7. XXI asr boshlarida Rossiya Federatsiyasi.
2000 yil 26 martdagi saylovlarda V.Putin ko‘p ovoz olib Prezidentlikka saylandi. Hukumat boshlig‘i qilib M.Kasyanov tayinlandi. Prezident tarafdorlari nafaqat ijroya hokimiyatga ega bo‘ldilar, balki Dumada ham deputatlarning asosiy qismini tashkil etdilar. To‘plangan tajriba asosida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy sohalarini rivojlantirish davlat Dasturi ishlab chiqildi. Siyosiy sohada hokimiyatni mustahkamlash ko‘zda tutilgandi. Rossiya hududi 7 ta federal okrugga bo‘lindi. Okruglarda Prezident vakilligi institutlari barpo qilindi. Federatsiya Kengashini tashkil etishning, mer va gubernatorlarni saylash mavsumini o‘tkazishning yangi qonun-qoidalari ishlab chiqildi. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi-hokimiyatni su’iste’mol qilishga, amaldorlarning tadbirkorlarga nisbatan zulm o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Shuning bilan birgalikda biznes va ommaviy axborot vositalarining hokimiyat institutlariga ta’sir o‘tkazishi chegaralangan edi.Jinoiy va ma’muriy qonunchilikni bozor iqtisodiyoti bilan muvozanatlashtirish maqsadida huquqiy islohotlar ham boshlab yuborildi.
Tadbirkorlik faoliyatiga yordam sifatida soliq miqdori kamaytirildi. Soliq miqdori 13 % qilib belgilanib, bu dunyodagi eng kam soliq ko‘rsatkichi edi.
Mamlakat ishlab chiqarish sanoatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona siyosati ham o‘zgartirildi. Amaldagi ba’zi bir omillar Rossiya uchun salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Jumladan, 2001 yilda xalqaro miqyosda neft va gaz narxi tushib ketdi. Ba’zi bir hududlarda ob-havo noqulayliklari, yoki mahalliy hokimiyatning samarasiz ish uslublari tufayli ortiqcha mablag‘lar sarflandi. Tashqi qarz (170 mlrd. dollar) ham Rossiya iqtisodiyotiga qo‘shimcha “yuk” edi. Shuningdek, bir qator davlatlar Rossiyaan qarzdor edilar (Kuba, Iroq, Vetnam, Gana, Nikaragua, Efiopiya, Angola va boshqalar) O‘z vaqtida SSSR ularga katta yordam ko‘rsatgandi. Ularning qarzi 150 mlrd. dollarga yaqin edi. Lekin, davlatlarning ko‘pchiligi nochor iqtisodiy ahvolda bo‘lganligi sababli, ulardan qarz undirish amri mahol edi. Shunga qaramasdan, Rossiya iqtisodiyoti 2001-2002 yillarda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdi. Ishsizlik kamayib, ishlab chiqarish samarodorligi oshdi. Islohotlarning oxirida Rossiyada iqtisodiyotning yangi tizimi yaratildi. Bunda asosiy ulush davlat sektoriga emas, balki V.O.Potanin, M.M.Fridman, P.O.Aven, O.V.Deripaski kabi tadbirkorlar rahbarlik qilgan moliyaviy ishlab chiqarish guruhlariga tegishli edi. Ular mamlakat iqtisodining asosiy qismini nazorat qila turib, raqobatning kuchayishidan manfaatdor edilar. Bunday yutuqlarga erishgan kompaniyalardan “Lukoyl”, TNK, “Sibneft” “Gazprom” kabilarni aytib o‘tish mumkin. Hukumat harbiy buyurtmalarni stabillashtirishga erishdi. Yuqori texnologiyalar uchun mablag‘lar ajratildi, byudjet sohasi xodimlarining ahvoli yaxshilana bordi.
Jamoat fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra Prezident va hukumat siyosati aholi tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat dumasida islohotlar tarafdorlarining ko‘pchiligi ishtirokida bo‘lgan Putinning g‘alabasi tub o‘zgarishlarni davom ettirishga qulay sharoit yaratdi, uning ommaviyligining va mashhurligining saqlanib turishi esa hokimiyatning samaradorligini oshishiga imkon yaratdi. U tomonidan liberal islohotlarni chuqurlashtirish dasturi belgilab olindi. Bu dasturni amalga oshirish uchun federal hukumat organlari kuchaytirildi va Federatsiya Soveti tarkibi o‘zgardi, federatsiya sub’yektlarining qonunlari Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasi va qonunlariga moslashtirildi, iqtisoddagi byurokratizmdan qutulish loyihalari ilgari surildi, «tabiiy» monopoliyalar sudlov, suv, er, nafaqa, uy-joy va boshqa islohotlar restrukturizatsiya qilindi.
