1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
Globallashuvning ma’naviyatga salbiy ta’siriga qarshi kurash omillari va vositalari. “Ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashda ulug‘ ajdodlarimiz o‘z davrida komil inson haqida butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanliklarini eslash o‘rinli. Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg‘u va tushunchalar bu kodeksning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi...
Yosh avlodimizni turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish haqida gapirganda, nafaqat xalqimizni ulug‘laydigan buyuk xususiyatlar, ayni paytda uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, eski zamonlardan qolib kelayotgan noma’qul odatlar haqida ham ochiq so‘z yuritishimiz zarur. Birinchi navbatda xudbinlik va loqaydlik, qarindosh-urug‘chilik va mahalliychilik, korrupsiya va manfaatparastlik, boshqalarni mensimaslik kabi illatlardan jamiyatimizni butunlay xalos etish to‘g‘risida o‘ylashimiz lozim. Men bu o‘ta muhim vazifa keng jamoatchiligimizning, ayniqsa, ziyolilarimiz, olim va adiblarimiz, san’at va madaniyat ahli, o‘zini ma’naviyat sohasiga bag‘ishlagan barcha insonlarning doimiy diqqat markazida bo‘lishini istardim...
Ma’naviy hayotimizga jiddiy xavf soladigan yana bir illat haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Shaxsan o‘zim bu illatdan jirkanaman. Shu illatga chalingan odamni ko‘rarga ko‘zim yo‘q. Bu - sotqinlikdir. Men har qanday yovuzlikni sotqinlikdan ko‘raman. Ezgulik va haqiqatga sadoqati bo‘lmagan, ularga ishonmagan odam qo‘rqinchlidir. Tabiatida sotqinlik xususiyati bo‘lgan odam rahbarlik kursisiga o‘tirib qolsa bormi, u erda osoyishtalik yo‘qoldi, deyavering. Ikkita odamning, ikkita mamlakatning o‘rtasidagi urushni ham aynan shunday odamlar boshlab beradi. Shu bois bunday odamlardan ogoh bo‘lishimiz, ularga yonimizda o‘rin bo‘lmasligi lozim. Agar tevarak-atrofimizdagi birorta kishida shunday alomatlar sezilayotgan bo‘lsa, ularni darhol tarbiyamizga olib, to‘g‘ri yo‘lga boshlashimiz kerak.