KIRISH XORIJIY MAMLAKATLAR DAVLATI VA HUQUQI TARIXI - ASOSIY TARIXIY-HUQUQIY FAN REJA: 1. Fan va uning tarixi 2. Fanning vazifasi, predmeti va ahamiyati 3. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixining yuridik va ijtimoiy fanlar tizimida tutgan o`rni 4. Fan o`rganadigan masalalarni tekshirish uslublari 5. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini davrlarga va tarkibiy qismlarga bo`lib (tizimga solib) o`rganish 6.Qadimgi Sharq mamlakatlarida davlat va huquq rivojlanishining xususiyatlari Tavsiya etiladigan adabiyotlar. 1. Karimov. I.A Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. T., "Sharq" NMK, 1998.
2. П.Н.Гaлaнзa. История государство и право зарубежных стран. M.1998.
3. Z.Muqimov.Chet mamlakatlar davlati va huquqi tarihi. Samarqand.1992.
4. K.Н.Батыр и E.В.Поликарпова. Всеобщая хрестоматия истории государство и право. M. 1996.
5. Черниловский З.M. Всеобщая история государство и право . M.1996.
6. O.A.Жидкова. Н.A.Карашениникова. История государство и право зарубежных стран. Нoрмa.M.2004. 1-частъ.
7. O.A.Жидкова. Н.A.Карашениникова. История государство и право зарубежных стран. Нoрмa.M.2004. 2-частъ.
8. H.Muhamedov Horijiy mamlakatlar davlat va huquqi tarihi.T., Adolat.1999.1- qism
9, H.Muhamedov Horijiy mamlakatlar davlat va huquqi tarihi.T.,TDYuI..2005.1- qism
1. Fan va uning tarixi Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi ijtimoiy fan bo`lib, uni asosan tarixiy-huquqiy fan deb ataymiz. Chunki u bevosita ham tarix faniga, ham davlat va huquq haqidagi fanga aloqador.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi o`z xarakteri bo`yicha yuridik (huquqiy) fan hisoblanadi. Shu bois u yuridik oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlarida o`rganiladigan asosiy o`quv kurslaridan biridir.
Tarix o`tmishning yig`ilgan, konsentratsiyalashgan tajribalarini saqlovchi, uni avlodlarga asrab yetkazib keluvchidir. Hozirgi zamonning har bir yirik masalasi hayotning qaysi sohasida bo`lmasin, jumladan, davlat va huquqiy qurilish sohasida ham mavjud bo`lgan tarixiy tajribalarni hisobga olmasdan, undan unumli foydalanmasdan, chuqur o`rganmasdan samarali hal etilishi mumkin emas. O`tmish voqea-hodisalarini bilmasdan turib, hozirgi voqelikni to`g`ri tushunish, kelajakni ko`ra bilish mumkin emas. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaga-nidek, "O`zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi... Tarix saboq-lari insonni hushyorlikka o`rgatadi, irodasini mustahkamlaydi... Inson uchun tarixdan judo bo`lish – hayotdan judo bo`lish demakdir."Tarix fan sifatida jamiyat taraqqiyotining ob’yektiv qonunlari haqidagi bilimlar tizimini o`zida mujassamlashtiradi, ularni tushunish jamiyatning kelajakdagi rivojlanishini ko`ra bilishga imkon yaratadi. Shuning uchun ham umuminsoniyat tarixi fanining tarkibiy qismi sifatida respublikamiz oliy o`quv yurtlarida fanlar sohalari bo`yicha tarixiy fanlar o`rganiladi. Masalan, iqtisodiyot oliy o`quv yurtlarida iqtisod tarixi, madaniyat oliy o`quv yurtlarida madaniyat tarixi, me’morchilik o`quv yurtlarida me’mor-chilik tarixi o`rganiladi. Mamlakatimizda Toshkent Davlat yuridik institutida, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida, universitetlarning huquq-shunoslik fakultetlarida, yuridik kollejlarda ham davlat-huquqiy xarakteridagi tarixiy fanlar o`rganiladi. Davlat va huquq jamiyatga oid hodisalar bo`lib, jamiyat tarixining ajralmas tarkibiy qismidir. Jamiyat tarixi va unga mos holda davlat va huquq tarixi uzluksiz rivojlanish jarayonidan iborat.
