Mehnat qo’shiqlari faqat mehnat jarayonida: qo’sh haydashda, hosil ko’tarishda, paxta terimida, charx yigirishda, ov qilish vaqtida, meva terishda va boshqa vaqtlarda aytiladi. Bu qo’shiqlarda inson kechinmalari, mehnat, ish turi, tabiat hodisalariga qiyos etilib ifodalangan.
Allalar onalarning jigarband farzandlariga qilgan hasratlaridir. Qadimda allalar inson mexr-muxabbati bilan siynasi to’la onalarning orzu-umid sadolari, vafosiz, zolim erlarga, jafokor zamonga, toshmehr ota-onaga bildirilgan g’azab va noroziliklardan iborat bo’lgan. Ularga katta qalin badaliga sotiladigan qiz, cho’ri, kanizak, sevgilisidan zulm bilan ajratilgan ma’shuqaning nola-faryodlari eshitilardi. Hozirgi allalar esa butunlay boshqacha zamonaviy mazmun kasb etadi.
Allalar onalar, buvilar, opalar, xotin-qizlar tomonidan bola uxlatish paytlarida aytiladi. Allalarning boshqa qo’shiqlardan farqi shuki, u qachon bo’lmasin, go’daklar bor xonadonda aytilaveradi.
Laparlar esa boshqa qo’shiqlardan voqeabandligi, raqibbop kuyga ega bo’lishi hamda dialog shaklida ikki qo’shiqchi tomonidan ijro etilishi bilan ajralib turadi. Laparlarning matnlari asosan ishk-muxabbat, hazil, ro’zg’ordagi totuvsizlik, ota-onalarning farzanddari bilan bo’lgan munosabatlari ba’zan yengil, ba’zan achchiq kulgi asosida tashkil topgan bo’ladi. Lapar qo’shiq sifatida asosan kichik diapazonli, shakl to’zilishi jihatidan ikki qismli tuzilishga ega.
Laparlarning musiqiy poetik asoslarining ko’pgina belgilari qo’shiq uchun ham (garchand qo’shiq naqarotli bo’lsa ham) bir xildir.
Termalar dostonchi shoir, jirov, baxshi, sozanda, sannovchilar tomonidan to’y - hashamlarda, sayr-sayoxat, sayillarda, umuman ko’pchilik aytilgan joylarda ijro etilgan, turli mavzudagi she’riy parchalardan iborat. Odatda, doston ijrosidan oldin to’plangan xalqning diqqat-e’tiborini tortish, aytuvchi va tinglovchida kayfiyat tug’dirish uchun terma aytiladi. Termalar mavzu jihatidan xilma-xildir. Lekin ularning aksariyatini dunyoning achchiq-chuchugi, baland-pasti, yaxshi-yomoni haqida kuylab mardlikka, adolatga, to’g’rilikka chaqirish ohangidagi didaktik xarakterdagi qo’shiqlar tashkil etadi. Termalar o’z ko’yining ma’lum darajada rechitativligi, tor diapazoni va ixcham shakli bilan ajralib turadi.
Qo’shiq – janr sifatida nisbatan kichik diapazonli kuydan tashkil topgan barmok vaznidagi mustaqil to’rtliklardan iborat. Ayni vaqtda, har bir she’riy misraga tugal melodik to’zilma moslashtirilgan bo’ladi.
Qo’shiq juda keng tarqalgan janrlardan biri bo’lib, o’z mazmunining xilma-xilligi, ko’p qirraligi bilan alohida ajralib turadi. Qo’shiq kuylari uchun ritmning ravonligi va aniqligi xarakterlidir.
Qo’shiqda har bir misradan so’ng yoki har bir banddan, yoxud uning yarmidan keyin takrorlanib keladigan naqarotlar xarakterlidir. Qo’shiqka xos musiqali poetik xususiyatlarning ko’pgina belgilari lapar uchun ham xosdir.
Dostları ilə paylaş: |