1-ma’ruza. Kirish. Sitologiyaning predmeti va vazifalari. Hujayra nazariyasi



Yüklə 34,2 Kb.
səhifə3/5
tarix28.11.2023
ölçüsü34,2 Kb.
#169431
1   2   3   4   5
Hujayra nazariyasi
Hujayra nazariyasi mikroskopik texnikaning hujayra haqidagi tasavvurlarni rivojlanishi natijasida paydo bo‘ldi.
Hujayra nazariyasi shakllanishining bir necha bosqichlarini keltirish mumkin. XIX asr boshlaridagi mikroskopik tekshirishlar hujayrani turli obyektlarda to‘liqroq o‘rganilishi bilan xarakterlanadi.
Olimlar elementar birlikni topishga uzoq vaqtlardan buyon harakat qilib keldi, ammo ularning ishlarida aniqlik bo‘lmadi. Nemis tabiatshunosi va naturfilosofi Lorens Oken (1779-1881) bu birlikni hujayra deb bildi. U o‘zining “Naturfilosofiya darsligi” (1809) va boshqa asarlarida hujayra haqidagi tasavvurlarni yuqori pog‘onaga ko‘tardi. U o‘simlik va hayvon to‘qima katakchalari va pufakchalari va erkin yashovchi mikroskopik organizmlar – “infuzoriyalar” ni hujayra deb hisobladi. Uning asarlari nazariy fikrlarni rivojlanishiga va aniq tekshirishlar olib borilishiga katta ta’sir qildi.
Oken fikricha murakkab organizmlar elementar organizmlar yig‘indisidan iborat, ular bir butun organizmning umumiy hayoti bilan yashaydi, shu bilan birga ular nisbatan mustaqil bo‘lib qoladilar. Bu elementar organizmlar ichida suyuq moddani ushlovchi zich qobiqqa ega bo‘lgan pufakchalardir. Ularni mikroskop ostida turli organizmlar to‘qimalarida ko‘rish mumkin. Oken ularni “falsafiy nuqtai nazardan qarab infuzoriyalar ” deb atash mumkin deydi.
Shunga yaqin fikrni fransuz tabiatshunosi J.L.Leklerk Byuffon (1707-1788) ham bergan edi.
Oken juda ko‘p o‘simlik va hayvon to‘qimalarini mikroskop yordamida o‘rgandi. U o‘zining “Naturfilosofiya darsligi” da organizmlarning mikroskopik tuzilishi haqida quyidagi fikrlarni ilgari surdi:
1. Barcha organik dunyo shilimshiqdan kelib chiqqan va ular turli shakllardagi shilimshiqlardir.
2.Dastlabki shilimshiq dengiz shilimshig‘idir.
3.Dastlabki organik boshlang‘ich shilimshiq nuqtadir.
4.Dastlabki organik tanalar pufakchalardir.
5.Dastlabki organik pufakcha filosofik nuqtai nazardan infuzoriyalardir.
6.Organik massa infuzoriyalardan tashkil topgan ekan, butun organik dunyo ham infuzoriyalardan kelib chiqishi kerak.
O‘simlik va hayvonlar infuzoriyalarning metamorfozi – shakl o‘zgarganlaridir. Okenning o‘simlik va hayvonlar tuzilishi haqidagi fikrlarini juda soddaligi va ba’zan to‘g‘ri emasligi mikroskopik texnika va tekshirishlarni rivojlanmaganligidan deb qarash mumkin.
Shunday bo‘lsa ham, uning ishlari keyingi olimlarning bu masalani tabiiy-ilmiy asosda o‘rganishlariga zamin yaratdi, u aslida murakkab organizmlar (ko‘p hujayralilar) ni tuzilish prinsiplarini asoslab berdi.
Oken 1833- yilda “Umumiy tabiiy tarix” asarini yozdi va bunda 1809- yilda ilgari surgan fikrlarini takrorladi. Bu kitobni Shvan yaxshi bilgan edi, ehtimol bu asar uning “Hujayra nazariyasi” ni yaratishiga turtki bo‘lgandir.
