20.2. Daromad tengsizligi va uning sabablari. Lorens egri chizig‘i
Daromadlar tengsizligining asosiy sabablari quyidagilardir:
Insonlarning aqliy, jismoniy va estetik qobiliyatlarining turlicha ekanligi. Yuqori aqliy qobiliyatga ega bo‘lish nisbatan yuqori daromadga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Aksincha holat ham kuzatilishi mumkin. O‘ziga xos jismoniy qobiliyatga ega bo‘lish, xalqaro darajada tan olingan sportchi bo‘lish va o‘shanga yarasha katta daromad olish imkoniyatini beradi. Estetik qobiliyatga ega inson yuqori malakali san’atkor yoki rassom bo‘lishi mumkin.
Insonlarning ta’lim olganlik darajalarining turlicha ekanligi. Qanchalik kasbiy tayyorgarlik yuqori bo‘lsa, shunchalik ish haqi miqdori yuqori bo‘ladi. Masalan, AQSHda oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar o‘rta ma’lumotga ega bo‘lganlarga nisbatan uch barobar ko‘p ish haqi oladilar. Qanchalik ta’lim darajasi yuqori bo‘lsa shunchalik inson omiliga ko‘proq investitsiyalar talab etiladi.
Insonlarning turlicha daromad va mulk bilan ta’minlanganligi. Bir xil fuqaroning mulki kamroq yoki umuman bo‘lmaydi. Boshqalar esa ko‘p miqdorda mulkka (yer, ko‘chmas mulk va h.k) ega bo‘ladi. Natijada ular mulki hisobiga ko‘proq daromad oladilar.
Oila tarkib daromadlar bo‘yicha tengsizlikni yuzaga keltiradi, agar oilada pultoparlar ko‘p bo‘lsa, uning jami daromadi ko‘p bo‘ladi va aksincha.
Daromadlardagi farqlarni bozor holatidagi o‘zgarishlar ham yuzaga keltiradi. Bu ayniqsa tadbirkor daromadiga ta’sir etadi. Bozorda kutilmaganda, narx oshib ketsa, tadbirkor katta daromad topadi va aksincha bo‘lsa kutilgan daromadni ham ololmaydi.
D.Maydler va E.Goldsmit “Дело против глобальной экономики” kitobida turli darajada daromadlarning tengsizligini ochib berganlar. Mikroiqtisodiy darjada - AQSHda menedjering ish haqi o‘rtacha zavod ishchisining ish haqidan 419 barobar katta. Makroiqtisodiyot darajasida AQSHning 2,7 mln. eng boy aholisining daromadi 100 mln. kambag‘al aholisining daromadlariga teng. Mamlakatlararo darajada Shveytsariyada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori Mozambikdagiga nisbatan taxminan 400 marta ko‘p.
20.1- rasm. Lorens egri chizig‘i
Jamiyatda daromadlarning taqsimlanishini Lorens egri chizig‘i yordamida tushuntirish mumkin (20.1-rasm). Bunda oilalar ulushi abssissada, daromadlar ulushi esa ordinatada joylashagan. Nazariy jihatdan daromadlarning absolyut teng taqsimlanishi bissektrisa (OE) yordamida aks ettirilgan. Unda 20% aholi 20% daromadni, 40% aholi 40% daromadlarni oladilar va h.k. Agar jamiyatda barcha daromad 1% aholiga tegishli bo‘lsa unda chiziq vertikal ko‘rinishda bo‘ladi va u absolyut tengsizlik chizig‘i deyiladi.
Daromadlarning aslida taqsimlanishi A,V,S,D,E nuqtalari ko‘rsatadi. Absolyut tenglik chizig‘i va Lorens egri chizig‘i o‘rtasida yuza (M) daromadlarning taqsimlanishdagi tengsizlik darajasini ko‘rsatadi. Ushbu yuza qanchalik katta bo‘lsa, daromadlar taqsimlanishidagi tengsizlik shunchalik katta bo‘ladi va aksincha.
Daromadlarni tabaqalanishidagi tengsizlik darajasi Djini koeffitsiyenti yordamida ham hisoblanadi. Ushbu koeffitsiyent Lorens egri chizig‘i bilan mutloq tenglik chizig‘i (bissektrisa) o‘rtasidagi yuzaning, uchburchak yuzasiga nisbati orqali hisoblanadi. Djini koeffitsiyenti qanchalik katta bo‘lsa (ya’ni 1,0 ga yaqinlashsa) tengsizlik shunchalik kuchli bo‘ladi. Jamiyat a’zolari daromadlari tenglashib borganda, bu ko‘rsatkich O (nol) ga intiladi. AQSHda 1984 yilda Djini koeffitsiyenti 0,35ni, 1987 yilda esa 0,36ni tashkil etgan bu holat daromadlarning notekis taqsimlanishini kuchayishidan dalolat beradi. O‘zbekistonda ushbu koeffitsiyent 1990-2010 yillarda 0,49 dan 0,3 gacha pasaygan. Bu holat ijobiy deb baholanishi mumkin.
Daromadlar tabaqalanishini aniqlashda ko‘proq qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlardan biri ditsel koeffitsiyenti hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 10% eng yuqori ta’minlangan aholi o‘rtacha daromadlari va 10% eng kam ta’minlangan aholi o‘rtacha daromadi o‘rtasidagi nisbatni ifodalaydi. Masalan AQSH va Buyuk Britaniyada bu nisbat 13:1, Shveytsiyada esa 5,5:1 ga teng. Daromadlarning noteks taqsimlanish darajasi Pareto-Lorens-Djini metodologyaisi yordamida hisoblanishi mumkin. Pareto qonuniga binoan 80% YaIM 20% aholi tomonidan o‘zlashtiriladi, qolgan 20% YaIM esa 80% aholi o‘rtasida taqsimlanadi. Shuning uchun Pareto qonuni 80/20 qonuni nomini olgan.
Daromadlar taqsimlanishida tengsizlikning haddan tashqari oshib ketishining oldini olish uchun uning me’yori belgilangan. Bunga ko‘ra aholining boy qatlami qo‘lida jami daromadlarning 20-35 foizi to‘planishi mumkin. Boshqa bir me’yorga ko‘ra 10% boylar va 10% kambag‘allar daromadi o‘rtasida farq 13-15 martadan oshmasligi kerak.
Dostları ilə paylaş: |