Qudratulla OMONOV, filologiya fanlari nomzodi (Sharq yulduzi, 2011–3). 1931-yili O`zR Markaziy Ijroiya Qo`mitasi va Xalq Komissarlari Soveti tomonidan idoralarni o`zbeklashtirish to`g`risida yana bir qaror qabul qilinib, unda 1933-yil 1-aprelgacha butun O`zbekiston bo`ylab o`ta muhim bu ishni tugallash belgilangan edi. Ming afsuski, qisqa muddat ichida ketma-ket qabul qilingan bu qarorlarning birortasi ham hayotga tatbiq etilmasdan qog`ozlarda qolib ketdi. Mamlakatda nafaqat ziyolilar, balki ozgina mustaqil fikrlashi mumkin bo`lgan dehqon-u ishchilarga qarshi qaratilib, takror-takror o`tkazilgan qatag`on qirg`inlari, mash’um ikkinchi jahon urushi, millionlab begunoh insonlar yostig`ini quritgan shaxsga sig`inish davri, talon-tarojliklar avjiga chiqqan turg`unlik yillari sobiq shurolar davlati tarkibida bo`lgan, nomigagina teng huquqli hisoblangan respublikalarning milliy tillariga bo`lgan eskicha – o`gay munosabatlarni mustahkamlab keldi, xolos. Hujjatlarning “bepoyon yurt”ning barcha nuqtalarida faqat rus tilida yuritilishi, qariyb 130 yil davomida hukm surgan mustamlakachilik munosabatlari va tazyiqlar natijasida o`zbeklar yurtida asrlar davomida shakllangan ish yuritish va hujjatchilik sohasida uzilish yuz berishiga olib keldi. Ish yuritish borasidagi an’analar davom etmay qoldi. Eng achinarlisi, o`zbek tili o`z nomi bilan ataladigan respublikada bir chekkaga surib qo`yildi. Rus tilini bilish baynalmilallik belgisi qilib qo`yilgani holda o`zbek tilini bilish, unda gapirishni talab etish esa millatchilik deb hisoblanadigan darajaga yetdi. Natijada nafaqat og`zaki nutqimizda, hatto adabiy tilimizda ham spravka, akt, protokol, instruksiya, dogovor, avtobiografiya, otchot, raport, xarakteristika, rekomendatsiya, retsenziya kabi ish yuritish va hujjatchilikka oid ko`plab atamalarning qo`llanishi odatiy holga aylandi.
Oʻzbek tili rasmiy uslubining ildizlari uzoq oʻtmishga ega. Bu teran ildizlar turkiy davlatchilik tarixi bilan uzviy bogʻliq; hujjatchilik ishi – davlatchilik tarixi bilan izma-iz yuradi. Har bir davlat oʻz hududida ish yuritish qogʻozlari hamda boshqaruv ishlari, qolaversa, yondosh ellar bilan qoʻshnichilik aloqalarini oʻz tilida boʻlishini istaydi. Ayni holat, davlatning oʻzligini namoyon etuvchi muhim belgilardan biri sanaladi. Oʻzbek davlatchiligi tarixida ham hujjatchilik ishlarining koʻproq ona tilida olib borilganligining sababi ham ana shunda. Ushbu siyosiy, tarixiy va lingvistik jarayonlar turkiy hujjatlar uslubining toʻla-toʻkis, mukammal bir qolipda shakllanuvi, turkiy rasmiy yozmalari uslubning ravnaqiga keng yoʻl ochib bergan.
Ajdodlarimiz oʻzaro huquqiy munosabatlarini qayd etishga alohida eʼtibor berganlar. Shu bois, oʻtmish yozma merosimizning anchayin katta qismini rasmiy matnlar tashkil etadi.
Ilk va oʻrta asrlardan bizga qadar yetib kelgan rasmiy matnlar, ajdodlarimizning ish yurituvchilik sohasidagi yozma nutq madaniyati hamda rasmiy doiralarda qoʻllanilgan adabiy meʼyor va ularning huquqiy ongini koʻrsatuvchi eng ishonchli dalillardir.
Rasmiy matn uslubi yoʻnalishida tadqiqot olib borish, avvalo, uning leksikasiga eʼtibor qaratishni taqqozo etadi. Ayonki, soʻz matn anglashning oʻzagidir.
Soʻzga uslub jihatdan yondashuv fikrni aniq ifodalashga koʻmak beruvchi soʻz tanlash zaruriyatini paydo etadi. Muallif tomonidan soʻzning toʻgʻri tanlangani faqat uslub alomatlari boʻlib qolmay, matnning axborot tashish qimmatini oshirib, mazmun taʼsirini kuchaytiradi. Soʻzni oʻrinsiz tanlash esa, fikrni anglatishda qiyinchilik keltirib chiqarish barobarida, mantiqiy xatoliklarga ham sabab boʻladi. Bu masalada ajdodlarimiz tomonidan rasmiy matnlarda soʻz qatʼiy oʻz anglamida ishlatilganini koʻramiz. Agar matndagi soʻzni oʻzgartirishga harakat qilinsa, matn tashigan maʼno butunlay oʻzgarganday taassurot qoldiradi.
Rasmiy matnda soʻz tanlashda katta ahamiyat berilgan. Davlat institutlari – devonga tegishli ish yozmalari bilan shugʻullanuvchi masʼul xodimlar “alimgʻa”, “yozgʻuchi” va “bitigchi” deb atalgan. Ularning mashaqqatli mehnatidan darak beruvchi ayrim matnlarni koʻzdan kechirganda, hujjat tuzuvchilar matn bitish jarayonida har bir soʻzni oʻrnida, kerakli qurshovda ishlatilishiga katta eʼtibor qilishganiga guvoh boʻlamiz. Shuningdek, bizga qadar yetib kelgan tegishli vasiqalarning ayrimlari hujjat tuzish ishini oʻrganayotgan oʻquvchilarning bitiklaridir. Ular diqqat bilan koʻzdan kechirilsa, hujjat matnida koʻp qaytariluvchi boʻlimlar, kanselyarizm, qolipli birliklar, formulyarlarni mashq qilinganini, ayrim soʻz va birliklar oʻchirib tashlanganini koʻrish mumkin.
Chunonchi, ayni kezda, Berlin fanlar akademiyasining fondida U belgisi ostida oʻn mingga yaqin turkiyda bitilgan matnlar saqlanadi. Ana shu matnlarning aksariyatini huquqiy yozmalar tashkil etadi. Ayni fonddagi U 5534 raqam ostida saqlanayotgan yozmada vasiqalarning boshlanmasidan oʻrin oluvchi kishi otlari yozilishi kerak boʻlgan qator oʻchirib tashlangan.
Shuningdek, kishilar oʻrtasidagi oldi-berdi munosabatlarni qayd etish maqsadida tuzilgan hujjatlarning mazmuni va ulardagi soʻz tanlash meʼyoriga hujjat bitgan kishi hamda huquqiy munosabatni amalga oshirayotgan tomonlar, unga guvoh sifatida qatnashgan shaxslar masʼul boʻlgan. Odatda, hujjatda amalga oshirilayotgan oldi-berdi munosabatiga huquqiy tus berish uchun ikki kishi guvoh sifatida qatnashgan. Biroq, alohida holatlarda toʻrt kishigacha xolis sifatida ishtirok etishi mumkin hisoblanadi. Shu bois, hujjat tugallanmasida uni bitgan kishining oti, guvohlar nomi, yozma rasmiy tomonlardan kimning soʻzi bilan yozilgani va necha qayta tomonlarga oʻqib berilgani qayd etilgan band mavjud boʻladi. Shu oʻrinda, yer oldi-sotdisiga bagʻishlangan U 5239 sonli vasiqaning tugallanmasiga eʼtibor qaratsak:
Bu nishon men Toʻlak Temurning-ul.
Bu nishon men Buyan Temurning-ul.
Bu nishon men tanuq Karayning-ul.
Bu nishon men tanuq Temur Buqaning-ul.
Bu bitigni men Buyan Temur oʻz iligin bitiyu tegintim.
Bu belgi men Toʻlak Temurningdir.
Bu belgi men Buyan Temurningdir.
Bu belgi men, guvoh Karayningdir.
Bu belgi men, guvoh Temur Buqaningdir.
Bu hujjatni men Buyan Temur oʻz qoʻlim bilan yozdim.
Bu singari tugallanma barcha vasiqalarning ajralmas komponenti sifatida doimo mavjud boʻlgan.
Baʼzi fuqarolarga tegishli hujjatlarda ayrim soʻzlar oʻchirilib, oʻrniga boshqasi yozilgan, tahrir qilingan, tuzatilgan rasmiy matnlar ham uchraydi. Masalan, U 5260 raqamli hujjat qarzga sharob olingani toʻgʻrisidadir. Ana shu yozmaning uchinchi qatorida qarzga olingan sharobning miqdori yarim boʻr hajmida koʻrsatilgan birikma mavjud boʻlib, ustida yana ham aniq boʻlishini taʼminlash maqsadida qap hisob soʻzi kiritilgan va yarim qap boʻr koʻrinishiga keltirilib tahrir etilgan:
Ana shu tuzatishdan soʻng sharobning miqdori aniqlashib, Turin Baqshidin yarim qap boʻr koʻrinishiga kelgan. Yoki U 3907 sonli vasiqada jumla tahrir qilingandan soʻng uning ustiga tamgʻa bosilgan:
Buni hujjat bitilayotgan vaqtning oʻzida tuzatish kiritilganiga ishora sifatida qabul qilish mumkin.