Hujayra nazariyasining shakllanishiga hissa qo‘shgan olimlardan biri Peterburg tibbiy–jarrohlik akademiyasining professori P.F.Goryaninovdir. 1834-1847-yillar ichida u o‘zining bir nechta kitoblarini chop etib bu sohaga e’tiborni qaratdi.
Goryaninov ko‘proq botanika sohasida ish olib bordi. U tirik organizmlarning ikki podsholikka bo‘ldi. Birinchisi-shaklsiz yoki molekulyar, ikkinchisi-organik yoki hujayraviy. U o‘zining “Tabiat sistemasi” (1834) asarida “Organik tanalar hujayraviy tuzilishga ega bo‘lib, u hayotning yuqori bosqichi sifatida o‘simliklardan tortib, odamlargacha ko‘rinadi. Organik dunyo-bu avvalambor hujayraviy podsholikdir” deydi. 1843-yilda u “Barcha organik podsholik hujayraviy tuzilishga ega bo‘lgan tanachalardir” degan fikrni aytadi. U hujayrani paydo bo‘lishini quyidagicha tasavvur qiladi. Dastlab kichkinagina birlamchi pufakchani o‘rab olgan shilimshiq donachasi yadroni yoki sitoblastni hosil qiladi, u keyinchalik hujayraga aylanadi. Shu yo‘l bilan sodda tuzilgan tanacha hosil bo‘ladi.
Shunday qilib, Goryaninov hayotning paydo bo‘lishi muammosini hujayraning paydo bo‘lishi bilan bog‘lab, o‘z zamondoshlaridan ancha ilgari ketdi.
Goryaninovning qarashlarida Oken (hujayrani hosil bo‘lishi), Shleyden va Shvanlarning (sitogenezis) hujayra hosil bo‘lishi nazariyalarini birlashganini ko‘rish mumkin. U o‘z fikrini davom ettirib, hujayra paydo bo‘lgandan keyin o‘zini–o‘zi hosil qiladi deb hisoblaydi. 1847-yilda chiqqan asarida hujayra ko‘payishining ikki usulini bayon qildi. Birinchisi-to‘siq (peregorodka) hosil qilish bilan, ikkinchisi-kurtaklanib ko‘payish.
Goryaninov “barcha tiriklik tuxumdan” paydo bo‘lgani uchun, tuxumni ham hujayra deb bilmoq kerak, degan fikrni berdi.
B.M.Kozo-Polyanskiy (1947) va B.Ye.Raykov (1951) lar ta’kidlaganidek Goryaninov nemis olimlaridan ancha ilgari hujayra nazariyasining ba’zi tomonlarini shakllantirdi. Aslida u hujayra nazariyasining asosiy prinsipi bo‘lgan “hujayra tirik mavjudodlarning tuzilishining universal modeli” ekanligini aniq bayon qildi. U “barcha tirik mavjudodlar hujayralardan tashkil topgan va hujayralar hujayralardan hosil bo‘ladi” deb takidladi.
XIX asrning 20-yillarida o‘simlik va hayvon to‘qimalarining mikroskopik tuzilishini fransuz olimlaridan A. Dyutroshe (1776-1847), P.J.Tyurpen (1775-1840) va F.Raspayl (1794-1878) lar o‘rgandilar. Bu olimlar o‘simlik va hayvonlarda ancha keng tarqalgan mikrostrukturalar hujayralardir, ulardan murakkabroq mikroorganlar (tomirlar, tolalar) kelib chiqadi, deb qaradilar.
1824- yilda Dyutroshe “hayvonlarning barcha to‘qimalari, organlari hujayraviy to‘qimalardir”, deb o‘z fikrlarini umumlashtirdi. Bu tezis aslida Shvann shakllantirgan hujayra nazariyasining asosiy tomonlaridan biri edi.
Organizmlarning hujayraviy tuzilishi haqida ko‘p olimlar o‘z fikrlarini bayon qilishgan, jumladan, 1806 – yilda taniqli botanik Lyudolf Treviranus o‘zining “O‘simliklarning ichki tuzilishi va ularda shiraning harakati” asarida yetarlicha aniqlik bilan suv tashuvchi tomirlarni (naycha) hujayralardan rivojlanishini bayon qildi.
