Vaqtbay-mukofotli haq to‘lashda ishchi ishlab bergan vaqtiga haq olishdan tashqari, ushbu ish haqiga ma’lum bir foiz hisobida mukofot ham oladi.
Mehnatga akkord haq to‘lash tizimi mehnatga ishbay haq to‘lashning bir turi bo‘lib, uning mohiyatiga ko‘ra, bunda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni muddatini ko‘rsatgan holda baholash amalga oshiriladi.
Korxonada quyidagi hollarda akkord haq to‘lash tizimidan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
* korxona biron-bir buyurtmani o‘z vaqtida bajara olmasa va buning uchun shartnomaga asosan yirik miqdorda jarima to‘laydigan bo‘lsa;
* korxonaning to‘xtab qolishiga sabab bo‘luvchi favqulodda vaziyatlar (yong‘in, sel, zilzila, suv toshqini yoki jiddiy sabablarga ko‘ra asosiy texnologik liniyalarning ishdan chiqish hollari) ro‘y berganda;
* alohida ishlarni bajarishga o‘ta zarurat tug‘ilganda yoki korxonada yangi asbob-uskunalar ishga tushirilganda.
Ko‘pchilik korxonalarda ish haqini hisoblash tarif tizimi, ayniqsa uning tarif stavkasi va tarif setkalari kabi elementlari asosida amalga oshiriladi.
Tarif tizimi turli normativ materiallar majmuidan iborat bo‘lib, ular yordamida korxonadagi xodimlar ish haqi darajasi ularning malakasi, ishlarning murakkabligi, mehnat sharoitlari, korxonalarning jug‘rofik joyi va boshqa tarmoq xususiyatlariga qarab belgilanadi. Tarif tizimining asosiy elementlariga tarif setkalari, tarif stavkalari, tarif-malaka ma’lumotnomalari, lavozim maoshlari, xizmatchilar lavozimlarining tarif ma’lumotnomalari, tarif stavkalariga ustama va qo‘shimcha xaklar, ish haqiga doir mintakaviy malaka koeffitsiyentlari kiradi.
Tarif setkalari mehnatga haq to‘lashdagi mutanosibliklarni malaka darajasini hisobga olgan holda, belgilash uchun xizmat qiladi. U tarif razryadlari va ularga mos keluvchi tarif koeffitsiyentlari yig‘indisini ifodalaydi. Tarif koeffitsiyentining eng past razryadi birga teng deb olinadi. Undan keyingi tarif razryadlari mos keluvchi tarif stavkalari birinchi razryadli tarif stavkasidan necha marta katta bo‘lishini ko‘rsatadi.
Kadrlar, mehnat unumdorligi va ish haqi o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan tushunchalar hisoblanadi. Har bir korxonada mehnat va ish haqi bo‘yicha reja tuzilib, uning maqsadlari ishchi kuchidan foydalanishni yaxshilash zahiralarini topish va bu asosda mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Bu rejalarga ko‘ra mehnat unumdorligining o‘sish sur’ati o‘rtacha ish haqi suratlaridan tezroq o‘sishi lozim.
Tarif stavkasi - turli guruh va kategoriyadagi ishchilarning vaqt birligidagi mehnati uchun to‘lanuvchi haqning mutlaq (absolyut) o‘lchamidir. Minimal tarif stavkasi yoki birinchi razryadli stavka boshlang‘ich hisoblanadi. U eng oddiy mehnat turiga to‘lanuvchi haq darajasini belgilab beradi.
Tarif stavkalari – razryadlar shkalasidan iborat bo‘lib, ularning xar biriga uz tarif koeffitsiyenti berilgan va xar qanday razryadning tarif stavkasi birinchi razryaddan necha marta ko‘pligini kursatib turadi. Birinchi razryadning tarif koeffitsiyenti birga tengdir. Razryadlar miqdori va ularga tegishli tarif koeffitsentlarining miqdori korxonalarda tuziladigan jamoa shartnomasida belgilanadi. Jamoa shartnomasi tarif bitimi asosida ishlab chiqiladi va xodimlar axvolining shartnoma shartlariga nisbatan yomonlashuvini nazarda tutmaslik lozim.
