Juft so‘zlarning gramatik vazifasi xususida Juft so‘zlar ma’no jihatidan bir-biriga mos kelib, jamlik, umumiylik ma’nolarini ifodalaydi. Juft so‘zlarning har ikki qismi ham bir so‘z turkumiga mansub bo‘ladi: aka-uka, oq-qora, bir-ikki, u-bu, keldi-ketdi, asta-sekin, oh-voh, taq-tuq, bor-yo‘q. Juft so‘zlarning har bir qismi o‘z urg‘usiga ega bo‘ladi.
Juft so‘zlar quyidagi ma’no turlarini bildiradi:
1. Ma’no umumlashadi va kengayadi: qozon-tovoq, qovun-tarvuz. 2. Ma’no umumlashadi: ota-ona, oyoq-qo‘l, aka-yu uka. Juft so‘zlar ma’no jihatdan o‘zaro quyidagicha munosabatda bo‘ladi:
1. Ma’no jihatdan bir-biriga yaqin so‘zlar: zavod-fabrika, ko‘k-yashil, aqlli-dono, arpa-bug‘doy, qo‘l-oyoq, olma-o‘rik, yog‘-go‘sht, pista-bodom, kitob-daftar, olma-anor. 2. Sinonim so‘zlardan: orzu-istak, o‘y-xayol, kuch-quvvat, baxt-saodat. 3. Antonim so‘zlardan: kun-tun, katta-kichik, past-baland, uzoq-yaqin, oq-qora, yaxshi-yomon. 4. Butun va bo‘lak ma’nosini bildirgan so‘zlardan: tog‘-tosh, gap-so‘z, oy-kun, vaqt-soat. Juft so‘z qismlari ma’no ifodalashiga ko‘ra:
1. Har ikki qism ham mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan so‘zlardan: chol-kampir, yaxshi-yomon, besh-o‘n, bordi-keldi, opa-singil, aka-uka, o‘yin-kulgu, asta-sekin, men-sen, yozdi-oldi, oz-ko‘p. 2. Birinchi qismi ma’no bildirib, ikkinchi qismi ma’no bildirmaydigan so‘zlardan: ko‘cha-ko‘y, qari-qartang, temir-tersak, kiyim-kechak, bo‘y-bast. 3. Har ikki qism ham mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan: alg‘ov-dalg‘ov, adi-badi, g‘idi-bidi, taka-puka, ikir-chikir, apoq-chapoq.
Dov-daraxt, qo‘ni-qo‘shni juft so‘zlarida esa birinchi qism ma’no bildirmay, ikkinchi qism ma’no bildiradi.
Juft so‘zlar chiziqcha bilan yoziladi: opa-uka, kecha-yu kunduz, o‘y-u xayol.
Ba’zi juft so‘zlar qismlarining ma’no taraqqiyotini kuzatsak.
Bog‘-rog‘ juft so‘zidagi bog‘ so‘zi mevali daraxtlar, tok va gul bilan band bo‘lgan yer maydoni ma’nosini anglatsa, pog‘ leksik birligi esa fors-tojik tilida chamanzor dala, tog‘ etagidagi o‘simliklar bilan band bo‘lgan ko‘kalamzor joy ma’nosini bildiradi.
Demak, pog‘ so‘zi ham mustaqil ma’noga ega bo‘lgan leksik birlikdir.