Fransua Raspaylning fikrlari ham ancha qiziqarli. U o‘simlik hujayralari bilan hayvon to‘qimalarining pufakchalarini solishtirishga harakat qildi.
Z.S.Katsnelson (1963) barcha bu kuzatishlarni “soxta hujayra nazariyalari” deb atadi, ular hujayra nazariyasining shakllanishiga asos yaratdi. Shuni ta’kidlash kerakki, hayvonlar gistologiyasi bu davrda mavjud edi. “Gistologiya” atamasini taniqli fransuz anatomi Mari Fransua Ksave Bisha (1771-1802) ning shogirdi K.Mayer tomonidan 1819-yilda fanga kiritilgan edi. Bisha (1801) mikroskopsiz ham to‘qimalarni juda yaxshi bilgan va ularni klassifikatsiyalagan edi. U 21 xil to‘qimani farqlay olgan va hayvon organlari ularning turli kombinatsiyasidan hosil bo‘ladi, deb ta’kidlagan.
Hayvonlar gistologiyasi chex olimi Yan Purkine va uning maktabi tomonidan yaratildi. 1837 va 1839 yillarda ilmiy jamiyatlarda u umumlashtiruvchi ma’ruzalar qildi. Unda o‘zining “donachalar nazariyasi” ni bayon qildi. Purkine donachalar deb hujayralarni nazarda tutdi, o‘simlik “hujayra”si bilan hayvonlar “donacha”larini analog (o‘xshash) ekanligi haqida yozdi. Uning faktik dalillari o‘zining aniqligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Hattoki, Shvanni dalillarini ham Purkine maktabi dalillari bilan bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi. Purkine hujayra nazariyasini shakllantirishga juda yaqin keldi. U o‘simlik va hayvon hujayralarini taqqoslay olmagan bo‘lsada, uning hayvonlarning hujayraviy strukturalari haqidagi faktik materiallari tengsiz edi. Purkine hayvon organizmini hujayralardan tuzilganligini asosladi.
Purkine maktabi hujayra nazariyasini shakllantirishga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, uni I.Myuller maktabi amalga oshirdi.
Myullerning shogirdlari qatoriga Ya.Genle, T.Shvann, R.Remak,
K. Lyudvig, A.Kyolliker, V.Valdeyer, R.Virxov, E.Bryukke, E.Dyubua-Reymon, V.Gelmgols va boshqalarni qo‘shish mumkin. Myullerda
I. Pirogov ham o‘qigan, ma’ruzalarida hayvonlarda har xil tajribalar va mikroskopik preparatlar ko‘rsatgani unda juda katta taassurot qoldirdi. Myuller to‘garak og‘izlilarning solishtirma anatomiyasi bilan shug‘ullanar ekan, u mikrostrukturasi jihatidan xorda va o‘simlik hujayralarini o‘xshashligi bor ekanligini aniqladi.
T.Shvann Myullerning laboratoriyasida besh yil ishladi. U meda shirasi fermentini ochib, unga pepsin deb nom berdi.
Shvanning xizmati shundan iborat bo‘ldiki, u hujayra haqidagi tasavvurlarni uning kelib chiqishi bilan bog‘ladi. “O‘simlik va hayvon hujayralari prinsipial jihatdan o‘zaro o‘xshash (gomolog), chunki ular bir xil kelib chiqishga ega ” degan tezisni berdi.
Shvann 1837- yilda Matias Shleydenning ishi bilan tanishdi (hali bosilib chiqmagan), 1838- yilda esa uchta kichikroq maqolalarini e’lon qildi va ularda hujayra nazariyasining asoslarini bayon qildi.
Shunday qilib, hujayralarning kelib chiqishini umumiyligi hujayra nazariyasiga qo‘yilgan fundament bo‘ldi va u biologiyaning keyingi rivojlanishiga katta ta’sir o‘tkazdi.
