Ochiq ishsizlik - bu mehnat bozoridagi holat, unda shaxs ishsizligini anglaydi va ish bilan ta’minlash xizmatida (mehnat birjasida) rasmiy ro‘yxatdan o‘tqaziladi
Ochiq ishsizlik - bu mehnat bozoridagi holat, unda shaxs ishsizligini anglaydi va ish bilan ta’minlash xizmatida (mehnat birjasida) rasmiy ro‘yxatdan o‘tqaziladi.
Yashirin ishsizlik, ish izlash umidini yo‘qotishi sababli ish izlashni to‘xtatgan odamlarning mavjudligi bilan bog‘liq. Iqtisodiyot rivojlanish darajasining pasayishi korxonalardagi ishlab chiqarish hajmining qisqarishiga olib keladi. Biroq korxona egalari o‘z ishchilarini birdaniga ishdan bo‘shata olmaydi. Buning natijasida birinchidan, ishchilarning ma’lum qismi rasman ish bilan band bo‘lsalarda, amalda to‘liq ishlamaydilar, ikkinchidan esa, mehnat unumdorligi pasayib korxona moliyaviy natijalariga salbiy ta’sir qiladi. Yashirin ishsizlik uchun ish kuni yoki ish haftasi davomida to‘liq band bo‘lmaslik xos. Yashirin ishsizlik mamlakatda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy keskinlikning oldini olishga intilish natijasida ham vujudga kelishi mumkin.
19.3. Ishsizlik darajasi va uni aniqlash. Ishsizlikning iqtisodiy va sotsial oqibatlari. Ouken qonuni.
«To‘liq bandlilik» tushunchasi iqtisodiyotda ishsizlikning mutlaq mavjud bo‘lmasligini bildirmaydi. Iqtisodchilar friksion va tarkibiy ishsizlikning bo‘lishini tabiiy deb hisoblaydi, shu sababli «to‘liq bandlilik» ishchi kuchining 100% dan kam qismini tashkil qiluvchi miqdor sifatida aniqlanadi. Aniqroq aytganda, to‘liq bandlilik sharoitida ishsizlik darajasi friksion va tarkibiy ishsizlar soniga teng bo‘ladi. Siklik ishsizlik nolga teng bo‘lganda to‘liq bandlilik sharoitidagi ishsizlik darajasiga erishiladi, «to‘liq bandlilik» sharoitidagi ishsizlik darajasi ishsizlikning tabiiy darajasi deb ham ataladi. Ishsizlikning tabiiy darajasi bilan bog‘liq bo‘lgan milliy ishlab chiqarishning real hajmi iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini ko‘rsatadi.
Ish bilan to‘liq bandlilik yoki ishsizlikning tabiiy darajasi ishchi kuchi bozori muvozanatiga erishganda, ya’ni ish izlovchilar soni bo‘sh ishchi o‘rinlari soniga teng kelganda vujudga keladi. Ishsizlikning tabiiy darajasi qandaydir darajada iqtisodiy jihatdan maqbul hisoblanadi. Chunki, «friksion» ishsizlarga mos keluvchi ish o‘rinlarini topish, «tarkibiy ishsizlarga» ham yangi kasbni o‘zlashtirish yoki yangi yashash joyida ish topish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi.