Laboratoriya tajribalarini o`tkazayotganda ehtiyotsizlik, diqqatsizlik va ish qurollari hamda kimyoviy moddalarni etarli darajada bilmaslik og`ir-oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini hamisha esda tutish kerak.
Berilgan vazifadagi laboratoriya ishlarini bajarayotganda boshqa ishlar bilan va gap-so`z bilan chalg`imaslik kerak.
Kimyoviy reaktsiyalarni bajarayotganda metodik qo`llanmada qanday ko`rsatilgan bo`lsa, aynan shunday idish, xajm va kontsentratsiyalarda bajarish, agarda birorta o`zgartirish lozim bo`lsa, faqat rahbarning ko`rsatmasi bilan bajarish va extiyot choralarini oldindan tayyorlab qo`yish lozim.
Ish bajarilayotgan joyda taom yeb-ichish, chekish qat`iyan man etiladi.
Kimyoviy moddalarni ta`mini bilish yo`li bilan tekshirish mumkin emas. Hidlaridan ajratish uchun nihoyatda extiyotlik bilan, chuqur nafas olmay gazlarni yoki bug`larni qo`l panjasi yordamida asta-sekin harakatlantirib tekshirish mumkin.
Har qanday noma`lum moddaga «u zaharli» deb yondoshish kerak.
Zaharli gazlar va moddalar bilan hamda o`zidan zaharli gaz yoki bug` ajratadigan moddalar (tsian birikmalari, xlor, brom, serevodorod, ammiak, organik eritmalar, uchuvchan kislotalar va boshqalar) bilan o`tkaziladigan ishlar germetik yopiq, yaxshi shamollatiladigan so`ruvchi shkaflarda bajarilishi kerak.
O`yuvchi va kuydiruvchi moddalar bilan ish bajarilayotganda albatta xalat kiyilgan va tugmalari taqilgan bo`lishi kerak.
Kimyoviy eritmalar birdan qaynab toshib ketmasligi uchun, ular qaynatilayotgan idishlarga bir nechta shisha kapillyar (naycha)lar yoki chinni parchalari tashlab qo`yilishi kerak.
Reaktsiya ketayotganda idishlar ustiga, ayniqsa qizdirilayotganda, egilish mumkin emas. Reaktorlarning chiqish teshiklarini ham teskari tomonga to`g`rilab qo`yish kerak.
Agar bajarilayotgan ish o`yuvchi, zaharli, tez alangalanadigan, portlovchi moddalar bilan bog`liq bo`lsa va ular yuqori yoki past bosimda o`tkazilayotgan bo`lsa va nihoyat ushbu reaktsiyalar natijasida yarador bo`lish, kuyish, ko`zga zarari tegishi mumkin bo`lsa, albatta himoya ko`zoynaklari yoki organik oynadan, metall to`rdan qilingan niqoblar taqiladi.
Hech qanday moddani etiketka yoki yozuvsiz qoldirish mumkin emas. Biror moddadan foydalanilganda etiketka yoki yozuvlarini diqqat bilan o`qish kerak. Agar shubhali bo`lsa, darhol tekshirib ko`rish kerak.
Yong`indan xavfli, portlashdan xavfli, zaharli, o`tkir hidli moddalarning qoldiqlarini rakovina yoki axlat idishlariga tashlash man etiladi. Aksincha, ularni maxsus idishlarga yig`ib, iloji boricha zararsizlantirib maxsus jihozlangan quduqlarga ag`darish kerak. Rakovinaga faqat suv va neytrallangan eritmalar qo`yish mumkin.
Kimyo laboratoriyalarida yolg`iz tajriba o`tkazish mumkin emas. Xonada eng kamida ikki kishi va ulardan biri esa boshliq bo`lishi kerak.