Xalqaro marketingda sotuvni ragʼbatlantirish usullari
3. Reklama va reklama vositalari Yuqorida keltirib o’tganimizdek, reklama tovarlarni siljitishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. "Reklama" so’zi lotin tilidan olingan bo’lib ("reklamare" - qichqirmoq), kimdir yoki nimadir haqida ma'lumotni tarqatish, biror narsaga iste'molchi va xaridorlarning fikrini jalb qilish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlarni anglatadi. Ma'lumki, firmalarning bozorda muvaffaqiyat bilan faoliyat ko’rsatishi uchun faqatgina sifatli tovarlarni ishlab chiqarish etarli emas.
Balki, bu borada iste'molchilarni shu tovarlarning iste'mol xossalari haqida har tomonlama xabardor qilib, o’z tovarlarining iste'molchilar ongida aniq mavqeni egallashiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun, birinchi navbatda, korxonalar reklama vositalaridan unumli foydalana bilishlari lozim.
O’zbekiston Respublikasining 1998 yil dekabr oyida qabul qilingan "Reklama to’g’risida"gi qonunida qayd etilishicha "Reklama - haqiqiy va jismoniy shaxslar yoki mahsulot haqidagi bevosita yoki bilvosita foyda olish maqsadida tarqatiladigan maxsus axborotdir". Bu qonunda ko’rsatilganidek, reklama aniq, haqiqiy va qonunlarga zid bo’lmasligi kerak. Shuningdek, foydalanilayotgan reklama shakl va vositalari iste'molchilarga ma'naviy va moddiy zarar keltirmasligi talab etiladi.
Demak, "Reklama to’g’risida"gi qonun reklamani ishlab chiqish va tarqatish bilan bog’liq bo’lgan munosabatlarning huquqiy asosini yaratib berdi. Uning asosiy maqsadi tovarlarning sifati, iste'mol xususiyatlari va boshqa tavsiflari haqida noaniq, haqiqiy bo’lmagan ma'lumotlarni tarqatishning oldini olish asosida huquqiy va jismoniy shaxslarning, shuningdek iste'molchilarning haq-huquqlarini himoya qilishdan iboratdir.
Halqaro savdo palatasi tomonidan 1987 yilda qabul qilingan halqaro reklama Kodeksida ham har qanday reklama murojaati odob-axloq normalariga mos, haqqoniy va ishonchli bo’lishi ko’rsatib o’tilgan.
Ko’pincha reklama tovarni sotadi degan uncha to’g’ri bo’lmagan xulosaga kelinadi. Chunki, reklama tovarni sotmaydi, balki potentsial xaridorlarni topib, talabni rag’batlantiradi. Masalan, xaridor magazinga kirib axtargan tovarni topdi, lekin tovarning sifati, assortimenti yoki bahosi uni qoniqtirmaganligi sababli tovarni sotib olmasdan magazindan chiqib ketdi. Bu erda xaridorga reklama ta'sir ko’rsatadimi? - degan savol tug’iladi. Bu savolga ha, - deb ijobiy javob berish mumkin. Reklama uchun eng asosiy vazifa - bu potentsial xaridorni tovar sotilayotgan joyga keltirishdan iboratdir. Xaridorning magazinga kelib, tovar sotib olmasdan chiqib ketmasligi uchun reklama tovar siljitishning boshqa uslublari bilan birga qo’llanilishi maqsadga muvofiqdir. Eng asosiysi esa tovar sifati va estetik xususiyatlari bo’yicha xaridor didiga mos bo’lishi kerak. Shu sababli reklamaning samaradorligini sotilgan tovarlar hajmi bilan emas, balki potentsial xaridorlarning necha marta tashrifi va necha marta telefon orqali murojaat qilganligi kabi ko’rsatkichlar asosida baholash to’g’ri hisoblanadi.
Reklamaning vazifasi - xabar berish, ishontirish va eslatishdan iboratdir. Shuning o’zi reklamaning tovar sotilishiga ta'sir ko’rsatishidan dalolatdir. Reklamani ishlab chiqish va tashkil etish korxona butun faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Shu sababli reklama ishlarini tashkil etish ma'lum tartib va qoidaga bo’ysunadi.
Reklamani tashkil etishdagi asosiy jarayonlardan biri reklama byudjetini ishlab chiqish hisoblanadi. Reklama byudjetini ishlab chiqish reklama kompaniyasining maqsadlari, korxonaning moliyaviy imkoniyatlari, raqobatchilarning reklama xarajatlari, tarmoqdagi umumiy xarajatlar va hokazolarni hisobga olishga asoslangan turli xil yondashuvlarni qo’llash bilan amalga oshiriladi. Reklama byudjetini hisoblab chiqishning bir necha xil usullari mavjud. Bular asosan quyidagilar hisoblanadi: "mavjud mablag’lardan bir qism ajratish", "sotilgan tovarlar summasidan foizlar ajratish", raqobatli paritet, maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilish usuli.
