18.2. Davlat byudjeti tarkibi. Byudjet taqchilligi va davlat qarzi
Davlat byudjeti – bu davlat xarajatlari va ularni moliyaviy qoplash manbalarining yillik rejasidir yoki hukumatning har yili tushadigan daromad va xarajatlar hisobidir. Davlat daromadlari va xarajatlarining asosiy qismi davlat byudjeti orqali o‘tadi. Mamlakat iqtisodiyotini ma’lum maqsadda rivojlantirish, turli markazlashgan jamg‘armalarni va avvalo umumdavlat pul mablag‘lari fondi davlat byudjetini tuzish yo‘li bilan ta’minlanadi. Davlat byudjetining asosiy vazifasi moliyaviy vositalar yordamida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish va umumdavlat miqyosidagi vazifalarni hal qilish uchun sharoit yaratishdir.
Davlat mol-mulk va shaxsiy sug‘urtasi umumdavlat moliyasining keyingi bo‘g‘ini hisoblanib, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va fuqarolarga joriy qilinadi. U majburiy va ixtiyoriy bo‘lishi mumkin. Bu maqsadlar uchun fondlar korxona va aholining to‘lovlari hisobiga shakllanadi. Fond mablag‘lari mol-mulk sug‘urtasiga va shaxsiy sug‘urtaga pul to‘lashni ko‘zda tutadi. Shaxsiy sug‘urta aholining pul jamg‘armalarini tashkil qilishning shakllaridan biri bo‘lib ham xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyotida moliya tizimida turli xil sug‘urta (ijtimoiy sug‘urta, tibbiy sug‘urta) fondlari va byudjetdan tashqari moliya fondlari (pensiya fondi, aholini ish bilan ta’minlash fondi, tabiatni muhofaza qilish fondi, tarixiy yodgorliklarni saqlash fondi, tadbirkorlarga ko‘mak berish fondi va boshqalar)ning ahamiyati ortib boradi.
Davlat byudjeti va mahalliy viloyat, tuman byudjetlari farqlanadi. Bunda davlat byudjeti umuman millat manfaatlaridan kelib chiqadigan xarajatlarga (mudofaa, tashqi iqtisodiy foliyat, iqtisodiyotni moliyalashtirish) sarf etiladi. Mahalliy organlar esa o‘z hududlaridagi aholiga xizmat ko‘rsatish obyektlari, hududini o‘zlashtirish, obodonlashtirish, madaniyat, sog‘likni saqlash ijtimoiy ta’minoti sohasida chora - tadbirlarni amalga oshirishda mahalliy byudjetdan mablag‘lar ajratadilar. Bunda mablag‘larning davlat va mahalliy byudjetlarga borib tushishida ma’lum bir nisbat bo‘lishi lozimdir.
Davlat byudjeti daromadlar va xarajatlar qismidan iborat, ya’ni bir tomonida byudjetga kelib tushadigan daromadlar tarkibi va ularning manbalari, ikkinchi tomonida esa asosiy xarajatlarning tarkibi va miqdori o‘z ifodasini topgan qismlardir.
Mamlakat davlat byudjetining daromadlar qismini asosan soliqlar, davlat ijtimoiy sug‘urta manbalari, eksportdan va importdan olinadigan daromadlar, boj va xirojlar tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining tuzilishi:
Daromadlar jami
Qo‘shilgan qiymatga soliqlar
Respublikadan tashqariga olib chiqib ketiladigan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliqlar
Aksizlar
Daromadga soliq
Aholiga sotiladigan davlat zayomlari
Aholidan olinadigan davlat soliqlari
Dostları ilə paylaş: |