilgak bionika atamasi paydo bo‘lishidan ancha oldin shveytsariyalik muhandis Jorj de Mestral tomonidan ixtiro qilingan. U sayrdan so‘ng kuchugi yungini tozalayotganda jonivorning terisiga mahkam yopishib kolgan chakamug‘ (sariqchoy) tikanaklariga e'tiborini qaratadi. Shundan so‘ng mutaxassis tikanaklarning tuzilishini mikroskop yordamida o‘rganib chiqib, xuddi shu tamoyil asosida ishlaydigan ilgak (qistirgich tugma)ni kashf etgan. Wikipedia.org saytida aytilishicha, keyinchalik olimlar shunga o‘xshash mahkamlash usulini qushlarning patlarida kuzatishgan. Shu bilan birga, tabiatda «yopishqoq» sirtlarning bundan-da mustahkam namunalari mavjud. Gekkon deb nomlanuvchi kichkina kaltakesak vertikal yuzalarda bemalol turishi, hatto biron-bir qiyinchiliksiz harakatlanishi mumkin. Uning panjalari sirtga qattiq yopishib, sirpanib ketmaydi. Ayni paytda bu jonzot tanasini yuqoriga qarab tortganda hech qiynalmay, uni sirtdan ajrata oladi. Tadqiqotchilar gekkon panjalarini o‘rganayotganda undagi ajabtovur xususiyatlarning sababi pastki kaftlardagi ko‘plab mayda tukchalarda ekanligini aniqlashdi. Ular sirtga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida bo‘lganida tananing qattiq jismga tegib turgan qismi u darajada katta bo‘lmaydi. Bu kaltakesak panjalarini osonlik bilan yuzadan ajratib olib harakatlanishiga yordam beradi. Burchak o‘zgarganda esa tananing nisbatan kattaroq qismi yuzaga tegadi, natijada sirtga mahkamroq yopishadi. Infuture.com saytida, tadqiqotchilar nanonaychalardan foydalangan holda gekkon panjalari kafti tuzilishini hosil qilishga muvaffaq bo‘ldi, deyiladi. Lekin dastlab ular aslidagidek mustahkam «yopishish» samarasiga erisholmadilar. Keyinchalik kaltakesak panjalarini chuqurroq tadqiq etish tufayli kaftlaridagi tukchalar tarmoqlanib ketganligi sirtga yanada qattiq yopishish imkonini berishini aniqladilar. Shunda olimlar sun'iy panjalardagi oddiy nanonaychalarni tarmoqlanadigan turdagisiga almashtirib, gekkonning sirtga tirmashish xususiyatidan ham kuchliroq natijaga erishdilar.