litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turi — faoliyatning litsenziyalanadigan turi tarkibiga kiritiladigan faoliyat turining yo‘nalishi;
davlat xizmatlari pasporti (bundan buyon matnda pasport deb yuritiladi) — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos talablar va shartlarni, shuningdek ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi hujjat;
ruxsat berish tartib-taomili — ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizani topshirish, qabul qilish va ko‘rib chiqish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash hamda tugatish, shuningdek uni bekor qilish, qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liq tadbirlar majmui;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat — vakolatli organ tomonidan ruxsatnoma, kelishuv, xulosa shaklida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda beriladigan, ruxsat berish talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda muayyan faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish huquqini beradigan hujjat;
talabgor — litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
xabarnoma — xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishni boshlash (tugatish) uchun xabardor qiluvchi tomonidan vakolatli organga yuboriladigan ma’lumotlar;
xabardor qiluvchi — vakolatli organga xabarnoma yuborgan va xabarnomalar reyestriga kiritilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
xabardor qilish tartib-taomili — xabarnoma yuborish, xabarnomani qabul qilish (qabul qilmaslik), xabarnoma qabul qilinganligini tasdiqlash, shuningdek xabardor qiluvchining faoliyatini (harakatlarini) to‘xtatib turish, qayta tiklash, tugatish va xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishga taqiq joriy etish jarayoni bilan bog‘liq tadbirlar majmui;