Pul mablag‘larini jalb qilish hamda ularni qaytarishlik, to‘lashlik va muddatli shartlar asosida o‘z nomidan joylashtirish uchun tuzilgan muassasa bankdir. Bank bu tijorat muassasasi bo‘lib, uning maqsadi foyda olish. Bank o‘z faolyatida quyidagi asosiy tamoyillarga amal qiladi: mijozlarning manfaatiga ustuvorlik berish va ularni jalb etish uchun kurashish: foyda olib ishlash; raqobatda ishtirok etish tavakkal qilish; o‘z mablag‘larini naqd pulga aylantira olish.
Banklarning aksaryati tijorat banklaridir. Vaqtinchalik bo‘sh pullarni to‘plash, kredit berish, pul hisob-kitoblarini amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlarni chiqarish tijorat banklarning asosiy vazifalaridir. Amalga oshiradigan operatsiyalarga ko‘ra universal va ixtisoslashtirilgan banklar farqlanadi. Ixtisoslashtirilgan banklar – muayyan mijozlar guruhiga xizmat ko‘rsatadi yoki ayrim xizmatlarga ixtisoslashadi (investitsiyaviy, eksport, ipoteka). Bank – bu tijorat korxonasi bo‘lib, uning maqsadi foyda olish, uni iloji boricha ko‘paytirish. Ammo banklar har doim ham o‘z foydasi hisobidan qarzini o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlay olmasligi mumkin. Juda ko‘p miqdorda ssuda bergan yoki qarzni o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlamagan banklar ayrim hollarda to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lmaydi. Bu hol ularning sinishiga olib kelishi mumkin. Binobarin, banklar aholi, korxonalar, boshqa muassasalar qo‘yilmalarining barchasini qarzga bera olmaydi. Chunki ular o‘z qo‘yilmalarini har qanday vaqtda qaytarib olishlari mumkin.
Shuning uchun o‘zlarining xavfsizliklarini ta’minlash maqsadida banklar o‘sha qo‘yilmalarning bir qismini zaxira sifatida ajratib qo‘yadilar. Bu fondlar bank zaxiralari deyiladi. Tijorat banklari majburiy zaxirasi miqdori va bank tomonidan qo‘yilmalar bo‘yicha berilgan majburyatlar o‘rtasidagi nisbatga bank zaxirasi me’yori deyiladi.
Bank zaxirasi me’yori = tijorat banki majburiy zaxirasi / muddatsiz qo‘yilmalar bo‘yicha tijorat bankining majburyatlari * 100%
Bankning asosiy hujjatlaridan biri - balans hisobotidir. U aktiv va passiv qismdan iborat bo‘ladi.