7.5 Davlatning monopoliyaga qarshi siyosati.
Monopolistik birlashmalarning ikki yoqlama xaraktyerini inobatga olgan holda rivojlangan mamlakatlarda hukumatlar raqobatni qo‘llab quvvatlab va rivojlantirish yo‘li bilan monopolizmga ta’sir etishga harakat qiladi. Shunga ko‘ra, bugungi kunda deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiyotida monopoliyalarni davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari qo‘llanilib, bu monopoliyaga qarshi siyosat deb ataladi. Davlatning monopoliyaga qarshi siyosati asosini monopoliyaga qarshi qonunchilik tashkil etib, u turli mamlakatlarda turli darajada rivojlangan bo‘ladi.
Monopoliyaga qarshi tartibga solish – bu iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan, u yoki bu ishlab chiqarish turlarini ayrim ishlab chiqaruvchilar tomonidan monopolizatsiya qilishni bartaraf etishga qaratilgan davlatning faoliyati.
Monopoliyaga qarshi qonunchilik - monopoliyalarni cheklash va taqiqlashga, monopol tuzilmalar va uyushmalar, monopolistik harakatlarning oldini olishga qaratilgan raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi qonunlar va boshqa davlat hujjatlari.
Bunday qonunlarga AQSHda 1890 yilda qabul qilingan Shyerman qonuni, 1914 yilda qabul qilingan Kleyton qonuni va 1936 yilda qabul qilingan Robinson-Petmen qonunlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Odatda monopoliyaga qarshi qonunchilik nisbatan ilgariroq va mukammalroq ishlab chiqilgan, deb hisoblanadi. U quyidagi uchta qonunchilik hujjatlariga asoslanadi:
Shyerman qonuni savdoni yashirin monopollashtirish, u yoki bu tarmoqdagi yakka nazoratni qo‘lga olish, narxlar bo‘yicha kelishuvlarni taqiqlaydi.
Kleyton qonuni mahsulot sotish sohasidagi cheklovchi faoliyatlarni, narx bo‘yicha kamsitish, ma’lum ko‘rinishdagi birlashib ketishlar, o‘zaro bog‘lanib ketuvchi direktoratlar va boshqalarni taqiqlaydi.
Robinson-Petmen qonuni savdo sohasidagi cheklovchi faoliyatlar, «narxlar qaychisi», narx bo‘yicha kamsitishlar va boshqalarni taqiqlaydi.
1950 yilda Kleyton qonuniga Sellyer-Kefovyer tuzatishi kiritildi. Unda noqonuniy birlashib ketishlar tushunchasiga aniqlik kiritilib, aktivlarni sotib olish orqali birlashib ketish taqiqlandi. Agar Kleyton qonuni yirik firmalarning gorizontal ravishdagi birlashib ketishlariga to‘siq qo‘ygan bo‘lsa, Sellyer-Kefovyer tuzatishi vertikal ravishdagi birlashib ketishlarga cheklov kiritdi.
O‘zbekistonda hozirgi davrda antimonopol siyosatining xuquqiy asosini 2012 yilning 7 yanvaridan kuchga kirgan “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi Qonun tashkil qiladi. Xuddi shu kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni o‘z kuchini yo‘qotdi. Yangi Qonunning o‘ziga xos yangi jihati moliya bozorlarida monopollashish, raqobatning cheklanishi va ustunlik mavqeini suiiste’mol qilish holatlariga barham byerib, sog‘lom raqobat muhiti yuzaga kelishini ta’minlaydi, ya’ni umuman olganda tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Amaliy jihatdan ushbu tartibga solishni O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi amalga oshiradi. Quyidagilar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeni suiste’mol qilishi, «kartel» kelishuvlari va til biriktirish, insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qo‘yish;
savdolar, iqtisodiy konsentratsiya va davlat ko‘magini monopoliyaga qarshi tartibga solish;
- bozor ishtirokchilariga yuqori likvidli, shu jumladan, tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanishda teng shart-sharoitlarni ta’minlash;
- qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Dostları ilə paylaş: |