Grammatik ma’noni ifodalash vosita va usullari So‘zning biror grammatik ma’no ifodalaydigan ko‘rinishi uning grammatik shakli deyiladi. Grammatik shakl grammatik ma’noni ifodalashning eng zaruriy sharti, tilda ular biri ikkinchisiz mavjud bo‘lmaydi. Masalan, otlardagi ko‘plik ma’nosi – -lar affiksli shakl orqali ifodalanadi: gullar; qaratqich kelishigi ma’nosini -ning affiksli shakl, bo‘lishsizlikni -ma, shart maylni -sa affiksi ko‘rsatadi.
O‘zbek tilida so‘zlar bir grammatik ko‘rsatkichli, ko‘p grammatik ko‘rsatkichli yoki grammatik ko‘rsatkichsiz shaklda bo‘lishi mumkin. Masalan: davlat – grammatik ko‘rsatkichsiz so‘z shakli; davlatlari – bir grammatik ko‘rsatkichli so‘z shakli; davlatlarida – ko‘p grammatik ko‘rsatkichli so‘z shakl.
Ona, onamga, onam uchun, vagon-vagon ko‘mir, dov-daraxt, gapirgani-gapirgan, yurib-yurib.
Hozirgi o‘zbek tilida so‘zlarning grammatik shakllari affikslar, yordamchi so‘zlar vositasida, so‘zlarni juftlash yoki takrorlash orqali hosil qilinadi. SHunga ko‘ra so‘zlarning quyidagi grammatik shakllari farqlanadi:
1. Sintetik shakl. Bunda grammatik ma’no so‘zning negiziga turli shakl yasovchi affikslar vositasida hosil bo‘ladi: -lar, -ning, -ni, -ga, -da, -dan, -m, -ng, -i, -miz, -ngiz, -niki, -gacha, -dagi, -chak, -cha, -loq, -aloq kabi. kitobning, kitobni, kitobga, kitobda; o‘qimoqdaman, o‘qimoqdasan, o‘qimoqdamiz, o‘qimoqdasiz kabi.
2. Analitik shakl. Mazkur shakl yordamchi so‘zlar orqali yuzaga keladi: bolalar uchun, zavq bilan, o‘qib tur, o‘qib ko‘r, g‘aram daftar, o‘nta kitob, qop-qop kartoshka kabi. Daraxt mevasi bilan ko‘rkam, odam – mehnati bilan. 3. Juft va takroriy shakl. Ikki so‘zni juftlash yoki bir so‘zni takrorlash bilan ham grammatik shakl yasaladiki, bunday shakl juft va takroriy shakl deb yuritiladi: tog‘-tosh, katta-kichik juft shakli umumlashtirish ma’nosini, savat-savat (non), qop-qop (paxta) takrorlash shakli ko‘plik, mo‘llik ma’nosini ifodalaydi, katta-katta, tez-tez, aytib-aytib takroriy shakl ma’noni kuchaytirish uchun xizmat qiladi.
4. Suppletivizm. Bu – o‘zaro bog‘langan, ma’lum bir tizimni tashkil qilgan grammatik ma’nolarni ifodalash uchun alohida-alohida so‘zdan foydalanish usuli. Masalan, o‘zbek tilida bir grammatik tizimni hosil qiladigan 1- va 2-shaxs kishilik olmoshlarining birligi men va sen so‘zlari orqali, ko‘pligi biz va siz so‘zlari orqali ifodalanadi.
5. Urg‘u so‘zining grammatik ma’nosini ifoda qilish uchun xizmat qilishi mumkin: akadémik (ot), – akademí́́k (sifat), yangí́ (sifat) – yángi (ravish), termá (sifat) – térma fe’l ning bo‘lishsiz shakli.
6. So‘z tartibi. So‘zlarning gapda oldinma-keyin kelish ham ba’zan grammatik ma’no ifodalashga yordam beradi. Masalan: 1. Ajoyib odamlar. 2. Odamlar ajoyib. Birinchi gapda ajoyib so‘zi otdan oldin kelib sifatlovchi vazifasini, ikkinchi gapda ushbu so‘z otdan keyin kelib kesim vazifasini bajargan.
7. Ohang ham grammatik ma’no ifodalashda katta ahamiyatga ega. Bunda grammatik ma’no so‘zlarning gap sifatida shakllanishi bilan bog‘liq. Masalan: Hamma keldi. (darak gap) – Hamma keldi? (so‘roq gap) – Hamma keldi! (undov gap).
So‘zning biror grammatik ma’no ifodalaydigan ko‘rinishi uning grammatik shakli deyiladi
Shakl yasovchi vositalar (shakl yasovchi qo‘shimcha, shakl yasovchi so‘z (yordamchi so‘z, ko‘makchi fe’l kabi)) nutqqa kiritish uchun so‘zga yangi shakl berganligi sababli grammatik shakl deyiladi. Bu vositani olgan so‘z ham leksemaning grammatik shakli, grammatik shakllangan ko‘rinishi deb yuritiladi.
