Dialektika (tafakkur metodini narsa va hodisalarni o‘zaro bog‘liqlikda va rivojlanishda deb qarovchi)yoki metafizika (tafakkur metodini narsa va hodisalar umumiy bog‘liqlikdan tashqarida, o‘z-o‘zidan sifat jihatidan rivojlanmaydi deb qarovchi) mavqeiga ega faylasuflar ham farqlanadi.
Falsafiy yo‘nalishlar asosiy mavzusi bo‘yicha nisbatan tor ixtisoslashishga, masalan, gnoseologiya, antropologiya, aksiologiya, ontologiya muammolari kabilarga mo‘ljallangan oqim va maktablarga bo‘linadi. Masalan, «lingvistik falsafa» tabiiy tilni tahlil qilishga (J.Ostin, J.Uizdom, P.Stroson), «texnika falsafasi» hozirgi dunyodagi texnika fenomeniga (A.Xuning, F.Rapp), «istoritsizm» maktabi esa (V. Diltey, R. Kollingvud) tarixiy bilim muammolariga yo‘naltirilgan va hokazolar.
Falsafiy yo‘nalishlar klassik merosga munosabat bo‘yicha ilgarigi klassik tizim g‘oyalarini tiklab, rivojlantirishga yo‘naltirilgan neoklassik oqim (neokantchilik, neotomizm, neoxegelchilik va boshqalar), ularni to‘liq qaytadan ko‘rib chiqish va ularni rad etishga asoslangan antiklassik oqim (pozitivizm, nitssheanchilik, tasavvuf) va tanqidni sintezlash va klassik meros an’analarini davom ettirishga yo‘naltirilgan neoklassik oqim (marksizm, ekzistensializm va boshqalar)ga bo‘linadi.
6. O‘zbekistonning mustaqillikni qo‘lga kiritganligi, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar faylasuflar oldiga zaruriy ravishda yangi muammolarni qo‘ymoqda.
Milliy mustaqillik g‘oyasini va yangi mafkurani shakllantirish bilan bog‘liq ravishda O‘zbekiston faylasuflari oldida muhim vazifalar ko‘ndalang bo‘lmoqda. O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi jihatlarini tadqiq qilishni davom ettirish hozirgi zamon talabidir. Falsafa O‘zbekistonda yashovchi xalqlarning milliy xususiyatlari va yashash tarzining o‘ziga xosligini, mintaqada vujudga kelgan muayyan-tarixiy sharoitni hisobga olgan holda umumiy tushunchalar, insoniyat taraqqiyotining umumiy mantig‘i, ijtimoiy-siyosiy guruhlar, u yoki bu siyosiy g‘oyalar va davlatlarning amaliy faoliyatlaridan kelib chiqib tanqidiy ravishda idrok etishi lozim.
Ijtimoiy borliqning hozirgi zamondagi tub masalalarini, jumladan: birlamchilik nuqtayi nazaridan yangi qurilayotgan jamiyatda shaxs manfaatlari bilan davlat manfaatlarini o‘zaro munosabatini jiddiy nazariy tadqiq qilish kutilmoqda. Falsafiy tadqiqotlarning muammoviy maydonini yanada kengaytirish vazifasi ko‘ndalang turibdi. Hozircha respublikada qadriyatshunoslik, falsafiy antropologiya, din falsafasi, texnika falsafasi, komparativtika falsafasi va hokazolarga bag‘ishlangan jiddiy tadqiqottlar kam. Afsuski, hozirgacha respublikamizning dunyo falsafiy jamiyatidan ajralib qolganligi saqlanib, falsafiy aloqalar G‘arb mamlakatlari va sharq davlatlari olimlari orasida ham, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan ham zaifdir. Shuningdek, mumtoz va zamonaviy falsafiy adabiyotni o‘zbek tiliga hamda vatanimizning eng yaxshi falsafiy tadqiqotlarini chet tillarga3 tarjima qilishning aniq maqsadga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish muhimdir.
Mustaqillik yillarida respublikada «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun» va «Kadrlar tayyorlash bo’yicha milliy dastur» doirasida oliy o‘quv yurtlarida falsafiy fanlarni o‘qitishning mazmuni tubdan o‘zgardi. Yangi darslik adabiyotlar nashr etilmoqda4.
Respublika olimlari jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy taraqqiyotining hozirgi bosqichi talablariga muvofiq keladigan yangi avlod darsliklarini vujudga keltirishga kirishdilar. Biroq ko‘p hollarda falsafani o‘qitish ma’lum darajada soddalashtirilgan qoliplarda qolib ketmoqda. Zamon taqozosiga ko‘ra, falsafa o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirish, o‘qitish uslub va vositalarini takomillashtirish yo‘li bilan asosiy maqsadga erishish, ya’ni jahon falsafiy tafakkurini barcha tub mohiyatini har bir talabaga yetkazib, ularni mulohaza yuritishga o‘rgatish imkoniyatini vujudga keltirishdir. Zamonamizning bu va boshqa dolzarb masalalari o‘zining ahamiyati jihatidan mamlakatimiz faylasuflaridan kasbiy va fuqarolik mas’uliyatini talab qiladi.