Mazkur fanni va o`quv kursini o`rganishga kirishishdan oldin uning tarixiga bir nazar tashlasak.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda mustaqil fan sohasi sifatida o`rganiladi. g`arbda uni ko`pincha huquqning umumiy tarixi, huquq va huquqiy ta’limotlar tarixi va hokazo nomlar bilan yuritadilar. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi turlicha nomlar bilan ilmiy bilishning mustaqil sohasi sifatida XVIII asrning oxiri - XIX asrdan boshlab yashab kelmoqda. Tarixiy-huquqiy bilimlarni to`plashda dastlab Germaniyadagi tarixiy huquq maktabi katta rol o`ynagan. Uning Karl fon Savini (1779-1861 yillar), Georg Fridrix Puxta (1798-1846 yillar) va boshqa namoyondalari asosan rim va milliy german huquqi tarixi bo`yicha ilmiy tekshiruvlar olib borishgan. Mashhur nemis yuristi, Berlin universiteti professori, qonunlarni isloh qilish bo`yicha pruss ministri bo`lgan Savin’i Rim huquqi va fuqarolik huquqi bo`yicha ko`p asarlarning muallifi, tarixiy huquq maktabi boshlig`i sifatida shuhrat qozongan. Uning "Bizning davr qonunchilikka va huquqshunoslikka moyilligi haqida"gi (1814 yil) degan dasturiy asarida huquq qandaydir mistik va o`z-o`zidan rivojlanuvchi "xalq ruhi" sifatida talqin qilinadi. Savini german fuqarolik huquqini kodifikatsiya qilishga qarshi chiqqan. U bunga hali vaqt erta deb hisoblagan. Savinining ko`rsatishicha, huquq davlat hokimiyatidan kelib chiqmaydi, shuning uchun davlat hokimiyati qonun chiqarishni o`rnatishi mumkin emas. Uning fikricha, yuristlarning vazifasi "xalq ongini" aniqlash va unga harakatdagi qonunlarni moslashtirish bo`lmog`i lozim. Savin’ining izdoshi, ishlarini davom ettirgan yana bir nemis yuristi G.Puxta bo`lib, u ham rim huquqi tarixiga, shuningdek fuqarolik va odat huquqiga bag`ishlangan qator asarlarning muallifi va tarixiy huquq maktabining taniqli vakili hisoblanadi.
Keyinchalik g`arbda turli mamlakatlarni va tarixiy bosqichlarni qamrab olgan ko`p tarixiy-huquqiy asarlar paydo bo`lgan. Masalan, Fransiyada - E.Labul va R.Darest, Angliyada - G.Men va G.Spenser, Germaniyada - A.Post, Rossiyada - P.G.Vinogradov va N.I.Kareyev va boshqalarning asarlari bu sohada muhim o`rin tutadi. Ingliz yuristi va huquq tarixchisi Genri Men (1822-1880 yillar) o`zining "Qadimgi huquq...", "Sharqda va g`arbda qadimgi jamoalar", "Muassasalarning eng qadimgi tarixi", "Qadimgi qonun va odatlar", "Qadimgi huquq tarixi bo`yicha tekshirish" kabi asarlarida hindu, qadimgi rim, german, qadimgi irland, slavyan xalqlarini o`rganish asosida ulardagi huquq rivojlanishining keng qamrovli manzarasini yaratishga harakat qilgan. Uning safdoshi, ingliz faylasufi va sotsiologi, pozitivizm "ota"laridan biri Gerbert Spenser (1820-1903 yillar) sotsiologiyada organik maktabning asoschisi hisob-lanadi. U jamiyatning sinfiy tuzilishini va uning doirasida turli ma’muriy organlarning ajralib chiqishini kishi tanasi a’zolari o`rtasidagi funksiya-larning ajralishi bilan taqqoslab tushuntiradi.
Rossiyada Pavel Gavrilovich Vinogradov (1854-1925 yillar) va Nikolay Ivanovich Kareyev (1850-1931 yillar) kabi taniqli olimlar jahon tarixiy-huquqiy fanlar rivojiga salmoqli hissa qo`shganlar. Tarixchi-pozitivist P.G.Vinogradov g`arbiy Yevropaning, ayniqsa Angliyaning o`rta asrlardagi tarixi bo`yicha muhim izlanishlar olib borgan. Uning "Italiyada feodal munosabatlarning kelib chiqishi" degan magistrlik dissertatsiyasida (1880 yil), "O`rta asrlarda Angliyaning sotsial tarixi bo`yicha tekshirishlar" degan doktorlik dissertatsiyasida (1887 yil), "Angliyada villanlik" degan monografik kitobida (1892 yil) feodalizmning kelib chiqishining german varianti ochib berilgan. Keyinchalik bosilib chiqqan "Manorning o`sishi" (1905 yil), "Angliyada o`rta asr pomestyesi" (1911 yil), "XI asrda Angliya jamiyati" (1908 yil) kabi asarlari Angliya davlati tarixini o`rganishda juda muhim ahamiyatga ega. Xuddi shuningdek, yana bir rus tarixchisi N.I.Kareyev o`zining "XVIII asrning oxirgi choragida Fransiyada dehqonlar va dehqonlar masalasi" (1879 yil), "Eng qadimgi davrlardan 1789 yilgacha fransuz dehqonlari tarixi ocherki" (1881 yil), 7 jildli "Yangi davrda g`arbiy Yevropa tarixi" (1892-1917 yillar), 3 jildli "Fransuz revolutsiyasi tarixchilari" (1924-1925 yillar) kabi asarlari bilan tarixiy-huquqiy masalalarga doir manbalarni boyitishga katta hissa qo`shgan.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida tarixiy-qiyosiy uslub davlat va huquq tarixini iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar kontekstida o`rganishga yordam berdi; tarixiy-huquqiy izlanishlarda pozitivizm o`rniga sotsiologik yo`nalish keldi. Bu yo`nalishning rivojlanishida rus olimi M.M.Kovalevskiyning, nemis huquq tarixchisi E.Neykampning, amerika yuristi O.Xolmsning va boshqalarning asarlari muhim bosqich bo`ldi.
