5. Birinchi so’zga sinonim So‘g‘d hujjatlari va vasiqalar. Bizgacha yetib kelgan manbalar orasida VII asr oxiri va VIII asr boshlarida Sug`d podsholigi davriga tegishli 80 ga yaqin noyob (Panjakent yaqinidagi Mug` tog`ida joylashgan qadimgi qasr xarobalaridan topilgan sug`dcha) hujjatlar Sug`d davlatida ish yuritishning ahvolidan darak bersa (3, 3-57-b.), 800 ga yaqin hujjatlarni qamrab olgan “Vasiqalar to`plami” 1588-1591-yillarda Samarqanddagi tarixiy voqelikni, ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaqqol aks ettiradi (4, 5-125-b.).
“Sug`d arxivi”dagi sug`dcha nikoh guvohnomasi 710-yilning 25-martida yozilgan bo`lib, unda turk zodagoni Uttakinning sug`d ayoli Dug`dgunchaga uylanishi rasmiylashtirilgan hamda kelin bilan kuyovning vazifa, burch va majburiyatlari bayon etilgan. Shuningdek, yer xarid qilish, tegirmonni ijaraga olish, xarajatnoma va o`zaro yozishmalardan iborat bir qator nodir hujjatlar So`g`d podsholigi davrida xalq hayotining qanday bo`lganligini o`rganish uchun muhim manba bo`ladi.
“Vasiqalar to`plami”dagi hujjatlarda esa meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o`rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do`konlari, yer-suv hamda uy-joy, mol-mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish, qullarni ozod etish, taloq, sulh kabi munosabatlar o`sha davr huquqni nazorat etuvchi mutasaddilari – qozilar tomonidan tasdiqlangan.
Amir Temur tuzgan qudratli davlat o`rta asrlar ilm-fani, adabiyoti va san’ati rivojiga katta yo`l ochgani barchaga ayon. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o`zbek) tilda yuritilgan. Bunga, ayniqsa, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida e’tibor bilan qaralgan. Ularning bu an’analari keyingi asrlarda Buxoro, Qo`qon, Xiva xonliklari tomonidan takomillashtirilib, rivojlantira borildi. Afsuski, XIX asrning oxiri XX asrning boshlaridan e’tiboran ko`p asrlar davomida shakllantirilib, rivojlantirilgan bu an’analar davom ettirilmay to`xtatib qo`yildi.
Markaziy Osiyo, shu jumladan, O`rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi bilan butun mamlakatdagi boshqaruv-nazorat organlarida barcha hujjatlar rus tilida yuritiladigan bo`ldi. Mustabid tuzumga qarshi qaratilgan 1917-yil oktabr to`ntarishi ham bu sohada jiddiy o`zgarishlar bo`lishiga olib kelmadi. 1924-yilga kelib sobiq sho`rolar davlati tarkibida O`zbekiston Respublikasi tashkil topdi. Shu yilning 31-dekabrida O`zbekiston Respublikasi inqilobiy komiteti “Ishlarni o`zbek tilida yurgizish hamda O`zbekiston jumhuriyatining inqilobiy komiteti huzurida markaziy yerlashtirish hay’ati va mahallalarda muzofot yerlashtirish hay’atlari tuzilishi to`g`risida” 48-raqamli qaror qabul qildi. Unda hukumat, kooperativ, xo`jalik idoralari, muassasa, tashkilot va korxonalarda butun yozuv ishlarini faqat o`zbek tilida yurgizishga majbur etish vazifasi qo`yilgan edi.
1928-yilga kelib “Davlat idoralarini o`zbeklashtirish” hamda “O`zbekiston Respublikasida idora, korxona va tashkilotlari ishchi xodimlarini o`zbek tiliga majburiy o`rgatish to`g`risida” ikkita tarixiy qaror qabul qilinadi. Ularda davlat idoralarini o`zbeklashtirish Markaziy Komissiyasiga idoralarda ish yuritish hujjatlarini mahalliy va rus tiliga o`tkazish, idoralarni asta-sekin ikki tilni biladigan xodimlar bilan to`ldirish, o`zbek tilini o`rganish uchun bir, ikki, uch yillik to`garaklar tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi. Idora va muassasalarga 1929-yil 1-oktabrdan boshlab o`zbek tilini bilmaydigan xodimlarni ishga olmaslik, o`zbek tilini mensimagan yoki unga nisbatan g`ayri munosabatda bo`ladiganlarni o`zbek tilini biladigan xodimlar bilan almashtirish huquqi berilgan edi.