Muammo shundaki, agar mavjud resurslardan bugungi avlod foydalanadigan bo‘lsa, kelajak avlod qanday hayot kechiradi, ularga nimalar qoladi? O‘zlashtirishlarning jadallashuvi mavjud resurslarni tez tugashiga olib kelishini hisobga olsak, kelajak insoniyatning hayot kechirish muhlati qisqarib, hozirgi zamon sivilizatsiyasi barbod bo‘lmaydimi?
Muammo: insoniyatning yashash muhlatini (ya’ni hozirgi sivilizatsiyani) saqlab qolish yoki umrini uzaytirish uchun nima qilish kerak? Masalan,
1) globallashuv jarayoniga qarshi turish kerakmi? Umuman, bu jarayonni to‘xtatish mumkinmi?
2) millatning intellektual salohiyatini mustahkamlash yo‘li bilan globallashuv jarayonini to‘xtatib bo‘ladimi?
3) milliy-ma’naviy immunitetni mustahkamlash globallashuvga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin?
4) globallashuv jarayonida “iste’molchi” emas, balki barcha jarayonlarda tenglar ichida teng darajada ishtirok etish uning ta’siridan himoyalanish imkoniyatini beradimi? YA’ni o‘zining yuksak salohiyati bilan o‘z o‘rniga ega bo‘lish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi imkoniyatlarini “eksport” qilish darajasiga ko‘tarilishi lozim.
Aks holda, globallashuv ta’sirida yuksak taraqqiy qilgan mamlakatlar taraqqiy qilayotgan va kam rivojlangan mamlakatlarni “yutib” yuborishlari mumkin.
3.Globallashuvning ma’naviyatga tahdidi. “Ma’naviy tahdid -o‘zligimiz va kelajagimizga tahdid. Bugungi kunda xalqaro maydonda turli siyosiy kuchlar o‘zining milliy va strategik rejalariga erishish uchun «Erkinlik va demokratiyani olg‘a siljitish» niqobi ostida amalga oshirayottan, uzoqni ko‘zlagan siyosatning asl mohiyati va maqsadlarini o‘z vaqtida sezish, anglash katta ahamiyat kasb etadi.
Biz yurtimizda yangi O’zbekiston strategiya asoslarini barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e’tibor berishimiz zarur. «Ommaviy madaniyat» degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
Yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-televidenie, matbuot, Internet kabi vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Nega deganda, biz yurtimizda ochiq va erkin demokratik jamiyat qurish vazifasini o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.
Binobarin, biz davlatimiz kelajagini o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolgan holda emas, balki umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o‘zlashtirgan holda tasavvur etamiz. Biz istiqbolimizni taraqqiy topgan mamlakatlar tajribasidan foydalanib, davlat va jamiyat boshqaruvini erkinlashtirish, inson xuquq va erkinliklarini, fikrlar rang-barangligini o‘z hayotimizga yanada kengroq joriy qilishda ko‘ramiz. Biz butun ma’rifatli dunyo, xalqaro hamjamiyat bilan tinch-totuv, erkin va farovon hayot kechirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish tarafdorimiz.