Relyefli payvandlash mashinalari nuqtali mashinalardan stanina va
kronshteynlarining yuqori bikrligi, tepa elektrodli qismining yuqori siljish aniqligi, katta bo’lmagan chiqishi va elektrodlar, moslamalarni mahkamlash uchun T-simon o’yiqlari bo’lgan plitalarning borligi bilan farq qiladi.
Mashinaning siqish mexanizmi yuritmasi, odatda, dumalash podshipniklariga o’tqazilgan, yo’naltiruvchi qurilmali va pnevmatik qilib tayyorlanadi, bu esa yuritmaning dinamik xarakteristikalari yetarlicha yuqori ko’rsatkichlarga erishishini ta’minlaydi.
Avtomobilsozlikda relyefli payvandlash uchun ham, asosan, nuqtali payvandlash ma’romlariga o’xshash qattiq ma’romlar qo’llaniladi.
Chokli payvandlash uchun mashinalar nuqtali payvandlash mashinalaridan elektrodlar konstruksiyalari, ikkilamchi konturda sirpanuvchi kontaktlarning va elektrodlarni aylantiruvchi yuritmalarning borligi bilan farq qiladi (3-rasm).
3 – rasm. Chokli payvandlash mashinasining tashqi ko’rinishi Chokli payvandlash uchun maxsus mashinalarga ko’p rolikli mashinalar kiritiladi, shuningdek, yirik mahsulotlarni payvandlash uchun osma chokli mashinalar ham qo’llaniladi.
Payvandlash ma’romining zarur parametrlarini ta’minlash, talab qilinayotgan sxema siklini berish va b. funksiyalarni bajarish uchun kontaktli mashinalar boshqarish apparaturasi bilan jihozlanadi. Ushbu apparatura yordamida quyidagilar bajariladi: payvandlash tokini berish va to’xtatish, uning kuchini, impuls davomiyligi va shaklini rostlash; payvandlash siklining alohida bosqichlari ketma-ketligini rostlash; payvandlash ma’romi parametrlarini stabillashtirish; elektrodlarning siqish kuchlarini qo’shish, to’xtatish va rostlash; roliklarning aylanish tezliklarini o’zgartirish (chokli mashinalar uchun) va b. Oxirgi paytda keskin murakkablashgan boshqaruv apparaturasi zamonaviy kontaktli payvandlash jihozining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Unga mashinalar samaradorligi, ularning texnologik imkoniyatlari va payvand birikmalar sifati keskin darajada bog’liq bo’ladi.