Biroq, regionlarda bozor iqtisodiyotini barqaror o‘sishi uchun, sarmoyalar jalb etish uchun, ishlab chiqarishning eskirgan asbob-uskunalarini konversiya qilish va yangilash uchun sharoit hozircha yaratilmadi. Aholining xarid qilish qobiliyati o‘sib borayotgan inflyasiya bilan susaytirildi. Shunday bo‘lsada, uy-joylarni issiqlik, yonilg‘i va suv bilan ta’minlashning eskicha tizimini buzish tezlashtirildi. Ma’muriy idoralarning inson huquqlari va erkinliklarini buzmasdan «tartib o‘rnatishni» eplay olmasliklari, har qanday tashabbusni falaj qilib tashlaydigan byurokratizm va o‘sib borayotgan korrupsiya, shuningdek, Chechenistondagi qonli urush, u yerda aholining bir qismi faqat tirik qolish uchungina federal hukumat bilan hamkorlik qilayotganligi, bularning hammasi jamiyatning jipslashuvini qiyinlashtirdi. Qiyinchiliklarga qaramasdan, liberal-bozor islohotlari va yangi konstitutsiya tufayli Rossiya Federatsiyasi jahon hamjamiyatida liberal yo‘nalishdagi mamlakatlar sirasiga kirib oldi. Biroq, u shu bilan birga SSSRdan ba’zi bir buyuk davlatchilik va militaristik xususiyatlarni ham meros qilib oldi. Bular jumlasiga urushda qo‘lga kiritilgan hududlarni ushlab turish, millatlarni o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqini cheklash, siyosiy masalalarni hal etishda qurolli kuchlardan foydalanish, raketa-yadro va harbiy-dengizda buyuk bo‘lishga da’vo qilish, hududiy gegemonlikka intilish, chet elda «vatandoshlar» huhuqini himoya qilish, (bular qatoriga SSSRning barcha sobiq fuqarolarini yoki rusiyzabon fuqarolarni ham qo‘shadilar) kabi masalalar kiradi. Ammo ma’muriyat Rossiyaning o‘z ichida ham inson huquqlari buzilishini bartaraf etishga qodir emas edi. Bozor iqtisodiyoti bo‘yicha tub o‘zgarishlarning tugallanmaganligi, ishlab chiqarishning past darajadaligi Rossiyani «o‘tish davridagi iqtisodiyotli» mamlakatlar sirasiga kiritadilar. Uning xo‘jaligi «asosan erkin emas» deb hisoblanadi, chunki unda davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta va ma’muriy tarzda aralashadi. Rossiya jahon yalpi mahsulotining 2,67 foizini beradi - AQSH va Xitoydan bir necha barobar oz. Agar yoqilg‘ilar, qurollarning ba’zi turlarini va atom energiyasini eksport qilishni hisoblamasak, etarli darajada bo‘lmagan raqobatbardoshligi va tashkiliy-moliyaviy zaifligi Rossiyani jahon savdosida qatnashuvining kengayishini qiyinlashtiradi. Jahon savdosida Rossiyaning ulushi jahon yalpi mahsulotidagi ulushidan ham past edi.
XXI asr boshiga kelib Rossiyada tub o`zgarishlar ruy berdi. Agar XX asrning oxirida kommunistlar, demokratlar hamda liberal-demokratlar mamlakatda katga kuch hisoblangan bo‘lsa, bugun ular o‘z mavqelarini yo‘qotdilar. Davlat tizimining barcha bo‘g‘inlarida «Ediniya Rossiya» (YAgona Rossiya)ning mavkei oshib bordi. Davlat dumasida ham ilgarigi chaqiriqlar, fikrlar qarama-qarshiligi, ehtiroslar yo‘q. Bugungi duma asosan bitta siyosiy partiya vakillaridan yoki shu partiya dasturiga xayrixoh deputatlardan uyushgan parlament hisoblanadi. Bugungi kunda hukumat bilan parlament til topishib ishlamoqda.
2004 yilning mart oyida Rossiyada navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Vladimir Putin kaytatdan ikkinchi mudatga Rossiya prezidenti etib saylandi. Mana shu prezident saylovi kompaniyasi ham Rossiyadagi siyosiy kuchlarning bir fikrga kelishib ishlayotganini bildirdi.
2007 yil 2 dekabrda Davlat Dumasiga bo‘lgan saylovlar V.Putin yo‘lining to‘g‘ri ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Saylovlarda «Edinaya Rossiya» (YAgona Rossiya) partiyasi 64%dan ortiq ovoz oldi. B.Grizlov davlat dumasi raisligiga yangi muddatga saylandi.
2008 yil 2 martda Rossiya konstitutsiyasiga binoan navbatdagi prezidentlik saylovi bщlb utdi. Prezidentlik lavozimiga turli partiyalardan nomzodlar kursatildi. «Edinaya Rossiya» (YAgona Rossiya) partiyasida Rossiyaning bosh vazir lavozimini egallab turgan D.Medvedevning nomzodi kursatildi. Saylov natijalariga kura ko`pchilik ovoziga ega bo`lgan D.Medvedev prezident etib saylandi.
XXI asr boshida Rossiyada «Edinaya Rossiya» (YAgona Rossiya) partiyasi hokimiyat tepasiga kelishi natijasida, mamlakat iqtisodiyotida o‘sish yuz berdi, odamlarning turmush kechirishi ularni ish bilan ta’minlash yaxshilandi. Agar 2001 yili mamlakat aholisnning 30%i kambag‘all darajasida yashagan bo‘lsa, 2004 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 18%ga tushdi. Ishlab chiqarishning yillik o‘sishi 2004 yilda 5-6%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yilda u 7,6%ni tashkil etdi. Tashqi qarz to‘liq uzildi. Chet el investitsiyalarini jalb qilish yildan-yilga o‘sib bordi. Agar 2002 yili u 4 mlrd, 2003 yili 6 mlrd, 2004 yilda 10 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yilga kelib, 80 mlrd. dollardan oshib ketdi. Qishloq xo‘jaligiga ham yunaltirilgan sarmoyalar yildan yil oshib bordi.
2012 yil mart oyida Rossiyada navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan o`zgarishlarga asosan «Edinaya Rossiya» (YAgona Rossiya) partiyasidan V.V.Putin nomzodi ko‘rsatildi. Salovchilarning ko‘p ovoziga ega bo‘lgan V.V.Putin olti yillik muddatga Rossiya prezidenti etib saylandi.
Dostları ilə paylaş: |