Neyse shahrida T.Shvanga 1909- yilda haykal o‘rnatildi, shu kuni ilmiy maktabdoshi, do‘sti va yirik olim V.Valdeyer nutq so‘zlab “Biz “hujayra” deb atayotgan mikroskopik mayda strukturalarni Shvann ochgani yo‘q, u faqat bizni uning ahamiyatini tushunishimizni o‘rgatdi”, dedi. Shvangacha bu masala 20-30 yil davomida o‘rganildi, ammo faqat Shvann bu nazariyani ilmiy asoslangan nazariyaga aylantirdi.
M.Shleyden(1804-1881) o‘simliklarning o‘sish jarayonida hujayralarning hosil bo‘lishini o‘rgandi, ammo hujayra nazariyasi bilan shug‘ullanmadi. Shleydenning asosiy xizmati shundaki, u organizmda hujayraning paydo bo‘lish masalasini aniq qo‘ya olganligidadir. Shleydenning eng muhim tasavvurlaridan biri hujayrani organizm deb ataganidir. U “bu mayda o‘ziga xos organizm qanday bo‘ladi” degan savolga javob berishga harakat qilib, o‘zining “hujayra hosil bo‘lishi nazariyasi” (sitogenezis) ni yaratdi. Muhimi shundaki, Shleyden hujayra hosil bo‘lishini uning yadrosini hosil bo‘lishi bilan bog‘ladi.
Shunday qilib, olimlar e’tibori hujayra qobig‘idan uning ichidagi strukturalarga, birinchi navbatda yadroga qaratildi.
Shleyden nazariyasiga ko‘ra hujayraning paydo bo‘lishi quyidagicha amalga oshadi. Tirik massani tashkil qilgan shilimshiqda kichkina yumaloq tanacha hosil bo‘ladi. Uning atrofiga sferik quyuqlashgan donachalar to‘planadi. Bu qism membrana-qobiq bilan o‘raladi, hujayra yadrosi deb ataluvchi yumaloq tanacha hosil bo‘ladi. Buning atrofida o‘z navbatida studenistik donachali massa yig‘iladi va u ham qobiq bilan o‘raladi. Shu bilan hujayraning paydo bo‘lishi yakunlanadi. Shleyden hujayrani sitoblastemadan hosil bo‘lishini umumiy prinsip deb bildi, bu nazariyaning hato ekanligi keyinchalik isbotlandi. Shunga qaramay u katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki, bu hujayraning paydo bo‘lishi, hujayralarning gomologik ekanligi problemasiga olib keldi.
T.Shvann sitogenez nazariyasida, birinchi bo‘lib to‘qima va organlar hujayralarining o‘xshashligini tasdiqlovchi barcha organizmlarning mikroskopik strukturalari rivojlanishining umumiy prinsipi topildi, deb hisobladi. Yuqorida ko‘rdikki, hujayra strukturalarining umumiylik g‘oyasi bir necha olimlar tomonidan ilgari surilgan edi. Lekin, bu fikr aniq shakllanmagan va dalillarga asoslanmagan edi. Bu masala Shvann tomonidan a’lo darajada hal kilindi. U 1839 yilda “Hayvon va o‘simlik strukturalari va o‘sishining mosligi ustidagi mikroskopik tekshirishlar” nomli asarida o‘z nazariyasini bayon qildi.
Shvanning hujayra nazariyasining asosiy tomonlari quyidagilardan iborat: 1) barcha to‘qimalar hujayralardan tashkil topgan; 2) ularni paydo bo‘lishi umumiy prinsipda bo‘ladi. Ammo, Shvann Shleydenning sitogenezis nazariyasini qabul qildi. Faqat Shvann hujayraning hosil bo‘lishi avvaldan mavjud hujayra ichidagina emas, oraliq moddadan ham hosil bo‘lishi mumkin deb hisobladi. Shvanning hujayra nazariyasining 3- qoidasi har bir alohida hujayraning mustaqil hayot kechira olishidan iborat. Shvann organizmning umumiy hayot faoliyati alohida hujayralarning hayot faoliyatining umumiy yig‘indisidan iborat, organizmdan ajratib olingan hujayra yashay olmaydi, deb bildi.
Shunday qilib, Shvanning hujayra nazariyasining uchinchi qoidasini qisqacha “organizmning xossalari alohida hujayralar xossalarining arifmetik yig‘indisidan iborat”, deb aytish mumkin.