Grammatik shaklning so‘zga qo‘shilish tartibi. Grammatik vositaning so‘z tarkibidagi tartibi ma’lum qonuniyatga ega, ular ma’lum tartibda joylashadi: so‘z yasovchi qo‘shimcha + lug‘aviy qo‘shimcha + sintaktik qo‘shimcha. Grammatik vositaning joylashishidagi tartib va izchillik uning ma’no va grammatik xususiyati bilan bog‘liq: yangi lug‘aviy ma’no hosil qiluvchi (so‘z yasovchi) vosita birinchi, lug‘aviy ma’noga ta’sir qiluvchi vosita (lug‘aviy shakl yasovchi) ikkinchi va lug‘aviy ma’noga ta’sir qilmaydigan, lekin so‘zni bog‘laydigan, unga ma’lum bir sintaktik vazifa tayin etadigan) vosita uchinchi bo‘lib qo‘shiladi.
Qo‘shimchaning joylashuvidagi me’yoriy holat ba’zan buziladi: opa-lar-im – opa-m-lar, ayt-di-ng-lar – ayt-di-lar-ing kabi. Bunda sintaktik shakl yasovchi lug‘aviy shakl yasovchidan keyin qo‘shilgan. Bu kam uchraydi. Ba’zan lug‘aviy shakl yasovchi so‘z yasovchidan oldin keladi: ko‘r+gaz+ma, isi+t+ma, maqta+n+choq.
«O‘zak+so‘z yasovchi + lug‘aviy shakl + sintaktik shakl» qolipi bir qancha xususiyatga ega. Biz quyida faqat shakl hosil qiluvchi doirasida fikr yuritamiz.
Lug‘aviy shakl hosil qiluvchining odatdagi tartibi:
1) otda: kichraytirish-erkalash+son. Kichraytirish-erkalash shaklining kam qo‘llanadigani ko‘p qo‘llanadiganidan avval keladi: toychoqcha, toyloqcha;
2) sifatda -roq qo‘shimchasi -ish, -imtir qo‘shimchasidan, shuningdek, ravishdosh va sifatdoshga qo‘shilganda ham ularni hosil qiluvchi qo‘shimchadan keyin qo‘shiladi: oqishroq, ko‘kimtirroq, sovinqiraganroq, tortinibroq kabi;
3) sonda: taxmin bildiradigan -cha affiksi «dona» ma’nosini ifodalovchi -ta (urg‘usiz) unsuridan keyin keladi: o‘ntacha kabi;
4) olmoshda: gumon bildiruvchi -dir (urg‘usiz) unsuri, umuman, yuklama tabiatida, hamma turdagi qo‘shimchadan keyin qo‘shiladi: nima-lar-ni-dir...;
5) fe’lda: o‘zlikdan boshqa nisbat ko‘rsatkichi orttirma nisbat qo‘shimchasidan keyin qo‘shiladi: tarqa-til-di, yugur-tir-ish-di, tik-tir-ish-di; fe’lning tarz qo‘shimchasi va kuchaytiruvchisi (chayqa, bura, to‘zg‘i); bo‘lishsizlik qo‘shimchasi (urintirma, chayqatma); zamon qo‘shimchasi; shart mayli qo‘shimchasi va buyruq maylining kuchaytiruvchisi (bordi, boradi, borsa, boray, borgin/borgil), fe’lning xoslangan shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha (bormoq, borgan, borib va boshqa) oxirida qo‘shiladi.
Sintaktik shaklning tartibi:
a) egalik qo‘shimchasi+kelishik qo‘shimchasi: bolamni, o‘qiganimni;
b) munosabat shakli: tasdiq-inkor+zamon/mayl+shaxs+son: o‘qimayapsan.
Hamma turdagi qo‘shimchadan keyin qo‘shimcha tipidagi yuklama qo‘shiladi: o‘qimayapsanmi. Qo‘shimcha qo‘shilishida istisno holat ham bor. Til hodisasining davrga ko‘ra o‘zgarishi, shevaviy farqi va o‘zgarish xususiyati, badiiy talab bilan bog‘liq bo‘ladi. Misol: Bilurlar erdi (Qutb) – bilar edilar, qilmag‘aylarsiz («Boburnoma») – qilmag‘aysizlar, solurlar erdi quloq – quloq solur erdilar.
Bunday tartib o‘zgarishi o‘zida nozik ma’noviy farqni aks ettiradi.
