3. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixining yuridik va ijtimoiy fanlar tizimida tutgan o`rni
Davlat va huquq tarixi davlat va huquqni bir butun holda olib, bir-biri bilan o`zaro aloqador bo`lgan ijtimoiy hodisalarni o`rganadi. Davlat va huquq tarixi har qaysisi alohida bo`lgan davlat tarixining va huquq tarixining mexanik ravishda qo`shilishi emas. Davlat va huquq tarixi bir-biri bilan o`zaro uzviy bog`liq va o`zaro aloqador. U yuridik fanlarning muhim poydevori hisoblanadi. Davlat va huquq tarixi keng tarixiy va daliliy materiallarga asoslanib, bu materiallarni umumlashtirib va sintez qilib, davlat va huquqning vujudga kelishini: davlat va huquq turlarining izchil ravishda biridan keyin ikkinchisi kelishini, buning sabablarini, turli xil tarixiy turdagi va bosqichdagi davlatlar va huquqning mohiyati, mazmuni va shakllarini, turli rivojlanish bosqichidagi va turli shakldagi davlatlarning o`ziga xos tomonlarini; huquqiy manbalarning paydo bo`lishi, tuzilishi, amal qilishi, shakllari, qo`llanilishi, ularda mustah-kamlangan huquq sohalari va institutlarining mohiyatini va shu singarilarni ochib beradi. Davlat va huquq tarixi o`rganadigan masalalar yuridik fanlar tizimida markaziy o`rinni egallaydi. Zero, yuqorida aytilgan barcha fikrlar davlat va huquq nazariyasiga ham to`laligicha taalluqlidir. Davlat va huquq tarixi ana shu jihatlari bilan davlat va huquq nazariyasi bilan chambarchas bog`liq. Lekin davlat va huquq nazariyasi faqat o`ziga xos xususiyatga, o`zi o`rganadigan fan sohasiga ega bo`lib, o`sha jihati bilan davlat va huquq tarixidan farq qiladi. Ma’lumki, davlat va huquq nazariyasi ham davlat va huquqning rivojlanish qonuniyatlarini o`rganadi. Lekin davlat va huquq nazariyasi mantiqiy uslub yordamida tarixiy jarayonni abstrakt (mavhumiy) shaklda, har qanday tarixiy tasodiflardan holi tarzida aks ettiradi. U o`zining umumhuquqiy tushunchalari va toifalari tizimini ishlab chiqadi. Bunday tushuncha va toifalardan biz o`z navbatida davlat va huquq tarixi o`quv kursida keng foydalanamiz.
Davlat va huquq tarixi davlat va huquq nazariyasidan farqli o`laroq, davlat-huquqiy institutlarni va hodisalarni xronologik izchillikda va ma’lum tarixiy muhitda rivojlanishining muayyan jarayonlarini o`rganadi. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi davlat-huquqiy jarayonni uning makon va zamonda belgilangan tarzda tekshiradi va muayyan-tarixiy qonuniyatlarni aniqlaydi. Davlat va huquq nazariyasi tarixiy-huquqiy izlanishlarning ilmiy natijalariga tayanib, davlat va huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi va harakat qilishining eng umumiy qonuniyatlarini ifodalaydi va ochib beradi. Natijada davlat-huquqiy jarayonlarning mohiyatini ilmiy asoslangan tarzda ochish bu fanlarning o`zaro aloqasini nazarda tutadi.
Tarix o`tmishni o`rgansa, nazariya hozirgi davrni va kelajakni o`rganadi, tarix tarixiy material bilan bog`langan bo`lsa, nazariya ham tarixiy material bilan, shuningdek, davlat va huquqning hozirgi ahvoli bilan ham bog`langandir. Umuman olganda, nazariyasiz tarix, tarixsiz nazariya bo`lmaydi.
Yuqorida aytilganlar to`laligicha Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixining siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi bilan o`zaro aloqasiga ham taalluqli. Zero, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi qadim zamonlardan to hozirgi kunga qadar mavjud bo`lgan davlat va huquq haqidagi g`oyalar taraqqiyotini o`rganar ekan, bunda davlat va huquqiy ta’limotlarning kelib chiqishi va rivojlanishini, ijtimoiy samaradorligini ularning tarixiy muayyanlikda va xronologik izchillikda o`rganadi. Bu muammolarning davlat va huquq tarixini o`rganishga nisbatan ahamiyati, avvalo shu bilan belgilanadiki, ularni o`rganuvchilar, odatda, ma’lum g`oya va nazariyalarga, ta’limotlarga asoslanadilar.