Shvann nazariyasi o‘z davrida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi, chunki u organizm tuzilishi g‘oyasini asoslangan holda qo‘yabildi va fanga “hujayra nazariyasi” atamasini kiritdi.
Tez orada, “Hujayra nazariyasi” eng ilg‘or g‘oya sifatida ko‘pchilik tomonidan qabul qilindi va yangi izlanishlarga yo‘l ochdi.
Shvanning organizmlarning mikroskopik tuzilishi haqidagi nazariyasini tan olgan holda, biologiyaning keyingi rivojiga to‘sqinlik qilgan tomonlari borligini ham ko‘rsatish kerak. Birinchidan, Shvann tasavvurida hujayra qobiq bilan o‘ralgan pufakcha yoki bo‘shliqligicha qoldi. U hujayra strukturalariga tavsif berar ekan asosiy e’tiborni hujayra qobig‘iga qaratdi. Bu bilan Shvann o‘zidan oldingi Meyen, Dyutroshe va boshqalarni fikriga qo‘shilgan holda qoldi. Shleydenning sitogenez nazariyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilgani ham hujayra hosil bo‘lish mexanizmini to‘g‘ri ochib bermasligiga sabab bo‘ldi.
Shvanning organizm hujayralarning o‘ziga xos “Davlati” degan fikri ham noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Hujayraning hosil bo‘lishi va sitogenez nazariyasi haqidagi Purkinening shogirdi Gabriel Valentin (1810-1883) ishlariga qisqacha to‘xtalamiz. U o‘zining “Odam va hayvon hujayrasi” (1842) maqolasida barcha tirik mavjudodlarni, birinchi navbatda o‘simliklar tuzilishining asosiy morfologik elementi hujayra ekanligini tan oldi. U hujayra hosil bo‘lishini to‘rt xilini farqlaydi. Ulardan uchtasi sitogenez nazariyasining har xil variantlari bo‘lib, to‘rtinchisi hujayraning bo‘linish yo‘li bilan hosil bo‘lishidir.
Sitogenez nazariyasiga oxirgi zarbani mashhur patolog Rudolf Virxov (1821-1902) berdi. Qayerda yangi hujayra paydo bo‘lsa, u yerda albatta hujayraviy to‘qima bo‘ladi. Virxov hujayra nazariyasining keyingi rivojlanishiga katta ta’sir qildi. U o‘zining patologiyaga oid ishlarida hujayra faqat bo‘linish yo‘li bilan ko‘payishini isbotladi. Uning asosiy asari “Sellyulyar patologiya”(1858), hujayra nazariyasini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan. U hujayra eng tuban morfologik element va ularning to‘plamidan barcha tirik mavjudodlar hosil bo‘ladi, hujayradan tashqarida haqiqiy hayot bo‘lmaydi, deydi.
Shunday qilib, Virxov hujayra uchun bir butunlik xos va uning hayot faoliyati o‘ziga xos deb, alohida ta’kidlaydi.
Virxov fikriga ko‘ra hujayrada sodir bo‘ladigan har qanday jarayon fizik-kimyoviydir. Hujayra tirik birlik bo‘lib, u bir butun bo‘lgandagina shunday bo‘lib qoladi. Bu qarash tubdan yangi fikr edi. Hujayra morfologiyasini bayon qilishda hech qanday yangilik kiritmadi. Hayvon hujayralari o‘simlik hujayralaridan sellyulozali qobig‘i yo‘qligi bilan farqlanishini ko‘rsatib berdi.
Virxov hujayralar doimiy strukturalar bo‘lib, ular faqat bo‘linish yo‘li bilan hosil bo‘ladi, degan fikrni quyidagicha ifodaladi: “har qanday hujayra hujayradan” (Omnis cellula e cellula). Virxov hujayra bo‘linayotgan vaqtda yadroni kuzatib bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Virxov sitogenez nazariyasini yo‘qqa chiqarib, uning o‘rniga hujayraning bo‘linishi, uning yagona ko‘payish usuli ekanini isbotlab “Hujayra nazariyasi ” ni mustahkam asosga qo‘ydi. U har bir individni o‘ziga xos “jamoaviy tuzilish”dan iborat, u organizmda o‘ziga xos ijtimoiy (sotsial) tabiatni shakllantiradi. Organizm hayot faoliyati bir –biriga yaqindan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab sonli mustaqil birliklardan iborat. Bunday birliklar (hujayralar) mustaqil hayotiy faollikka ega, deb yozadi.
