Siyosiy islohotlar. Huquqiy demokratik davlat asoslarining barpo etilishi Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O’zbekiston o’z siyosiy mustaqilligini mustahkamlash, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishga yo’naltirilgan chuqur siyosiy islohotlar o’tkazish yo’lidan bormoqda. Milliy huquqiy davlat qurilishida quyidagi omillarga tayanildi: Xalqaro tan olingan huquqiy tamoyillar inobatga olindi;
Siyosiy islohotlar. Huquqiy demokratik davlat asoslarining barpo etilishi Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O’zbekiston o’z siyosiy mustaqilligini mustahkamlash, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishga yo’naltirilgan chuqur siyosiy islohotlar o’tkazish yo’lidan bormoqda. Milliy huquqiy davlat qurilishida quyidagi omillarga tayanildi: Xalqaro tan olingan huquqiy tamoyillar inobatga olindi;
Rivojlangan demokratik davlatlar tajribasiga tayanildi;
Ko’p ming yillik o’zbek davlatchiligi tarixi va o’ziga xos ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga asoslandi;
Vakillik hokimyatini vujudga keltirishning eng demokratik tizimi-qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini barpo etish yo’lidan bordi;
Davlat boshqaruvining yangi, zamonaviy va samarali tizimi prezidentlik boshqaruv usulini yaratish yo’li tanlandi.
O’zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan paytda 1990-yil fevralda saylangan qonun chiqaruvchi hokimiyat organi-Oliy Kengash faoliyat ko’rsatmoqda edi. O’zbekistonda demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yo’lidan borilib, birdaniga Oliy Kengashni tarqatib yuborilmadi. U 1990-1994-yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyat organi sifatida faoliyat yuritdi va o’z vakolat muddati davrida 200 ga yaqin qonun va 500 dan ortiq qarorlar tayyorladi va qabul qildi.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Respublika parlamentining nomi Oliy Majlis deb ataladigan bo’ldi. Konstitutsiyaning 76-moddasida "O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo’lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi", deb belgilab qo’yildi. Konstitutsiyaga muvofiq bir palatali parlament-O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini shakllantirish tadbirlari ko’rildi. 1993-yil 28-dekabrda "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to’g’risida", 1994-yil 22-sentabrda "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to’g’risida" qonunlar qabul qilindi. Oliy Majlis hududiy saylov okruglari bo’yicha ko’p partiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat bo’lishi belgilandi. 1994-yil 25-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga birinchi-marta erkin, demokratik va ko’p partiyaviylik va muqobillik asosda saylovlar o’tkazildi. Har bir saylov okrugida ikki-uch nomzod, jami 700 nafar nomzod deputatlik uchun kurashdi. Saylovchilar birinchi-marta nomzodlarni tanlab olish imkoniyatiga ega bo’ldi. Nomzodlarning birontasi ham etarli ovoz ololmagan saylov okruglarida 1995-yil 8 va 25-yanvar kunlari takroriy saylovlar bo’ldi. Oliy Majlisga 250 deputat saylandi. Oliy Majlis 1995-1999-yillarda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat qurishdan iborat yo’lni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan 10 kodeks, 2 milliy dastur, 145 qonun, 452 qaror qabul qildi. Shuningdek, u 70 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi, xalqaro konventsiyalarga qo’shilish to’g’risida 58 ta qaror qabul qildi.