G`arb adabiyotida X1X-XX asrlar davlati va huquqi tarixi masalalari bo`yicha juda katta faktik material to`plangan va umumlashtirilgan. Buning natijasida ko`p puxta va asosli ishlar chiqarish imkoniyati paydo bo`ldi. Bulardan nemis olimlari Y.Koler va L.Vagnerning ko`p jildli "Huquq tarixi" (1914 yil), amerikalik huquq tarixchilari D.Vigmar va U.Siglning "Huquqiy tizimlar manzarasi" va "Huquq tarixi" (1924 yil) kabi asarlari katta ahamiyatga ega.
Ikkinchi jahon urushidan keyin huquq va siyosiy institutlar tarixi bo`yicha fransuz olimlaridan J.Ellyul, R.Monye, J.Imber, F.Garrison va boshqalar qator yirik asarlar e’lon qildilar. Tarixiy-huquqiy muammolarni yoritishda qiyosiy huquqshunoslik fanining vakillari (R.David va boshqalar) ma’lum hissa qo`shganlar. Tarixiy-huquqiy izlanishlarning rivojlanishi g`arbiy Yevropa va AQShda qator universitetlarda milliy, shuningdek, xorijiy huquq tarixi bo`yicha yoki huquq va siyosiy institutlar tarixi bo`yicha maxsus kurslarning kiritilishiga imkon yaratdi. Bunday kurslarni joriy etishga bo`lgan harakat Rossiyada XIX asrning boshlarida ilk marta qilingan edi. Masalan, 1804 yilda Moskva universiteti professori P.Svetayev "Mashhur qadimgi va hozirgi xalqlarning huquqi" bo`yicha ma’ruza o`qigan, XX asr boshida esa (1907-1908 yillarda) professor V.G.Sheglov umumiy huquq tarixi bo`yicha bir necha marta kitoblar nashr ettirgan.
O`zbekistonda Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi mustaqillikka qadar Moskvada tuzilgan dasturlar asosida, rus tilida chop etilgan darslik va o`quv qo`llanmalari bo`yicha o`rganib kelindi. 1979 yilning may oyida Moskvada bo`lib o`tgan davlat va huquq umumiy tarixining metodologik masalalariga bag`ishlangan ilmiy-koordinatsion kengashda mazkur fanning o`qitilishini yanada takomillashtirish haqida alohida qayd etildi. Jumladan, unda so`zga chiqqan professor P.N.Galanza (Moskva) davlat va huquq tarixini bir-biridan ajratmay, bir-biriga bog`liq holda tushuntirish, bu fanning hajmini qisqartirish, dasturini yangilash haqida, professor V.A.Starodubskiy (Sverdlovsk) talabalarga faqat jahon miqyosida yetakchi rol o`ynagan tipik shakldagi davlat va huquq tarixini, shuningdek, u yoki bu huquqshunoslik tushunchasining qanday vujudga kelganligini tushuntirish mazkur fanning muhim vazifasidir, degan muhim fikrni bildirdilar.
Hozirgi kunda, O`zbekiston xalqaro huquqning teng huquqli sub’yekti sifatida xalqaro maydonga erkin chiqa boshlagandan so`ng, o`zbek tilida Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini xolisona o`rganishga asoslangan darsliklar va o`quv qo`llanmalari tayyorlash imkoniyatiga ega bo`lindi.
O`zbekistonda mustaqillikka qadar huquqshunoslik fanlarini o`qitishni takomillashtirish maqsadida respublikamiz olimlari tomonidan o`zbek tilida bir qancha o`quv qo`llanmalari hamda darsliklar yaratilib, ko`p yillik tajribalar umumlashtirilgan. Bu sohada ayniqsa X.S.Samatova, O`.M.Ahmadjonov va Z.Muqimovlar bir qancha ishlarni amalga oshirganlar.
Ular tomonidan yozilgan qo`llanmalar talabalarning mazkur fanni o`zbek tilida o`zlashtirib olishlariga yaqindan yordam berib kelgan. Ayni vaqtda ushbu qo`llanmalar ancha noyob bo`lishi bilan bir qatorda biroz eskirib qolgan. Ularda davlat va huquq tarixi ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya-larga bo`linish asosida faqat markscha-lenincha nazariya hukmronligi mavqei asosida yoritilgan. Bular, albatta, qizil imperiya sharoitida bunyodga kelganligi bois shunday edi. Endilikda yangi davr talabiga javob beradigan, davlat va huquq tarixini xolisona va atroflicha yoritib beradigan puxta va mukammal darsliklar yaratish hozirgi kun huquqshunoslik fanining eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan.