6.Ijara muddati va ijara to’lovi miqdori shartlarini o’zgartirish asoslari va tartibi qanday? 540-modda. Mulk ijarasi shartnomasining muddati Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.
Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, ko‘chmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng ko‘p (oxirgi) muddatlar belgilab qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat o‘tishi bilan shartnoma bekor bo‘ladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.
7.Ijara majburiyatlariga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi qonun qachon qo’llaniladi? ISTE’MOLCHILARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISH TO‘G‘RISIDA 1-modda. Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
iste’molchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs);
ishlab chiqaruvchi — iste’molchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa yoki yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor;
ijrochi — maishiy xizmat, uy-joy-kommunal, ta’mirlash-qurilish, transport xizmati va xizmat ko‘rsatishning boshqa sohalarida shartnoma bo‘yicha iste’molchi uchun ishlar bajaradigan yoki xizmatlar ko‘rsatadigan korxona, tashkilot, muassasa yoki yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor;
sotuvchi — oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha iste’molchiga tovar realizatsiya qiladigan korxona, tashkilot, muassasa yoki yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor;
shartnoma — tovarni olish-sotishni amalga oshirishda, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda sifat, miqdor, muddat, narx va boshqa shartlar to‘g‘risida iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi og‘zaki yoki yozma kelishuv;
tovar — ishlab chiqaruvchi faoliyatining iste’molchiga shartnoma bo‘yicha sotish uchun mo‘ljallagan mahsuli, shu jumladan, import mahsuloti;
tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi — tovarni iste’mol qilish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilishning, shuningdek, ish yoki xizmat natijalaridan foydalanishning odatdagi sharoitlarida iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq xavf xatarning yo‘qligi;
muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;
tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni — tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qo‘yiladigan talablarga nomuvofiqligi;
tovar (ish, xizmat)ning jiddiy nuqsoni — tovar (ish, xizmat)dan belgilangan maqsadda foydalanib bo‘lmaydigan qilib qo‘yadigan yoxud bartaraf etish uchun ko‘p mehnat va vaqt sarflash talab qiladigan kamchilik;
kafolat muddati — tovardan (xizmatdan) foydalanishning (onlar hisobidagi) normativ muddati yoki tovar (xizmat)ning muayyan vazifani (necha soatda, nechta ish jarayonida, qancha kilometr masofani bosib o‘tib va h.k.) bajarish vaqti tarzida belgilangan muddati bo‘lib, bu muddat ichida ishlab chiqaruvchi (ijrochi), basharti tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etilgan bo‘lsa, tovarning (xizmatning) sifatiga nisbatan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablar bajarilishini kafolatlaydi va ta’minlaydi;
xizmat muddati — tovardan foydalanishning belgilangan muddati bo‘lib, u tamom bo‘lgach, tovarning texnik holatidan qati nazar, undan foydalanish to‘xtatilishi lozim;
yaroqlilik (saqlash) muddati — muayyan davr bo‘lib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli bo‘ladi va u tamom bo‘lgach, tovar odamlar hayoti hamda sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin;
kassa cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana va kassa apparatining nomeri ko‘rsatilgan hujjat;
tovar cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana hamda sotuvchining nomi va joylashgan manzili haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan hujjat.