zararlangan hududlardagi odamlarni evakuatsiya qilish;
fuqarolarni sanitar-qayta ishlash, kiyim-kechak, inshoatlarni, transport va texnikalarni degazatsiya qilish.
Kimyoviy zararlanishda birinchi navbatda razvedka o‘tkaziladi: bunda avariyaning aniq joyini, KTZM turi, xududning shikastlanish darajasi, odamlarning zararlangan o‘choqdan yaqin-uzoqligi, shamolning kuchi va yo‘nalishini va boshqa ko‘rsatkichlar aniqlanadi.
Zaharlangan fuqarolarga birinchi yordam berilib, tibbiy yordam ko‘rsatish shaxobchalariga yotqiziladi. Zararlangan oziq-ovqatlar, suv tekshirilib, degazatsiya qilinadi yoki yo‘q qilib yuboriladi. Zararlangan hududda chekish, ichish, himoya vositalarisiz yurish taqiqlanadi. Zararlangan hududdan chiqqanda, ochiq qolgan terilar, shaxsiy himoya vositalari, kiyim kechaklar ShXP-8 bilan zararsizlantiriladi va so‘ngra o‘zlari to‘liq sanitar ishlovdan o‘tkazilib, kiyimkechaklar almashtiriladi.
Fuqarolarni va fuqaro muhofazasi tizimlarini RQ va KTQ omillari bilan ta’minlash.
Har bir ob’ektning fuqaro muhofazasi shtabi va uning xizmatli bo‘limlari shaxsiy saqlovchi (terini hamda nafas organlarini saqlovchi) va tibbiy vositalar bilan ta’minlashni, saqlashni, hamda ularni doimiy texnik tayyor holda bo‘lishligini tashkil etadi.
Shaxsiy saqlovchi vositalarning saqlanishi ish joylariga yaqin bo‘lgan erlarda (tsex, bo‘lim va boshqalarda) tashkillashtiriladi, agar sharoit bo‘lmasa, u holda ish joylarining zaxiradagi binolarida, xonalarida saqlanadi. Tinchlik davrlarida ushbu vositalar vaqti-vaqti bilan laborotoriya ko‘rigidan o‘tkazilib turiladi.
Shaxsiy saqlovchi va tibbiy vositalar birinchi navbatda favqulodda vaziyatlarda ish bilan mashg‘ul bo‘ladigan fuqarolarga beriladi. Bulardan tashqari FM-tizimlariga kiruvchi fuqarolar resperatorlar bilan ham ta’minlanadilar. Ishlamaydigan fuqarolar, nafas organlarini saqlovchi oddiy vositalar - paxta dokali taqqichlar va changdan saqlovchi matoli niqoblar bilan ta’minlanadilar. Terini saqlovchi vositalar bilan faqat zararlangan o‘choqlarda (radioaktiv moddalar, zaharli birikmalar, biologik ta’sirlar va odamga kuchli ta’sir etuvchi moddalar, KTZM bilan shikastlangan hududlar) xizmat ko‘rsatuvchi fuqarolar muhofazasi tizimlari ta’minlanadi.
Favqulodda vaziyatlarda xalq xo‘jaligi tarmoqlarida xizmat qiladigan fuqarolar shaxsiy saqlovchi vositalarini o‘z ish joylaridan, ish bilan mashg‘ul bo‘lmaganlar esa turar joy massivlaridan oladilar.