Estetikaning ijtimoiy fanlar bilan aloqadorligi. Etika va estetika fanlari shu qadar bir-biriga yaqinki, hatto ba'zi davrlarda ular yetarli darajada o'zaro chegaralanmagan. Chunki insonning xatti-harakati va niyati ko'pincha ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo'ladi, ya'ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik, ham nafosat xususiyatlarini o'zida birvarakay mujassam qiladi. Shu sababli Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ta'limotlarida axloqiylikni — ichki go'zallik, nafosatni — tashqi go'zallik tarzida talqin etganlar.
Estetika psixologiya (ruhshunoslik) bilan uzviy bog'liq. Ma'lumki, insonning ruhiy hayotini o'rganar ekan, ruhshunoslik, hissiyotlar masalasiga katta o'rin beradi. Go'zallikni, san'at asarini yaratish va idrok etish ham ma'lum ma'noda hissiyotlar bilan bog'liq. Masalan, oddiy xarsang tosh kishida alohida bir hissiy taassurot uyg'otmaydi. Lekin toshga haykaltarosh qo'l urganidan so'ng, undan hayot nafasi, insoniy hissiyotlar ufura boshlaydi. Sotsiologiya (ijtimoiyshunoslik) fani bilan aloqadorligi. Ma'lumki, har bir san'at asari alohida inson shaxsiga e'tibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida badiiy tadqiq etadi. Hatto inson va jamiyat bevosita aks etmagan manzara janridagi asarda ham ijtimoiylik jamiyat a'zosi — muallif qarashlarining bilvosita in'ikosi bo'lmish uslubda o'zini ko'rsatadi.
Dostları ilə paylaş: |