Bizningcha, bu xil hujjatlarning borligi matn yakunlangandan soʻng tomonlarga oʻqib berish jarayonida, ayrim soʻz va jumlalar tomonlarning eʼtiroziga sabab boʻlganini koʻrsatadi. Ana shu soʻz va jumlalar oʻchirilib boshqasi bilan almashtirilgan boʻlishi mumkin. Shundan soʻng hujjat imzolanib, tasdiqlangan va oldi-berdi munosabatiga huquqiy tus berilgan. Fuqarolarga tegishli hujjatlar bilan bogʻliq ushbu dalillar ajdodlarimiz rasmiy yozmalari tahriri bilan oʻzlari shugʻullanganini, oʻsha kezlarda rasmiy yozishmalarning muayyan meʼyori yaxshi shakllangani, rasmiy yozmalar uslubi jamiyatga oʻrnashgani, kishilarning aksari faqat oʻqish va yozish savodidan tashqari, rasmiy yozishmalar tuzish layoqatini, yaʼni, huquqiy savodxonlikni ham oʻzlashtirganini koʻrsatmoqda. Bularning bari oʻsha kezlarda hujjat bitish qonun-qoidalaridan saboq beruvi muayyan maktablar faoliyat olib borgan boʻlishi mumkin, degan mulohazaga asos boʻladi.
Shu oʻrinda, ajdodlarimizning huquqiy tafakkuri toʻgʻrisida nemis sharqshunosi Le Kokning fikrini keltirish oʻrinli boʻladi. U yozadi: “Rasmiy yozmalarning salmoqli boʻlagida oldi-berdi munosabatiga kirishayotgan kishilardan biri shaxsan, oʻz qoʻli bilan hujjatni tuzganligi ochiq koʻrsatilgan. Hujjatlarning tuzish jarayonini biror-bir huquqshunos yoki notarius nazorat qilgani rasmiy matnning hech qayerda qayd etilmaydi. Bundan kelib chiqadigan muhim xulosa shuki, hujjat tuzishning yoʻl-yoʻriqlari va unda qoʻllaniluvchi huquqiy formulyarlar jamiyatning barcha qatlami kishilari tomonidan oʻzlashtirilgan koʻrinadi. Turkiy hujjatlarning bitilgan vaqti Yevropadagi salb yurishlaridan oldingi va keyingi davrga toʻgʻri keladi. Oʻsha kezlarda yevropalik oliynasab feodallardan qanchasi buning singari rasmiy yozmalarni risoladagidek tuza olish layoqatiga ega boʻlgan. Shunday qilib, ayni turkiylar, oʻsha chogʻlarda huquqiy savodxonlik jihatidan ustun ekani hammaga ayon boʻlmoqda”.
Ilk oʻrta asrlarning rasmiy yozmalari nashri bilan bogʻliq oʻta muhim masala xususida bir ogʻiz soʻz. Tariximizda kechgan davlatlarning boshqaruv tizimi, qonunchiligi, ijtimoiy-iqtisodiy, xoʻjalik va siyosiy hayotidan soʻzlovchi nodir hujjatlarning katta qismi oʻtgan asrning birinchi choragida nashr etilgan. Endilikda, qadimgi rasmiy matnlarni tadqiq etish sohasida toʻplangan tajribalarni qoʻllagan holda, qadimiy yozuvlarimizda bitilgan koʻhna rasmiy yozmalarning barini mujassamlashtirib, bir tadqiqot doirasida jamlab qayta chop etishning vaqti keldi. Ana shunday yoʻnalishdagi ilmiy ish – ilk va oʻrta asrlardagi oʻzbek davlatchiligining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tarixi, qoʻshni ellar bilan diplomatik munosabatlar kechmishi, qonunchilik tizimining shakllanishi, oʻlkamizda bojxona va soliq xizmatlarining yuzaga kelish tarixini oʻrganishda, shuningdek, ajdodlarimiz bunyod etgan saltanatlarda ona tilimizning huquqiy maqomini belgilashda qimmatli maʼlumotlar beradi.