Muhabbatsiz kishining ko`ngli qishdur asli yoz o`lmas.
Muhabbatning obyekti doimo go`zallik, manfaatsiz go`zallik. U – Allohmi, Vatanmi, yormi – muhabbat egasiga undanda go`zalroq narsa yo`q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo`lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Inson o`zi o`zgaga aylanganida, o`zgani o`ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi.
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko`pchilik tushunchalar kabi “juftlik” xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi muhabbatdan farqli o`laroq keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo`ladi, obyektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanish hissi, uning kundalik turmushdagi tor, “mayda” ko`rinishidir.
Ayni paytda nafrat g`azabdan keskin farq qiladi. Agar g`azabning asosida inson fe`lining salbiy holati – oniy badjahllik yotsa, nafrat uchun chuqur o`ylab ko`rilgan va qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi.
Dostları ilə paylaş: |