Mazmun va shakl. Falsafada mazmun va shakl kategoriyasi narsa, hodisalarning mavjudligi va rivojlanish jarayonini bilish usuli sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazmun - narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishi bo‘lib, uni boshqa sistemalardan farqini belgilaydigan aloqadorliklar va munosabatlarini ifodalaydi.
Shakl esa – sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari, aloqadorliklari, munosabatlarining ifodalanishidir. Hozirgacha falsafiy adabiyotlarda mazmun va shakl o‘rtasidagi bog‘lanishlarni bir-biridan ajratib tahlil qilish an’anaviy harakterga ega. YA’ni, mazmunning o‘zgarishi shaklning o‘zgarishiga olib keladi, degan xulosa ustuvor bo‘lgan. Sistemaning elementlari strukturaviy bog‘lanishlarsiz, aloqadorliklarsiz mavjud bo‘lish mumkin bo‘lmaganligidek mazmun va shakl ham bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Biz faqat nisbatan mustaqil bo‘lgan mazmun va shaklni bilish xususiyatiga qarab, shunday mantiqiy xulosaga kelishimiz mumkin.Boshqacha qilib aytganda, mazmun va shakldagi har qanday jo‘z’iy o‘zgarish ham bir-biridagi o‘zgarishlarni taqozo qiladi, faqatgina biz ularni bilib olgan yoki bilmagan bo‘lishimiz mumkin. Masalan,suvning agregat holati, shakli o‘zgarishi bilan uning mazmuni ham o‘zgaradi. YA’ni, suv bug‘ holatida chanqoqni qondirmaydi, o‘simliklarni sug‘orish uchun yaramaydi. Bundan tashqari, elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari sistemaning harakterini belgilashidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, strukturaviy bog‘lanishlar shakl sifatida sistemaning mazmunini ham belgilab turadi. Shunga ko‘ra, shaklni mazmunga nisbatan «ikkilamchi» deyish noo‘rindir. Bunga ijtimoiy hayotdan misol keltiradigan bo‘lsak, demokratiya boshqarishning shakli sifatida jamiyatning mazmunini belgilab turadi. Falsafada mazmun va shakl kategoriyasini boshqa kategoriyalar tizimidan ajratib olib, nisbatan mustaqil tahlil qilganda, unga insonlarning muayyan manfaatlar va ehtiyojlar asosida yondashishlarini alohida e’tiborga olish kerak. Bu umuman mazmun va shaklning ob’ektiv harakteriga putur etkaza olmasa ham, ularni baholashdagi sub’ektiv, muqobil qarashlarda o‘z ifodasini topadi.