Mulohazalarning sifati va miqdori.
Mulohazalar sifat jihatidan ikki xil - tasdiq va inkor bo’ladilar.
Tasdiq mulohazalarda narsaning biror - bir belgiga ega ekanligi e’tirod etiladi. Masalan, “O’zbekiston ko’plab xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqa bog’lagan”, “Hisobni bilmagan hamyonidan ayriladi”. Bunday mulohazaning formulasi “S - R dir” shaklida yoziladi.
Inkor mulohazalarda esa narsa va hodisalarning biror belgiga ega ekanligi rad etiladi. Masalan, “Suvsiz hayot bo’lmaydi”, “Mulohaza egasiz bo’lmaydi”, “Osmonda ustun bo’lmaydi” va hokazo. Bu mulohazalar “emas”, “-maydi” kabi qo’shimchalar yordamida hosil qilinadi.
Mulohazaning miqdori mulohaza aks etgan narsa va hodisalarning qancha ekanligini (Bir mantiqiy sinf tarkibida qancha o’rin egallab turganini) ko’rsatadi.
Mulohaza miqdor jihatidan uchga bo’linadi:
1. Yakka mulohaza.
2. Juz’iy mulohaza.
3. Umumiy mulohaza.
Yakka mulohazada faqat bir narsa haqida bilim ifodalanadi. Masalan, “Amudaryo Orolga quyiladi”, “Abulqosim Firdavsiy “Shoxnoma” asarining muallifi”, Buning formulasi quyidagicha:
“S - R dir” va
“S - R emasdir”
Juz’iy mulohazalarda bir mantiqiy sinfga kiruvchi narsa va hodisalarning ma’lum bir qismi haqida fikr bayon qilinadi. Ularning biror belgiga ega ekanliklari tasdiqlanadi yoki inkor etiladi. Masalan, “Kursimizning ko’pchilik talabalari yaxshi o’qiydi”, “Ba’zi odamlar xushyor emas” va hokazo.
Juz’iy mulohazaning formulasi quyidagicha:
“Ba’zi S - R dir” va
“Ba’zi S - R emas”
Umumiy mulohazalarda ma’lum sinf narsa va hodisalarning hammasi haqida biror fikr tasdiq yoki inkor tarzda aks etadi. Masalan, “Hamma dehqonlar hosilni yig’ib oldilar", "Hech bir talaba imtixon topshirmasdan qolmaydi", "O’zbekistonning barcha fuqarosi qonun oldida tengdir" va hokazo.
Umumiy mulohazalarning formulasi quyidagicha:
"Hamma S - R dir" va
"Hech bir S - R emas".
Shu sababli mulohaza sifat va miqdor jihatidan birlashgan holda tasnif qilinadi. Bu jihatdan mulohazalar 4 turga bo’linadi:
1. Umumiy tasdiq. Uning formulasi: “Hamma S - R dir”.
Masalan, “Guruhimizning barcha a’zosi imtihondan muvaffaqqiyatli o’tdi”. A harfi bilan belgilanadi. (A - lotincha, affirmo - "tasdiqlayman" so’zining birinchi unlisidan olingan).
2. Umumiy inkor. Uning formulasi: “Hech bir S - R emas” (yoki “har qanday S - R emas”). Masalan, “Hech bir mulohaza sub’ektsiz bo’lmaydi”. Umumiy inkor mulohazalar E harfi bilan belgilanadi (E - lotincha nego – “inkor qilaman” so’zining birinchi unlisidan olingan).
3. Juz’iy tasdiq. Uning formulasi: “Ba’zi S - R dir”. Masalan, “Ba’zi talabalar o’qish uchun chet elga bormoqdalar”. Bu mulohazada o’qish uchun chet elga borish talabalar mantiqiy sinfining ayrimlarigagina xos ekanligi ko’rsatilgan. Juz’iy tasdiq mulohazalar | harfi bilan belgilanadi. (I - lotincha, affirmo – “tasdiqlayman” so’zining ikkinchi unlisidan olingan).
4. Juz’iy inkor. Uning formulasi: “Ba’zi S - R emas”. Masalan, “Ba’zi jismlar elektr tokini o’tkazmaydi”. Bu misolda elektr tokini o’tkazish belgisi jismlarning ayrimiga tegishli emasligini ko’rsatadi. Juz’iy tasdiq mulohazalar O - harfi bilan belgilanadi (O - lotincha, nego – “inkor qilaman” so’zining ikkinchi unlisidan olingan).
Simvolik mantiq A, E, I, O mulohazalarni belgilash uchun kvantorlarni, mantiqiy o’zgaruvchilarni, mantiqiy doimiylarni ifodalovchi maxsus vositaga ega.
Dostları ilə paylaş: |