Jilvagohing goh bog‘-u goh pog‘, Muftaxir zebolig‘ingdin rog‘-u bog‘. (Alisher Navoiy. «Lison ut-tayr»)
Ko‘cha-ko‘y. Ushbu juft so‘zdagi ko‘cha so‘zining aholi yashaydigan joylarda yo‘lovchilar o‘tib turadigan, transport qatnaydigan yo‘l ma’nosi barchaga ma’lum. Ko‘y leksik birligi ham forstojik tilida xuddi o‘zbek tilidagi kabi ma’noni anglatadi. Alisher Navoiy asarlari tilida ko‘y ko‘cha, mahalla, katta yo‘l ma’nolarida ishlatilgan: Mavlono Muhammad Badaxshiy bosh va oyoq yalang ko‘y-u ko‘cha va bozorda yurur erdi. (Alisher Navoiy. "Majolis un-nafois")
Bola-chaqa, bola-baqra juft so‘zlari. Bu so‘zning birinchi qismi bola hozirgi o‘zbek adabiy tilida yangi tug‘ilgan go‘dak, chaqaloq ma’nosini chaqa mayda pul, tiyin ma’nosini bildiradi. (O‘zbek tilining izohli lug‘ati)
O‘zbek xalq shevalari lug‘atida esa, jumladan, Qashqadaryo shevalarida chaqa so‘zi bola, go‘dak ma’nolarini bildirishi qayd qilingan. Shuningdek, turkman adabiyotida ham chaga, chag‘a – go‘dak, bolani anglatadi. Baqra so‘zi ham o‘zbek shevalarida, uyg‘yp tilining ayrim lahjalarida go‘dak, bola ma’nolarida uchraydi.
Biroq, hozirgi o‘zbek adabiy tilida mazkur so‘zlar o‘zicha mustaqil holda ma’no ifoda etolmaydigan leksik birliklar holiga kelib qolgan.
Kasb-kor juft so‘zi ham o‘ziga xos sir-sinoatga ega. Kasb so‘zi o‘zbek adabiy tiliga arab tilidan kirgan so‘z bo‘lib, ish faoliyatining ma’lum tajriba, tayyorgarlik talab etadigan biror turi, sohasi, hunar kabi ma’nolarni bildiradi. Juft so‘zning kor qismi ham fors-tojik tillarida mustaqil ma’noga ega bo‘lib, aynan kasb so‘zi anglatgan ma’nolarni ifodalab keladi. Lekin o‘zbek adabiy tilida kor bugungi kunda mustaqil ma’noga ega emas.
Murosa-madora, quda-anda, mayda-chuyda kabi juft so‘zlarda ham yuqoridagi kabi holatlarni kuzatish mumkin. Murosa – birbiri bilan til topishuv asosiga qurilgan munosabat, murosaga kelmoq ma’nolarini bildiradi. Madora so‘zi ham arab tilida xuddi shu ma’nolarni anglatadi. Demak, murosa-madora aslida, kelishuv-kelishuv kabi aynan bir-biriga teng ma’noli so‘zlardan tashkil topgan.
Qyda-anda leksik birligi o‘zbek tilining izohli lug‘atida qudalardan birining uzoq-yaqin qarindoshlari deb (ikkinchi qudalarga nisbatan) izohlangan. Anda esa mustaqil leksik birlik sifatida izohlanmagan. Biroq, anda sheva vakillari orasida alohida ma’noga ega. Quda kelinning qaynota va qaynonasini bildirgan. Anda esa kuyovning qaynota va qaynonasini anglatgan. Anda so‘zi o‘zbek adabiy tilida davr o‘tishi bilan mustaqil ma’nosini yo‘qotgan.
Mayda-chuyda. Turli-tuman va mayda; arzimas, ahamiyatsiz; mayda buyumlar, u-bu narsalarni bildiradi. Ammo chuydaning o‘zi mustaqil so‘z sifatida o‘zbek adabiy tili lug‘atlarida berilmagan bo‘lsa-da, ushbu leksik birlik Xorazm viloyatidagi o‘zbek lahjalarida, shuningdek, turkman tilining ota, igdir shevalarida chuyde // chuyda ko‘pinishlarida mavjud bo‘lib, bir turdagi kichik bo‘laklardan iborat bo‘lgan jism, predmet; ahamiyatsiz, arzimas; unchalik katta bo‘lmagan, kichik ma’nolarni bildiradi va mayda leksik birligiga sinonim hisoblanadi.
O‘zbek tilida mavjud bo‘lgan chuyda vaqt o‘tishi bilan o‘zining mustaqil ma’nosini yo‘qotib, mayda-chuyda juft so‘zida saqlanib qolgan1.