Shvanning hujayra nazariyasining keyingi rivojlanishi sifatida ko‘ringan Virxovning tasavvurlari “hujayralar jamoasi” yoki “hujayra davlati” nazariyasi,degan nomni oldi. Virxov shunday qilib, tirikni tuzilishining elementar birligi hujayra ekanini isbotlab berdi. Shuning uchun ham hujayra nazariyasini, ba’zan Shvann-Virxov nazariyasi deb ham ataladi, bu albatta, haqiqat.
Hujayra haqidagi yangi talqinni protsistolog va neyrogistolog Maks Shulse (1861) berdi va hayvonlarning barcha organlarini hujayraviy tuzilishini umumiy ekanligini asoslashga harakat qildi. Shu yili Venali fiziolog va gistolog Ernst Bryukke ham shunga o‘xshash fikrni berdi. Bu ikki olimning ishlari fanning keyingi taraqqiyotini belgilab berdi. Shulsening “Muskul tanachalari haqida va nimani hujayra deb atamoq kerak” (1864) degan asarida hujayraning tuzilishini ta’riflab berdi. Bunga qadarli hujayraning tuzilishini muhim xususiyati uning qobig‘ini borligi degan fikr hukum surar edi. Masalan, Remak maydalanayotgan tuxum blastomerlarini ham qobig‘i borligini isbotlagan edi.
Ammo, Shulse e’tiborni ko‘proq yadroga qaratdi. Yadro cho‘ziluvchan, yarimsuyuq protoplazma bilan o‘ralgan, uning eng chetki qismi gomogen bo‘lib, “hujayra ichida yadro joylashgan protoplazmadan iborat. Barcha hayotiy jarayonlarning substrati (joyi) protoplazmadir. Yadro ham hozircha ma’lum bo‘lmagan ahamiyatga ega” degan fikrni berdi.
Shunday qilib, hujayraga berilgan bunday ta’rifdan so‘ng hujayra qobig‘i haqidagi fikrlar orqaga surildi. Shulse hujayra qobig‘ining bo‘lishi shart emas, chunki protoplazma yetarli darajada quyuq va ilashimli bo‘lgani uchun o‘zini morfologik shaklini saqlay oladi, dedi. Bu bilan u juda katta hatoga yo‘l qo‘ydi.
E.Bryukke o‘zining “Elementar organizm” (1861) nomli asarida hujayra murakkab tuzilgan bo‘ladi, u tirik bilan, o‘likni bir-biridan farqlantiradi, degan fikrni berdi. Bu uning katta xizmatidir. Bryukke hujayrani “elementar organizm” deb atagan bo‘lsa ham, uni hujayra atamasi bilan almashtirishni maqsad qilib qo‘ymadi. Uning fikricha protoplazma faqat gomogenga o‘xshaydi xolos. Tirik mavjudotda juda ko‘p jarayonlar kuzatiladi. Murakkab organizmda turli vazifalarni turli organlar bajargani kabi hujayradagi turli strukturalar ham turli vazifalarni bajaradi, hujayra-bu kichkinagina tirik mavjudotdir deydi.
Bryukkeni protoplazmaning tarkibida mikroskopik strukturalarning bo‘lishi haqidagi g‘oyasi keyingi olimlarning 30-40 yil izlanishlari natijasida tasdig‘ini topdi. Hozirgi zamon elektronmikroskopik va gistologik texnikani qo‘llanilishi protoplazmani Bryukke o‘ylagandan ham murakkab tuzilishga egaligini ko‘rsatdi.