Tarif stavkasi –ish vaqti birligi hisobiga mehnatga haq to‘lashning pul bilan ifodalangan mutloq miqdoridir. Birinchi razryad tarif stavkasi va tarif stavkasi asosida shundan keyingi har bir razryadning tarif stavkasi hisoblab chiqiladi. Birinchi razryad tarif stavkasi korxonaning jamoa shartnomasi bilan belgilanadi va bir tomondan, uning moliyaviy imkoniyatlariga, ikkinchi tomondan, tarmoq bitimida aks ettirilgan mehnatga haq to‘lash shartlariga bog‘liq bo‘ladi. Bunda u belgilangan eng kam ish haqi darajasidan kam bulmasligi lozim. Tarif stavkasi ishchilar mehnatiga haq to‘lash darajasini belgilash uchun boshlang‘ich mikdor hisoblanadi, bunda korxona mehnatga xak to‘lashning qanday shakllari va tizimlari qo‘llanilishini e’tiborga olmaydi.
Tanlangan vaqt birligiga qarab tarif stavkalari soatbay, kunbay va oylik maoshlardan iborat bo‘ladi. Eng ko‘p tarqalgan soatbay tarif stavkalari bo‘lib, ular asosida turli qo‘shimcha haqlar hisoblab chiqiladi. Kundalik va oylik stavkalar soatbay stavkalarni ish smenasidagi soatlar soniga va oy mobaynidagi ishlangan o‘rtacha oylik soatlar soniga ko‘paytirishi yo‘li bilan hisoblab chiqiladi.
Tarif-malaka yo‘riqnomasi normativ hujjatlardan iborat bo‘lib, ular yordamida ish razryadi va ishchining razryadi belgilanadi. Ularda har bir mutaxassislikdagi har bir razryad ishchisi nazariy va amaliy jihatdan bilishi lozim bo‘lgan axborot mavjud bo‘ladi. Mazkur ma’lumotnomalar uch bo‘limdan: «Ishlarning ta’rif-tavsifi», «Bilish kerak» va «Ishlarga doir misollar» dan tashkil topadi. Ilgari, 1991 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirgan «Korxonalar va tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risida» gi qonun joriy qilinishiga qadar, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida foydalanish uchun majburiy bo‘lgan tarif-malaka ma’lumotnomalari, hozirgi vaqtda tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lib, fakat ulardan foydalanuvchi korxona uchungina normativ hujjat hisoblanadi. Malaka razryadi ishchiga odatda sex yoki korxona malaka komissiyasi tomonidan beriladi.
Mehnatga haq to‘lashni tashkil etish sohasidagi an’anaviy yondashuvlardan foydalanuvchi korxonalar xodimlar ish haqining miqdorini belgilash uchun tarif setkalari, tarif stavkalari va tarif-malaka ma’lumotnomalaridan foydalanadilar. Bunday korxonalarda boshqaruv mehnati xodimlari hisoblanuvchi xizmatchilar uchun shtat-maosh tizimi tatbiq etiladi. Uning o‘ziga xos xususiyati shtat jadvalining tuzilishidan iborat bo‘lib, unda muayyan korxonada mavjud bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati, har bir lavozim bo‘yicha xodimlar soni va maosh miqdori ko‘rsatiladi.
Korxonaning attestatsiya (shahodat berish) komissiyasi lavozimlarining malaka ma’lumotnomalaridan foydalanishi asosida attestatsiya jarayonida xizmatchilarga malaka toifalarini beradi. Xizmatchilar lavozimlarining malaka ma’lumotnomasi alohida tavsiflardan tashkil topadi. Har bir malaka tavsifi uch bo‘limdan iborat: «Lavozim vazifalari», «Bilish kerak», «Malaka talablari».
Tarif-malaka ma’lumotnomasi singari xizmatchilar lavozimlarining malaka ma’lumotnomasi tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lib, korxonalar ulardan ixtiyoriy ravishda foydalanishlari, uning bo‘limlariga tuzatishlar va o‘zgarishlar kiritishlari mumkin. Xizmatchilarini attestatsiyadan o‘tqazib turish davriyligini korxona rahbariyatining o‘zi belgilaydi.
Vazirlar Maxkamasining 1996 yil 18 martdagi «Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq mehnatga haq to‘lashning 0 dan 22 gacha bo‘lgan razryad (daraja)lari qabul qilindi, unga ko‘ra razryadlar o‘rtasidagi farq 2-2,5 baravar ko‘paydi. Boshlang‘ich razryadning 550 so‘m miqdori yagona tarif stavkasiga asos kilib olindi. Qo‘shimcha haq va ustamalarning amaldagi tizimi, shuningdek, xodimlar ish haqiga qo‘shiladigan rayon koeffitsentlari saqlab qolindi.
Hozirgi paytda iqtisodiyot sohasida qo‘llanilatgan tarif setkasi 7.1-jadvalda keltirilgan.