Har qanday fanning asosiy vazifasi o`zi o`rganayotgan narsa va hodisalarning taraqqiyot qonunlarini ochib berishdan iborat. Insoniyat taraqqiyoti jarayonida vujudga keladigan har qanday fan o`z predmeti bilan birga tadqiqot usullariga ham ega. Har bir fan nazariy jihatdan tizimlashgan bilimlar yig`indisi sifatida tadqiqot jarayonida xilma-xil usullardan foydalanadi. Davlat va huquq tarixi sohasidagi ilmiy bilish tarixiy o`tmishdagi faktlar va voqealarni bayon qilishgagina olib kelmaydi. U bu faktlarning mohiyatini anglash va nazariy jihatdan tushunishni ko`zda tutadi. Bu esa o`z navbatida tekshirishning falsafiy va maxsus ilmiy usullaridan foydalanishni talab qiladi.
Davlat va huquqning murakkab, xilma-xil, rang-barang hodisalarining haqiqiy mazmunini, mohiyatini, rivojlanish qonunlarini bilishning aniq usullari mavjud bo`lib, ular ilmiy-tadqiqot va izlanishning yo`nalishini ifodalaydi. Bu yerda birinchi navbatda muayyan – tarixiy davlat-huquqiy hodisalarni, keng ma’noda tarixiy-huquqiy fanning poydevori hisoblangan tarixiy faktlarni bilish vositalari, uslublari ko`rib chiqiladi.
Har qanday tarixiy voqeliklar tarixiy faktlar hisoblanadi. Ular bir-biridan ko`p tomonlari bilan farq qiladi. Tarixiy fakt sifatida faqat ayrim ko`rinishlar (masalan, me’yoriy hujjat) emas, balki ma’lum tarixiy jarayon, ya’ni o`zaro aloqador faktlar zanjiri ham to`laligicha maydonga chiqishi mumkin.
Faktlarni faqat har tomonlama va chuqur tahlil qilish asosida tarixchi-yurist o`tgan voqealarni "qayta tiklashi", o`rganayotgan hodisalarning qonuniyatlarini belgilovchi mohiyatini ochishi mumkin.
Ilmiy-tadqiqot jarayonida bilishning aniq shakli va usullaridan foydalanish orqali ilmiy bilimlar vujudga keladi, rivojlantiriladi. Har bir bilim tizimida ilmiy-tadqiqot jarayonida kelib chiqqan muammo yoki masalaning qo`yilishi va hal qilinishida maxsus usullardan foydalaniladi. Ular esa tarixiy aniq bilish jarayonida vujudga keladi, rivojlanadi. Shuning uchun ham har bir fanning o`z predmeti va tadqiqot usuli mavjudki, ular o`zi o`rganayotgan ob’yektga nisbatan maxsus amaliy va nazariy tadqiqot usuli asosida yondashadi.
Hozirgi zamon jahon fani davlat va huquqning rivojlanish jarayonini turli mavqelardan turib tushuntirishga imkon beruvchi keng falsafiy ko`rsatmalar beradi. Tarixga monistik-materialistik qarashdan va metodologik plyuralizmdan voz kechish hozirgi O`zbekistondagi barcha ijtimoiy fanlarda bo`lganidek, Davlat va huquq tarixiga ham xosdir.
Turli mamlakatlardagi tarixiy-huquqiy adabiyotlarda davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanishini tushuntiruvchi ko`pgina konsepsiyalar (qarashlar tizimi)ni ko`rish mumkin. Bunda diniy nazariyalar (neotomizm, islom fundamentalizmi)dan tortib markscha-lenincha va boshqa so`l radikal (davlat va huquq tarixini sinfiy kurashdan iborat deb ko`ruvchi) nazariyalar nazarda tutilmoqda.
Ma’lumki, mustaqillikka qadar asosan Moskvada chop etilib O`zbekistonda o`rganiladigan, shuningdek, O`zbekistonda chiqarilgan tarixiy-huquqiy adabiyotlarda ko`p yillar davomida jamiyatni markscha-lenincha ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar (ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, kommunizm)ga bo`lib o`rganish yagona hukmron nazariya bo`lib qolgan edi. Bu holat tarixni cheklangan tarzda va bir tomonlama o`rganishga sabab bo`lgan.
Yana shu narsa ma’lumki, ijtimoiy taraqqiyotning markscha-lenincha nazariyasi dialektik va tarixiy materializm bo`lib, bunda tarixga idealistik nuqtai nazar bilan qarash keskin qoralanadi, tabiat va jamiyatni tasodiflar asosida rivojlanib boradi, deb tushuntiruvchi ta’limotlar qat’iy rad etiladi. Tarixga faqat materialistik nuqtai nazardan qarash insonni, uning ongi, ichki dunyosi va tajribasini ikkinchi o`ringa surib qo`yadi.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi fanining yagona metodologik asosi- dialektik va tarixiy materializmdir deb hisoblash noto`g`ri. Uni o`rganishda boshqa qarashlar va nuqtai nazarlardan, xususan, xususiy, ilmiy, maxsus uslublardan foydalanish lozim.
Bilishda xususiylik va umumiylik vazifasini bajaruvchi usullar mavjud. Ko`pchilik fanlarda qo`llaniladigan usullar umumiy usul deyiladi. Har bir aniq fanning o`zi qo`llaydigan xususiy usullari asosida bilim tizimi chuqurlashib borsa, umumiy usulni tadbiq qilish orqali esa bilish doirasi yanada kengayib boradi.
Ilmiy bilishning hamma fan uchun tegishli bo`lgan umumiy usullariga analiz va sintez, induksiya va deduksiya, analogiya, mantiqiylik va tarixiylik, mavhumlikdan aniqlikka borish yoki, aniqlikdan mavhumlikka borish va boshqalar kiradi. Ilmiy bilishning bu uslublari fan taraqqiyotida garchi umumiy hisoblansa ham, dialektik usulga nisbatan xususiy bo`lishi mumkin. Lekin bu usullar dialektik usul bilan bog`langan.
Shunday qilib, bilish jarayonida ilmiy-tadqiqotning xususiy, umumiy va eng umumiy usullari mavjud bo`lib, ular o`zaro bir-biri bilan bog`liq. Dialektik usul real olamni ilmiy bilishning eng umumiy usuli bo`lib, u barcha fanlar uchun, jumladan, tarixiy-huquqiy fanlar uchun ham metodologiyadir. Dialektik usul xususiy fanlar erishgan yutuqlardan foydalanib, ularning usullari bilan birgalikda rivojlanadi, ular bir-birini to`ldiradi va boyitadi. Davlat va huquq tarixini o`rganishdagi bunday usul davlat va huquqdek ijtimoiy hodisaning mohiyatini jamiyat moddiy hayot sharoitlari bilan, iqtisodiy bazis bilan bog`lab o`rganishni ta’min etadi.