Ibn Sino turli yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishida ifloslangan suv va havoning roli katta ekanini uqtirib, suvni qaynatib yoki filtrlab iste’mol qilishni tavsiya etgan. U tashqi muhitdagi turli tabiiy narsalar, havo, suv orqali kasallik tarqatuvchi ko‘zga ko‘rinmaydigan “mayda hayvonlar”, ya’ni mikroblar haqidagi fikrni aytgan.
2-mashg’ulot: Xujayralarning tuzilishi
Hujayra- barcha tirik organizmlarning o‘zidan ko‘payish va o‘zini boshqarish xususiyatlariga ega struktura-funksional birligi; elementar tirik tizim. Har bir hujayra ikki asosiy qism: yadro va sitoplazmadan tashkil topadi. Sitoplazmada hujayraning barcha organoidlari joylashgan bo‘ladi. Yadroning tuzilishi va tarkibi murakkab bo‘ladi.
Sitoplazma bilan yadro tirik hujayraning eng muhim qismidir. Hujayraning barcha tarkibiy qismlari anorganik va organik moddalardan tashkil topgan. Hujayra tarkibida fosfor, oltingugurt, kalsiy, kaliy, natriy, xlor, temir, magniy, kremniy kabi makroelementlar va yod, mis, rux, kobolt, nikel, oltin kabi mikroelementlar bo‘ladi. Hujayra tarkibining 70% dan ko‘prog‘ini suv tashkil qiladi.
Hujayra tarkibidagi organik moddalardan oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, nuklein kislotalar kiradi.
Hujayra yadrosida ipsimon hosilalar bo‘lib, ular xromasomalar deb ataladi. Odam tanasi hujayralarining yadrosida (jinsiy hujayralardan tashqari) 46 tadan xromosoma bo‘ladi. Bu xromosomalar organizmning ota-onadan naslga o‘tadigan irsiy boshlang‘ichlarini tashuvchi hisoblanadi.
Hujayraning ko‘payishi odam organizmining eng myhim hayotiy jarayoni bo‘lib, buning natijasida yosh organizmning o‘sishi va rivojlanishi hamda eskirgan hujayralarning yangilanib turishi ta’minlanadi.
Hujayra ikki xil usulda; amitoz va mitoz (oddiy va murakkab yo‘l) bilan ko‘payadi.
3-mashg’ulot: To’qimalar
To‘qima-kelib chiqishi, tuzilishi va strukturasi, funksiyasi o‘xshash bo‘lgan hujayralar yig‘indisi. Odam organizmiga to‘rt xil; epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalari bo‘ladi. Har bir to‘qima va a’zoning hujayralari maxsus vazifa bajarishga moslashgan. Masalan, bezlarning hujayrasi ferment yoki garmon ishlab chiqaradi. Miyaning nerv hujayralari ta’sirni qabul qilish, ularni analiz va sintez qilish, ishchi a’zolarini harakatlantirish kabi vazifalarni bajaradi.
Epiteliy to‘qimasi terining ustki yuzasini, ovqat hazm qilish, nafas olish, ayiruv a’zolari kabilarining ichki yuzasini qoplab turadi. Epiteriy to‘qimasi rasmda ko‘rsatilganidek joylashishi, bajaradigan vazifasi tuzilishiga ko‘ra bir necha xil bo‘ladi.