Shuni qayd etish lozimki, reklama xarajatlari qaysi usul bilan hisoblab chiqilganligiga qaramasdan, bu xarajatlar iste'molchi tomonidan tovarga to’layotgan narxda o’z aksini topadi.
Har bir tashkilot bir vaqtning o’zida har xil tashqi muhit sharoitida faoliyat ko’rsatadi. Shu sababli reklama xarajatlarini hisob-kitob qilganda korxona faoliyat ko’rsatayotgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa sharoitlar hisobga olinishi kerak.
Reklama ishlarini tashkil etishdagi keyingi qadam-bu reklama tarqatish vositalarini tanlashdan iboratdir. Tabiiyki, reklama tarqatish vositalarini tanlagandan so’nggina, reklama xabarlarining mazmunini va turlarini aniqlashga harakat qilinadi.
So’ngra reklamani ishlab chiqish jarayonida reklama murojaatining g’oyasi ishlab chiqiladi. Yaxshi tanlangan g’oya reklama murojaatiga qo’shimcha mazmun beradi. Bu esa reklamani tezda eslab qolish va unga qiziqish imkoniyatini tug’diradi.
Bundan keyin esa reklama murojaati ishlab chiqiladi, ya'ni reklama matni tayyorlanadi. Reklama xabarlari, avvalombor, iste'molchining diqqatini tortishi va qiziqtira oladigan bo’lishi kerak. Agar reklamaning mazmuni iste'molchining qarashlariga, hayotiy tajribasiga, to’lov imkoniyatlariga mos kelsagina reklamaga qiziqish va ishonish kuchayadi.
Reklama ishlarini tashkil etishning keyingi bosqichi reklama kompaniyasi parametrlarini tanlashdan iboratdir. Bu erda reklama maqsadli bozorda qancha sonli potentsial xaridorlarning e'tiboriga havola etilishi va reklama ma'lumotlari sutkada necha marta efirga uzatilishi kabi masalalar aniqlanadi.
Reklamani rejalashtirishning so’nggi bosqichi reklamaning samaradorligini baholashdan iboratdir.
Reklama bir qancha belgilari bo’yicha guruhlanadi.
Reklama qanday xududni qamrab olganligiga ya'ni, geografik belgisiga qarab xorijiy, umummilliy, regional va mahalliy reklamalarga bo’linadi.
Qo’llanilayotgan texnik vositalariga qarab reklama quyidagi turlarga ajratiladi: vitrina - ko’rgazmali, matbuotdagi reklama, bosma reklama, audiovizual, radio va telereklama.
Maqsadiga qarab reklama xaridorlarnning butun to’plamiga va aholining muayyan guruhlariga qaratilgan bo’lishi ham mumkin. Agar reklama foyda olishga qaratilgan bo’lsa, bunday reklama tijorat reklamasi deb, agar foda olishga qaratilmagan, balki jamoatchilikka qaratilgan bo’lsa, tijorat bo’lmagan reklama deb yuritiladi.
Reklamalar maqsadli auditoriyaga qanday ta'sir ko’rsatishiga qarab shartli ravishda axborat beruvchi, qo’zg’atuvchi va eslatuvchi reklamalar deb ham guruhlarga ajratilishi mumkin.
Ma'lumki, bugungi kunda har qanday korxonaning rivoj topishini kompyuterlashtirishsiz tasavvur qilish qiyin. Shu sababli bugungi kunda kompyuterlashtirilgan reklama ham reklama vositalari sifatida qo’llanilmoqda deyish mumkin. Xorijiy ekspertlarning fikriga ko’ra, yaqin kelajakda kompьyuterlashtirilgan reklamaning boshqa reklamalardan o’zib ketishi kuzatiladi. Bu reklamaning asl mohiyati shundan iboratki, reklama beruvchi korxona muayyan to’lov evaziga kompyuterlashtirilgan reklama axborotining manbalariga, ya'ni ixtisoslashtirilgan kompyuter tizimlarining ma'lumotlar bazasiga o’z korxonalari va tovarlari to’g’risidagi ma'lumotlarni kiritadilar.
Xulosa qilib aytganda, respublikamizda bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida reklama sohasidagi tajribalarni sinchkovlik bilan o’rganib, ijodiy yondashib, ulardan oqilona foydalanish har bir korxonaning barqarorligini ta'minlashda muhim vosita hisoblanadi.