U yoki bu mamlakatda ma’lum tarixiy zamonda hukmron bo`lgan g`oyaviy-nazariy yo`l-yo`riqlar xilma-xildir, shuningdek, nisbatan mustaqil hamdir. Shu bois ularning o`rganilayotgan mamlakatlarning davlat-huquqiy institutlari rivojlanishiga qay darajada va qanday ta’sir etganligini aniqlash muhimdir.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi O`zbekiston davlati va huquqi tarixi fani bilan ham chambarchas bog`liq. Ularning har ikkisi ham tarixiy-huquqiy fan oldida turgan vazifalarni birgalikda hal qiladi, lekin o`rganadigan masalalari doirasi bo`yicha bir-biridan farq qiladi.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi hamda O`zbekiston davlati va huquqi tarixi Davlat va huquq nazariyasi va Siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi bilan birgalikda tarmoq yuridik fanlarning nazariy, agar keng ma’noda aytadigan bo`lsak, gnoseologik asoslarini tashkil etuvchi nazariy-tarixiy guruhini vujudga keltiradi. Ular yurisprudensiyaning tushunchalarga oid apparatining muhim tarkibiy qismini ifodalaydi.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi, shuningdek, boshqa ijtimoiy fanlar: umumiy tarix, falsafa, iqtisod nazariyasi, mantiq kabi fanlar bilan ham yaqin va mustahkam bog`langan. Ayni vaqtda bu fan ulardan farq qiladi.
Mazkur fan umumiy tarixdan farq qilib, jamiyatni to`la va butunligicha o`rganmaydi, balki davlat va yuridik muassasalar murakkab tizimining tarixiy rivojlanish jarayonini hamda huquqning kelib chiqishi va taraqqiy etishi jarayonini o`rganadi. Shuni yodda tutmoq lozimki, umumiy tarixda o`rganiladigan ba’zi masalalar (masalan, urushlar, madaniy rivojlanish, sulolalar tarixi va boshqalar), agar davlat va huquqda o`zgarishlarga sabab bo`lsagina, davlat va huquq tarixining predmetiga taalluqli bo`lib qoladi. Aks holda, davlat va huquq tarixi unday masalalar bilan maxsus shug`ullanmaydi.
Ma’lumki, falsafa bizni tabiat va jamiyatga qarashlar tizimi bilan qurollantiradi. Bu tizim ularning rivojlanishidagi umumiy qonuniyatlarni tushuntiradi. Falsafaning ijtimoiy ongning materiyaga, borliqqa munosa-bati, bazis va ustqurmaning bir-biriga munosabati, ustqurmaning faol, ko`makchilik roli to`g`risidagi va boshqa xulosalari davlat va huquq tarixiga bevosita taalluqlidir. Falsafa fani davlat va huquqni umumiy tarzda, ijtimoiy toifa sifatida ko`rib chiqadi.
Davlat va huquq tarixi kursi jamiyat iqtisodiy qonunlarining amal qilishini hamda moddiy ishlab chiqarishni rivojlantirish qonuniyatlarini o`rganuvchi iqtisod nazariyasi bilan ham yaqindan bog`langandir. Moddiy hayot sharoitlari davlat va huquqni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o`ynaydi. Iqtisod nazariyasi jamiyatning iqtisodiy bazisini o`rgansa, Davlat va huquq tarixi iqtisodiy bazisdan kelib chiqadigan davlat va huquqni o`rganadi.
Davlat va huquq tarixi mantiq fani bilan ham chambarchas bog`liq. Chunki davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanishi, ularning bir shakldan boshqa shaklga o`tishi singari masalalar so`zsiz mantiq qoidalariga bo`ysunadi.
Shu o`rinda davlat va huquq tarixi fanining arxeologiya, semantika fanlari (tillarning kelib chiqishi haqidagi fan) bilan bo`lgan aloqasini ham alohida ko`rsatib o`tmoq lozim. Davlat va huquq tarixi ana shu fanlar bo`yicha olib boriladigan ilmiy izlanishlar, arxeologik qazilmalar natijasida yangi materiallarga ega bo`ladi, ularni tarixiy-huquqiy tahlil qiladi. Masalan, agar fransuz olimi M.Shompalyon Misr mix xatlarini o`qish usulini topmaganda yoki Jenulyak ekspeditsiyasi podsho Xamurappi qonunlarini ochmaganda, biz Misr va Bobil davlatlari qonunchiligi bo`yicha juda kam ma’lumotga ega bo`lgan bo`lur edik, deb bejiz ta’kidlamaydi Z.Muqimov.
Shunday qilib, Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi boshqa yuridik va ijtimoiy fanlar bilan bog`liq ekanligini va u o`z qiyofasi, o`z predmeti va o`z xususiyatlariga ega ekanligini qarab chiqdiki, bu hol mazkur o`quv kursini o`rganishda yanada aniqroq va to`laroq namoyon bo`ladi.