Hujayraning murakkab tuzilgan murakkab organizmga tenglashtirish nuqtai nazar, uning o‘rganishga bo‘lgan umumiy qarashni ham o‘zgartirib yubordi. Gistologiyaning ma’nosi shu vaqtdan e’tiboran elementar organizm (hujayra)larning shakli va vazifasini, shuningdek ularning to‘qima va organlar tarkibida o‘zaro aloqalarini o‘rganishga qaratildi. Bu fikr ayniqsa, fransuz gistologi Jan Batist Karnua (1836-1899) tomonidan aniq shakllandi. U fanga “hujayra biologiyasi” tushunchasini kiritdi va 1884 yilda bosilib chiqqan kitobini ham “hujayra biologiyasi” deb atadi. U G.Treviaratus (1802) va J.B. Lamark tomonidan fanga kiritilgan “biologiya” so‘zi hayotni o‘rganish ma’nosini beradi, chunki hujayra tirik elementar organizm bo‘lgani uchun uning biologiyasini o‘rganish kerak, deb ko‘rsatdi.
Karnua o‘sha zamonda to‘plangan faktik materiallarga asoslanib, hujayra biologiyasining uch yo‘nalishini aniqlab berdi:

  1. umumiy qonuniyatlarni aniqlab beruvchi-umumiy hujayra biologiyasi;

  2. biror guruh organizm hujayralarini qiyosiy o‘rganuvchi-qiyosiy hujayra biologiyasi;

  3. birorta organizm to‘qima va organlari tarkibiga kiruvchi hujayralarni o‘rganuvchi-xususiy hujayra biologiyasi.

Sitologiya va gistologiya fanlarining rivojlanishida O‘zbekiston olimlari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Biokimyo institutida akademik J.X.Hamidov rahbarlik qilgan jamoa tomonidan radiatsiya ta’sirida endokrin bezlar va neyroendokrin sistemalar morfofiziologiyasida bo‘ladigan o‘zgarishlarga oid ilmiy ishlarni zamonaviy usullar yordamida yoritib berildi. Hozirgi vaqtda bu jamoa neyronlarning o‘sishi, rivojlanishi va tabaqalanishida muhim vazifani bajaradigan,nerv o‘sishini ta’minlaydigan omillarni har xil to‘qima va organlardan ajratib olish kabi muammolar bilan shug‘ullanmoqda. So‘nggi yillarda jamoa tomonidan sog‘lom hayvon genini boshqa urug‘langan tuxum hujayraga kiritish, kelajakda irsiy kasalliklarni yo‘qotish, hamda zotli mollarni tanlab olish kabi irsiyat omillari va hujayra injeneriyasi, biotexnologiya va tashqi muhit ta’siriga biologik membranalarning reaksiyasi (1988) kabi muammolari yoritilib berilmoqda. Toshkent davlat tibbiyot Akademiyasi(sobiq institut)da esa akademik K.A.Zufarov rahbarligida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tibbiyot sohasida elektron-mikroskopik, avtoradiografik hamda sitokimyoviy usullari yo‘lga qo‘yildi. Buyrak, meda-ichak sistemasining sitologiyasi, sitokimyosi va elektron mikroskopiyasi K.A.Zufarov jamoasi ishida asosiy o‘rin egallaydi. Endilikda olimlar oldida hujayra biologiyasi, gistologiya va immunologiya hamda biotexnologiya sohasida olib borilishi lozim bo‘lgan ulkan tadqiqotlarni rivojlantirish, molekulyar biologiya, qiyosiy gistologiya, muammolarini yoritib berish turibdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademiklari Yo.X.To‘raqulov va Islombekovlar bo‘qoq bezi hujayralarida yod moddasi yetishmasligidan bo‘qoq kasalligining kelib chiqishini avtoradiografiya usulini qo‘llash orqali isbot qilib berdilar. Ular bu ishlari uchun xalqaro Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar. Shuningdek, Yo.X.To‘raqulov hujayralarning kimyoviy va biokimyoviy tuzilishlari ustida ham bir qancha ishlarni olib bordi (1968,1980).
Shunday qilib, har qanday fanning xarakterlaydigan uchta asosiy belgi-tekshirish ob’ekti, vazifasi va uslubiga ega bo‘lgan sitologiya mustaqil fan bo‘lib shakllandi.



Yüklə 34,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin