1-mashg’ulot: Kirish
Odam anatomiyasi, fiziologiyasi va gigienasi zamonaviy tibbiyotning asosini tashkil etadi. Bu fanlarning rivojlanib borishi inson organizmidagi hayot uchun muhim a‘zolarning buzilgan faoliyatini davolashning samarali uslubini ishlab chiqish va yuqumli kasalliklarga qarshi ta‘sirchan kurash olib borishda tibbiyotga yordam beradi. Inson organizmining tuzilishi va funksiyalarini bilish har bir kishiga ilmiy asoslangan shaxsiy va jamoat gigienasi qoidalariga ongli ravishda rioya qilish, turli kasalliklarning oldini olish va sog‘-salomat, jismonan baquvvat bo‘lib yurish imkonini beradi.
Odam anatomiyasi – inson organizmi, a‘zolari va ularni hosil qiladigan to‘qimalarning tuzilishi va shaklini odamning yoshi, jinsiy hamda individual xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘rganadigan fandir. Bu fan odam a‘zolarining shakli, tuzilishi bilan funksiyalari va umuman tana tuzilishi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishni aniqlab beradi.
Odam fiziologiyasi – hujayralar, to‘qimalar, a‘zolar, a‘zolar sistemalari va yaxlit bir butun odam organizmidagi hayot – faoliyat jarayonlari funksiyalarini va bularni idora qiladigan mexanizmlarni o‘rganuvchi fandir.
Odam gigienasi – atrof-muhitning turli omillari hamda ishlab chiqarish faoliyatining inson salomatligiga, uning ish qobiliyatiga, umrining uzoqliligiga ko‘rsatadigan ta‘sirini o‘rganuvchi fandir.
Jahon ilmiy tafakkuri rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Ali ibn Sino qoldirgan ilmiy meros haqida birmuncha batafsil ma‘lumotga ega bo‘lish kerak. U o‘zidan oldin o‘tgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur o‘rganish bilan birga, qadimgi yunon tibbiy-ilmiy va falsafiy merosini, xususan, Aristotel, Evklit, Ptolomey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriy kabilarning asarlarini ham qunt bilan o‘rgandi. Buning natijasida u 16-17 yoshidayoq mashhur tabib-hakim bo‘libtaniladi.
Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fittibb (”Tib qonunlari”) kitobi beshta katta kitobdan iborat bo‘lib, 1956 va 1962 yillarda rus va o‘zbek tillarida to‘liq nashr etilgan. Bu kitoblarda odam anatomiyasi, fiziologiyasi va gigienasi kabi tibbiyotning nazariy fanlariga hamda ichki kasalliklar, jarrohlik, dorishunoslik, yuqumli kasalliklarga taalluqli bilimlar bayon etilgan.