Grammatik shaklning tuzilishiga ko‘ra turi. Grammatik vositaning tuzilishiga ko‘ra turi bir qarashda uning sintetik va analitik turlarining yangicha nomlanishiga o‘xshaydi. Grammatik shakl tuzilishiga ko‘ra sodda yoki murakkab bo‘lishi mumkin. Sodda shakl bir grammatik ko‘rsatkichdan iborat bo‘ladi: kelishik, egalik, kichraytirish, nisbat shakli. Murakkab shakl bir necha ko‘rsatkichdan iborat bo‘ladi: uydagi, aytib qo‘ydi, shuning uchun. O‘zbek tilida „hurmat“ ma’nosi ko‘plik qo‘shimchasi egalik shakli bilan birga bo‘lganda ifodalanadi. Dadamlar keldilar. Bunda u murakkab shakl hisoblanadi. Ko‘makchilarning kelishiklar bilan kelishi ham murakkab shakl hisoblanishi lozim.
Grammatik shakllarda ortiqlik va tejam. Bir so‘zda ma’nosi bir xil yoki yaqin bo‘lgan qo‘shimchaning takrorlanishi qo‘shimcha ortiqchaligi deyiladi. Bu bir necha ko‘rinishga ega. Mas., bir qo‘shimchaning aynan o‘zi yoki ma’nodosh qo‘shimcha takrorlanadi: takrorlangan bu qo‘shimcha: a) zich holda (ayting+iz+lar) ham; b) ajralgan holda ham bo‘lishi (ish+da+lig+im+da) mumkin.
Qo‘shimcha ortiqligi har xil sababga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Bir qo‘shimcha o‘zak bilan juda ham zichlashib, o‘zakning tarkibiga singib ketadi, bunda o‘zak mustaqilligidan mahrum bo‘ladi, natijada so‘zga shu qo‘shimchaning ma’nodoshidan biri qo‘shilishi mumkin, qo‘shimcha arxaiklashib, undan keyin tildagi iste’molda bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shiladi (ich+kari+ga, tash+qari+ga, na+ri+ga, be+ri+ga, bar+i+si kabi). Takrorlanayotgan sinonim qo‘shimchaning barchasi «tirik» bo‘lsa, ular ta’kid, kuchaytirish kabi uslubiy vazifani o‘z zimmasiga oladi (sizlar aytingizlar kabi). Boshqa tildan kirgan qo‘shimcha tushunarli va keng iste’molli bo‘lmaganda ham uning tilimizdagi ma’nodoshi qo‘llanadi (yor+on+lar kabi). Qo‘shimcha qo‘shilishi natijasidagi tovush o‘zgarishi ham ma’nodosh qo‘shimchaning qo‘shilishiga sabab bo‘ladi: yarm+i+si, kich+kina+gina, u+n+i+si, anavi+n+i+si, qay+si+n+i+si, singl+i+si, toy+choq+cha kabi.
Ortiqchalik aksar holda til rivoji bilan bog‘liq. Masalan:
Ot va sifat yasovchi -lik qo‘shimchasi farqlanib, vazifasi ajralgandan keyin (mas., -li sifat yasaydi, -lik ot yasaydigan bo‘lgan) ular ketma-ket qo‘llanadigan bo‘lgan: aqllilik, ifodalilik, bilimlilik.
Og‘zaki so‘zlashuv nutqida ba’zan uchrab qoladigan mashshoqchi, xodimchi kabi so‘zda «bajaruvchi» ma’nosi ikki marta ifodalangan: so‘z ma’nosi (arab tilida mashshoq – mashq qiluvchi shaxs, xodim – xizmat qiladigan shaxs) va -chi qo‘shimchasi orqali.
Bir xil ma’nodagi ikki qo‘shimcha qo‘shma qo‘shimcha maqomini oladi: yog‘ingarchilik, namgarchilik, rasvogarchilik kabi.
Kelishik va egalik qo‘shimchasining ikki marta ifodalanishi (kitobni uch so‘mdanga oldi, romanning so‘zboshisi) ham ortiqchalikning o‘ziga xos ko‘rinishi.
Bir qo‘shimchaning o‘zi takrorlanganda, ko‘pincha u fonetik variantning qator kelishi tusida bo‘ladi (fonetik, uslubiy qulaylik): qistalang (-ta, -la), shoshilinch (-l, -n), tiqilinch (-l, -n) kabi.
Tejam – ortiqchalikning ziddi. Tildagi tejam til birligini qisqartirish, tushirib qoldirish orqali ketadigan vaqtni kamaytirish, tildagi ortiqchalikni bartaraf etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Opkeng (olib keling), buyam (bu ham), qong (qoling) kabi hodisa bunga misol bo‘ladi. Tejamning fonetik, morfologik ko‘rinishi mavjud. Morfologik tejam asosida fonetik tejam yotadi. Yirik – irik, yigit – igit, yiroq – iroq qisqaruvi fonetik tejamga misol. Olib ber – ober, bizim – bizning, sizing – sizning – morfologik qisqaruvga misol. Bu tejalish nutqiy qisqaruvga ham misol. Chunki, mas., sizing so‘zshaklidagi -ing tilda -ning shaklida yashaydi.
Tejam nutqiy aloqani osonlashtirishga xizmat qiladi, biroq axborot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.